«Jarima maydonchasi» tizimi Soliq qo‘mitasi bilan integratsiya qilinib, maydonchalarda kameralar o‘rnatiladi, talablarni buzgan operatorlar uchun neustoyka va shartnomani bekor qilish choralari belgilandi.

O‘zbekistonda ushlangan transport vositalarini jarima maydonchalaridan olib chiqish tartibi raqamlashtiriladi. Bu Vazirlar Mahkamasining 2-iyuldagi qarorida nazarda tutilgan.

Qarorga muvofiq, 2026-yil 1-avgustdan boshlab transport vositalarini saqlash joylaridan chiqarish uchun ruxsatnoma faqat ma’muriy ishni ko‘rib chiquvchi organ (mansabdor shaxs) yoki ijro organi tomonidan «Jarima maydonchasi» axborot tizimida QR kod bilan tasdiqlanib, elektron shaklda yuboriladi.

Hujjatga ko‘ra, Ichki ishlar vazirligi ikki oy muddatda «Jarima maydonchasi» axborot tizimini Soliq qo‘mitasining axborot tizimlari bilan «Elektron hukumat» tizimining idoralararo integratsiyalashuv platformasi orqali integratsiya qilishi lozim.

Buning natijasida jarima maydonchalari xizmatini ko‘rsatuvchi yuridik shaxslar haqidagi ma’lumotlar, jumladan ularning nomi, STIRi va manzili, shuningdek, ushlangan transport vositasining markasi, davlat raqami, maydonchaga kiritilgan va chiqarilgan vaqti hamda undirilgan to‘lovlar soliq organlarining axborot tizimida avtomatik shakllantiriladi.

Shuningdek, IIV mazkur o‘zgarishlardan kelib chiqib, qonunbuzarlik uchun ushlangan transport vositalarini saqlash xizmatini ko‘rsatuvchi yuridik shaxslar bilan qo‘shimcha shartnomalar tuzishi hamda «Jarima maydonchasi» axborot tizimini boshqa davlat organlari va tashkilotlarining axborot tizimlari bilan integratsiya qilib, uni takomillashtirishi belgilangan.

Qarorda bozorlar hududidagi avtoturargohlar faoliyatiga oid qator yangi talablar ham belgilangan. Xususan, Markaziy bank va Soliq qo‘mitasi uch oy muddatda bozorlar hududi va ularga tutash avtotransport vositalarini vaqtincha saqlash joylarida to‘lovlarni yagona QR kod orqali amalga oshirish imkoniyatini yaratishi kerak.

Bundan tashqari, bozorlar va savdo komplekslarida avtomototransport vositalarini doimiy va vaqtincha saqlash xizmatini ko‘rsatuvchi tadbirkorlik subyektlari elektron shlagbaum yoki transport vositalari kirish-chiqishini cheklovchi boshqa qurilmalarni soliq organlarining axborot tizimlariga integratsiya qilishi shart bo‘ladi. Bu talab bajarilmagan taqdirda Soliq kodeksiga muvofiq jarima qo‘llanadi.

Shuningdek, qaror bilan Vazirlar Mahkamasining 2011-yil 25-mayda qabul qilingan, qonun hujjatlari buzilganligi uchun ushlangan transport vositalarini jarima maydonchalariga olib kelish, joylashtirish va saqlash tartibini belgilovchi 149-son qaroriga ham o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilmoqda.

Unga ko‘ra, transport vositasini ushlab turishga asos bo‘lgan sabablar to‘liq bartaraf etilmasdan turib uni jarima maydonchasidan chiqarish yoki undan noqonuniy foydalanish holatlarining oldini olish maqsadida nazorat foto va videoqayd etish vositalari hamda Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati xodimlari tomonidan joyiga chiqqan holda amalga oshiriladi.

Bundan tashqari, ushlangan transport vositalarining hisobini, ularni olib kelish va saqlash bo‘yicha ko‘rsatilgan xizmatlar soni va undirilgan to‘lovlarni «Jarima maydonchasi» axborot tizimi orqali yuritmaslik, shuningdek, transport vositasini ushlab turish sabablari bartaraf etilmasdan turib uni chiqarib yuborish yoki undan noqonuniy foydalanish uchun shartnomada bazaviy hisoblash miqdorining 20 baravari (8,24 mln so‘m) miqdorida neustoyka nazarda tutiladi. Agar bunday holatlar bir yil ichida takroran sodir etilsa, bu shartnomani bekor qilish uchun asos bo‘ladi.

Shuningdek, jarima maydonchalariga olib kelingan transport vositalarining kirish-chiqishi «Jarima maydonchasi» axborot tizimi orqali nazorat qilinadi, maydonchalar davlat raqam belgilarini avtomatik aniqlaydigan kamera va boshqa texnik vositalar bilan jihozlanadi. Axborot tizimiga kiritilgan xizmatlar bo‘yicha aylanmalar esa soliq organlarining axborot tizimida avtomatik shakllantiriladi.