Bolaning öziga işonçi köp jihatdan u mansub muhitdagi insonlar erişgan natijalar taʼsirida şakllanadi. Psixologiyada identifikatsiya deb ataluvçi jarayon bor: inson öziga yaqin deb bilgan şaxsning fazilatlari, qobiliyatlari va muvaffaqiyatlarini öz imkoniyatlari bilan boğlay boşlaydi. Şu maʼnoda, bir şaxmatçining jahon çempionligi butun bir jamiyatning öz intellektual salohiyati haqidagi tasavvurlarini özgartirib yuboradi.

Bir neça yillar oldin Hindistonda Vişvanatan Anand, Özbekistonda Rustam Qosimjonov ana şunday psixologik va ijtimoiy ahamiyatga ega şaxslarga aylandi. Ularning muvaffaqiyatlari har ikki mamlakatda minglab ota-onalarning farzandlari kelajagi, minglab bolalarning esa öz qobiliyatlari haqidagi qaraşlariga taʼsir körsatdi.

Ayni paytda ikki mamlakat şaxmat muhitida professional munosabatlarning öziga xos xususiyatlari şakllangan. Hindistonning yetakçi grossmeysterlari individual tayyorgarlikka, debyut ğoyalarining maxfiyligiga katta ahamiyat qaratsa, özbek şaxmatçilari örtasida esa professional bilim va tajriba almaşiş madaniyati kuçli.

Sönggi uçta jahon şaxmat olimpiadasida çempionlik Özbekiston va Hindiston örtasida almaşib kelayotgani ham zamonaviy şaxmatdagi raqobat geografiyasi va intellektual salohiyat taqsimoti jiddiy özgarganini körsatadi.

Keça Jeneva yaqinida boşlangan jahon çempionligi matçini mazkur raqobatning individual darajadagi davomi desak, töğri böladi. Ayni paytda Gukeş va Sindorovning ulğayişida, şaxmat pozitsiyasini baholaşida, tavakkalçilikka munosabatida va musobaqalarga tayyorgarlik köriş metodikasida jiddiy tafovutlar mavjud. Ularning har ikkisi yigirma yoşda bölişiga qaramay, jahon ­çempionligi matçigaça bosib ötgan yöli şaxmat mahoratining şakllaniş tabiati haqida turliça xulosalar çiqariş imkonini beradi.

Çempion va favorit

2018-yil 4-fevralda Moskvada ötkazilgan Moscow Open turnirida 12 yoşli Sindorov qora donalarda öynab, 11 yoşli Gukeşni 31 yurişda mağlub etgan edi. Keyinçalik har ikki şaxmatçi ham grossmeysterlik unvonini eng yoş qölga kiritgan iqtidor egalari qatoridan örin oldi. Şundan söng ularning professional ösiş dinamikasida yaxşigina tafovut yuzaga keldi. Gukeş 2024-yilda, 17 yoşida Torontoda nomzodlar turnirida ğolib çiqdi, Budapeşt olimpiadasida birinçi taxtada 10 partiyadan 9 oçko töpladi va öşa yilning dekabrida Din Lijenni 7,5:6,5 hisobida mağlub etib, Garri Kasparovning qariyb qirq yillik rekordini yangiladi.

Sindorovning jahon şaxmat elitasiga kirib kelişi esa, ayniqsa, 2025-yildan boşlab yangi sifat bosqiçiga kötarildi. Hindistonning Goa ştatida ötkazilgan jahon kubogida xitoylik Vey I ustidan tay-breykda qozonilgan ğalaba, Kiprdagi nomzodlar turnirida 14 partiyadan 10 oçko töplaşi uning şaxmat ustida işlaş metodikasidagi özgarişlarni örganişga bölgan qiziqişni kuçaytirdi.

Gukeş uslubining xarakterli xususiyatlaridan biri pozitsiyada kuraşni davom ettiriş imkoniyati mavjud ekan, raqibni imkon qadar köproq mustaqil qaror qabul qilişga majbur etişidir. Singapurdagi çempionlik matçining hal qiluvçi partiyasida ham u nazariy jihatdan durangga yaqin endşpilni oxirigaça öynadi. Din Lijenning 55-yurişdagi xatosi uzoq davom etgan intellektual zöriqiş şaroitida hatto jahon çempioni ham oddiy taktik detalni nazardan qoçirişi mumkinligini körsatdi.

Sindorovning ustunligi esa turli xarakterdagi pozitsiyalarga moslaşa olişida namoyon böladi. Nomzodlar turnirida Pragnanandxaga qarşi qora donalarda figura qurbon qilib, dinamik kompensatsiya evaziga ğalaba qozongan şaxmatçi Karuanaga qarşi ön birinçi turda uzoq vaqt passiv himoyada qolgan pozitsiyani saqlab qolişning ham uddasidan çiqdi. Birinçi holatda taşabbusning qiymatini töğri baholaş, ikkinçisida esa raqibning ustunligini xolis tan olib, mavjud himoya resurslaridan oqilona foydalaniş hal qiluvçi ahamiyat kasb etdi.

“Menda esa bu imkoniyat bor”

FIDEning noyabr oyidagi reyting jadvalida Javohir Sindorov 2782 oçko bilan törtinçi, Gukeş esa 2710 oçko bilan yigirma oltinçi örinni egallab turibdi. Jahon çempionligi unvoni 2006-yilda qayta birlaştirilganidan buyon çempionlik matçi iştirokçilarining reyting jadvalidagi örni örtasida bunday katta tafovut kuzatilmagan. Şunday bölsa-da, jahonning yetakçi grossmeysterlari matç natijasi xususida yakdil fikrda emas.

Masalan, Magnus Karlsen Sindorovni favorit hisoblaşda uning şaxmat uslubi nisbatan universal ekaniga, Gukeşning esa baʼzan pozitsiyani haddan taşqari optimistik baholaşiga eʼtibor qaratmoqda. Hikaru Nakamura ham hamyurtimizning işonçli ğalabasini taxmin qilyapti. Garri Kasparov esa Gukeşga bir oz köproq imkoniyat bergan. Uning fikriça, jahon çempionligi uçun bahsda matç tajribasi tayyorgarlik davomiyligidan ham muhimroq ahamiyat kasb etadi.

2000-yilda Vladimir Kramnik reytingda özidan 77 oçko ilgarilab ketgan Kasparovga qarşi matçda birorta ham partiyani boy bermay, jahon çempionligini qölga kiritgan edi. Kramnikning Berlin himoyasiga asoslangan debyut strategiyasi Kasparovning taşabbuskor öyinini çeklab qöygandi. Demak, muayyan raqibning şaxmat uslubiga mos strategiya işlab çiqiş orqali reytingdagi jiddiy tafovutni ham bartaraf etsa böladi.

Şu jihatdan 22-noyabr kuni BMTning Jenevadagi Millatlar saroyida ötkazilgan matbuot anjumanida Gukeşning çempionlik unvonini himoya qiliş bilan boğliq savolga bergan javobi eʼtiborga molik: “Men bu yerga biror narsani himoya qiliş uçun kelganim yöq. Men unvonni qaytadan qölga kiritiş uçun keldim”.

Sindorovning mazkur anjumanda bildirgan fikrlarida ham natijaga nisbatan soğlom psixologik munosabatni sezamiz: “Jahon toji uçun kuraşişdan juda xursandman. Köp şaxmatçilar butun umr şaxmat öynab ham bunday imkoniyatga ega bölmaydi. Menda esa bu imkoniyat bor. Bundan zavq olişga harakat qilaman”.

Öz vaziyatini 50:50 nisbatida baholayotgan Sindorov uçun favorit maqomining özi ham muayyan psixologik sinov.

Kutilgan ğoliblikning ehtimoliy zavqi

Bugun Özbekiston şaxmat tarixida ilk bor klassik şaxmat böyiça mutlaq jahon çempionligi matçida öz vakiliga ega. Eʼtiborlisi, Javohir bu bahsga jahonning eng kuçli şaxmatçilari favorit deb eʼtirof etayotgan grossmeyster sifatida kirişmoqda. Sindorovning yoşi, keyingi ikki yildagi ösiş surʼati, murakkab pozitsiyalarda mustaqil yeçim topiş qobiliyati va raqibiga qarşi klassik partiyalardagi ijobiy balansi optimistik prognoz uçun yetarliça asos beradi.

Yigirma ikki yil avval Rustam Qosimjonovning çempionligi jahon şaxmat jamoatçiligi uçun katta sensatsiya bölgan edi. Endi Javohir Sindorov jahon çempioni bölsa, bu xabar şaxmat olamida kutilmagan natijadan tuğiladigan hayratdan köra, kutilgan natijaning röyobga çiqişidan hosil böladigan zavq bilan qabul qilinişi ehtimoli yuqori. Özbekistonning jahon şaxmatidagi mavqei, özbek grossmeysterlarining intellektual salohiyati haqidagi tasavvurlar mana şunday darajada özgardi.

Bundan buyoğiga ham Sindorovdan öz imkoniyatlari darajasida şaxmat öynaş talab etiladi, xolos. Biz esa Javohirning nimalarga qodirligini juda yaxşi bilamiz.

Azizbek YUSUPOV,

“Yangi Özbekiston” muxbiri