Mazkur hikmatda taʼkidlanishicha, oʻtgan “sovuq kunlar”, qiyinchiliklar unutiladi. Kun mavzusiga navbatdagi masalalar, aytaylik, yangi muammolar chiqaveradi.

“Oʻzbekiston bundan oʻn yil burun qanday edi, hayotimiz, sharoitlarimiz, turish-turmushimiz, tafakkurimiz, biyron tilimizning holi nechogʻliq edi oʻsha paytlari? Afsuski, odam bolasi tez unutadi. Qadriga yetish, shukr qilish degan oddiy insoniy tuygʻularni ham esdan chiqaradi. Koʻz oʻngimizda yuz berayotgan katta oʻzgarishlarning farqiga bormaydi yoki bilib turib, takabburlik qiladi”, deb yozdi taniqli siyosatshunos Qudratilla Rafiqov “Millat Shavkati” maqolasida.

Haqiqatan shunday. Odam bolasi tabiatan na issiqqa, na sovuqqa chidaydi. Lekin baribir har bir iymon-eʼtiqodli, yaxshi-­yomonning farqiga boradigan, yaxshilikning qadriga yetadigan, bir soʻz bilan aytganda, odamgarchiligi bor kishi bugungi oʻzgarishlarni, beqiyos imkoniyatlarni, albatta, eʼtirof etadi. Zero, bugunning qadriga yetish uchun kechagi kunni eslash kerak-ku!

Bu, albatta, kechani yomonlash yoxud kimnidir yomonotliq qilish uchun emas. Kecha — kecha edi. U oʻtdi. Uning muvaffaqiyatlari ham, muammolari, yoʻl qoʻyilgan kamchiliklari ham kechagi kunniki. Maqsad esa bugunning qadriga yetish, ertamizning yanada yorugʻ, farovon boʻlishiga hissa qoʻshish. Buning uchun esa kecha yoʻl qoʻyilgan xatolarni qaytib qilmasligimiz, ulardan saboq chiqarishimiz lozim.

Inson bu dunyoda, albatta, erkin va ozod yashashni istaydi. Bu eng ulugʻ baxt. Oʻylab koʻring, bundan oʻn yil avval mamlakatimizda soʻz va matbuot erkinligi qanday edi? Mabodo biror nashrda ozgina tanqidiy maqola eʼlon qilinsa yoki biror efir orqali achchiqroq gap aytilsa, xudo urdi, deyavering edi: tanqid obyekti emas, tanqid qiluvchi nishonga olinardi. Shuning uchun hamma “aqlli” boʻlib qolgan edi. Hech kim haq soʻzni aytishga botinolmasdi. Bu qoidani buzganlar ham boʻlgandir. Lek shunisi aniqki, undaylar tugʻilganiga pushaymon boʻlmaguncha tinch qoʻyilmasdi.

Endi ayting, bu gaplar yolgʻonmi? Axir hammasi haqiqat-ku. Prezidentimiz 2023-yili Qashqadaryo viloyatiga tashrifi davomida bir guruh ziyolilar bilan suhbatlashar ekan, kechagi soʻz erkinligi haqida, ochiqlik masalasida qu­yidagi mazmunda gapirgan edilar:

“Yopiq davlat boʻlib, ommaviy axborot vositalarini qoʻllab-quvvatlamaganimiz uchun xalqning ovozini eshitmadik... Erkinlik nafasi yoqadimi? Menga yoqadi... yana oldingidek... boʻlaversinmi? Biz niyatimizga yetdikmi? Birimiz ikki boʻldimi? Shuning uchun erkinlik nafasini, ommaviy axborot vositalarini doʻst bilamiz. Gapirsin, adolatni gapirsin. Tanqid qilsin, toʻgʻri tanqid boʻlsin. Shu qishloqqa, maktabga, taʼlimga foydasi boʻlsa, nur ustiga nur. Men har kuni oʻqiyman, internetni ham oʻqiyman. Kim qanday gapirganini vaqtim boricha, qoʻlimga qalam olib, oʻzimga yozib olaman. Baribir 10 ta fikrdan 9 tasi toʻgʻri boʻlib chiqadi. Bu toʻgʻri yoʻnalishmi? Agar bizda ommaviy axborot vositalari yopiq boʻlsa, sizlarni ham hech kim eshitmaydi”.

Mamlakatimiz yetakchisining bunday ochiq va samimiy fikrlari barcha ziyolilar, xalqimizni, jumladan, qalam ahlini ham birdek juda-juda quvontiradi.

Yaratganga shukr, bugun yangi Oʻzbekistonda soʻz va matbuot erkinligi, xolislik va adolat tamoyili tiklandi. Ijod ahliga eʼtibor yuksak darajada. Bunga Prezidentimizning yaqinda madaniyat, sanʼat va adabiyot ahliga koʻrsatgan eʼtibori yana bir yorqin dalil boʻldi.

Mustaqillikka erishganimizdan soʻng muayyan vaqt oʻtib yurtimizda avtomashina ishlab chiqarilishi, Oʻzbekiston oʻz avtomobiliga ega boʻlishi haqida koʻp bong urilgan edi. Albatta, bundan xursand boʻlganmiz. Nega quvonmaylik, vatanimiz dunyoda avtomobil ishlab chiqaradigan mamlakatlardan biriga aylanadigan boʻlsa?! Lekin oʻzimizda ishlab chiqarilgan bu avtomobillarga ega boʻlish uchun  yurtdoshlarimiz ne qiyinchiliklarga ham uchraganini  hech kim unutgan boʻlmasa kerak.

Sababi oʻzimizda ishlab chiqarilgan mashinalar xalqimizga milliy valyutamiz — soʻmda emas, dollarda sotilgan paytlar boʻldi. Chet el valyutasini esa odamlar koʻpincha bankdan emas, koʻchadan — qora bozordan sotib olishga majbur edilar. Juda katta muammo edi-da bular. Bu, birinchidan.

Ikkinchidan, banklardagi valyuta ayirboshlash siyosati bir guruh korchalonlarning qoʻlida boʻlib, ochiqdan-ochiq uzoq yillar korrupsion sxemaga aylanib ulgurgan edi. Xalqimiz uchun esa chetdan qulayroq usulda mashina xarid qilish yoʻli yopilgan, istaysizmi-yoʻqmi, oʻzimizda chiqqan mashinalar uchun avvaldan qanchadir  qiymatini toʻlab qoʻyib, mashina chiqishini bir yil, hatto undan ham ortiq kutish odatiy holga aylangandi. Hatto ayrim bozori chaqqon rusumli mashinalarga “shapka” berish kerak boʻlgani-chi? Shunisi qiziqki, avtomashinalar uchun navbat kelgunicha, uning narxi bir-ikki bor oʻzgarar, albatta, qimmatlashar, oldindan toʻlab qoʻyilgani esa hisobga olinmas, yana ­ustama narxni toʻlab, avtoulov egasi boʻlish “baxti” xuddi olimpiada gʻolibi boʻlishdek mushkul vazifa edi.

Xoʻsh, ayting, bu voqealarning qay bir jihatini gapirganda “kechagi kunni yomonotliq qilish”, deya olamiz?

Hammasi haqiqat emasmi?

Haqiqat shuki, Prezidentimiz Shavkat ­Mirziyoyev davlat rahbari boʻlgach, bu bedodlik­larning bariga barham berildi. Hozir mamlakatimizda avtomobil xarid qilish masalasida u paytlardagidek sunʼiy navbatlar, aytaylik, yil boʻyi yana 60-70 foiz toʻlovini oldindan amalga oshirish shart degan “majburiyat”lar yoʻq-ku! Buni bugun hatto tasavvur ham qilisha olmaydi yurtdoshlarimiz. Nega? Negaki sohada adolat mezonlari oʻrnatib qoʻyildi. Marhamat, avto­ulovlarning istalgan rusumini bir kunda olib ketavering. Hatto maʼlum foizlarni toʻlab, qolganini uch yilda yoki besh yilda toʻlang!

Banklardan xorijiy valyuta xarid qilish masalasida-chi, bugungi kunda bu borada birorta muammo bormi? Bir paytlardagidek bir-ikki ming dollar sotib olish uchun ne-ne kazo-­kazolarga uchrashish, tanish-bilish axtarish kerakmi? Yoʻq, albatta!

Oʻzbekiston xalq shoiri Usmon Azim shu yil may oyida yetakchi nashrlarda eʼlon qilgan “Riyosiz soʻzlar” maqolasida kuyinib yozdi:

“Bozorga borasan. Har qadamda “dollarchi”lar shaykasi... Dollarning narxi rasmiy kursdan ikki barobar baland. Koʻr boʻlib olasan”.

Xalq shoiri yana eslaganidek, butun xalq — oʻqituvchidan tortib, shifokorgacha, quruvchidan tortib, ijodkorlargacha, hatto pensionerlar shundogʻam 10-15 kun kechikib oladigan maoshini, pensiyasini 20-30 foizga naqdlashtirish uchun yana oʻsha bozordagi olgʻirlarga borganlari-chi, bu ham notoʻgʻrimi? Bular axir bundan bor-yoʻgʻi 10-11 yil avvalgi hayotimiz manzaralari emasmi?

Albatta, hech kim bu narsalarni eslagisi kelmaydi. Eslamaganimiz ham tuzukdir, ehtimol. Chunki har eslaganda yuraklar zirqiraydi, beixtiyor achinib ketasan...

Ayniqsa, yoshlarni oliy taʼlim muassasalariga oʻqishga qabul qilish borasidagi turli gʻirromliklarni bugungi yoshlar bilishmas. Garchi taʼlimdagi yangiliklar, ilgʻor tajribalar, har xil test sinovlarining joriy etilgani yuksak shiorlarmonand targʻib-tashviq qilingan boʻlsa-da, aslida, manzara butunlay teskari edi. Buni hamma bilardi. Shunday vaqtlar boʻldiki, tanish-bilish, pora bilangina oʻqishga kirish mumkinligini hatto maktab oʻquvchilari ham tushunib qolgandi.

Oliy taʼlim muassasalarida “bunker”lar tashkil etilar, bu “bunker”larda ertaga oʻzlari taʼlim beradigan oʻqituvchilar, hatto professorlar, fan doktorlari joylashar, qoʻshimcha ravishda barcha adabiyotlar, qoʻllanmalar bilan qurollangan holda “adolatli” test oʻtayotgan xonalardan “baxtli roʻyxat”ga ilingan abituriyentlarning sinov varaqalarini bexato ishlab berish bilan band boʻlishardi. Bunday olganda, endigina maktabning 10-sinfini bitirib kelgan pok yurakli oʻgʻil-qizlarimiz bilan nohaqlarcha kurashilar, yoshlar esa jamiyatning bunday nohaq, kir oʻyinlariga duch kelib, shaffof orzu-umidlari chilparchin boʻlardi.

Aynan shu masalada uzoqqa bormay, oʻzimning oilamda kechgan voqealarni eslay. 2007-yili boʻlsa kerak adashmasam, oʻgʻlim Oʻzbekiston Milliy universiteti huzuridagi litseyni tugatib, Toshkentdagi obroʻli universitetlardan biriga hujjatlarini topshirdi. Kechayu kunduz imtihonlarga tayyorgarlik koʻrdi. Qoʻshimcha tayyorlov kurslariga qatnadi. Lekin... test natijalari eʼlon qilinganda 174 ball (nazarimda, oʻsha paytda ham bu yaxshi koʻrsatkich edi) olgani, lekin oʻqishga kirishiga aqalli bir-ikki ball “yetmagani”ni koʻrib, koʻzida juda katta alam, nohaqlikka, nohalollikka, adolatsizlikka boʻlgan yosh miltillaganida uning emas, mening butun vujudim yonib-kuyib ketgan edi. Shundan soʻng u mamlakatimizdagi xalqaro universitetlarning biriga hujjat topshirdi va hech qanday muammosiz oʻqishga qabul qilindi.

Afsuski, qizimning oliy oʻquv yurtiga kirishi ham xuddi shunday muammoli kechgan. U poytaxtimizdagi tibbiyot yoʻnalishiga oid oliy taʼlim muassasasiga kirishni maqsad qilgandi. Lekin izma-iz ikki yil test javobi eʼlon qilinganda qandaydir 0,1 mi, 0,5 mi qiyqim ballar “yetmay qolgani” uchun tinimsiz tayyorgarlik koʻrganiga qaramay, oʻqishga kira olmadi. Shundan soʻng qiz bola boʻlsa-da, noiloj Moskva shahridagi tibbiyot yoʻnalishi boʻyicha universitetga oʻqishga yubordik. Bir yil xorijda oʻqigach, ne-ne azob-uqubatlar bilan oʻzimizdagi oliy oʻquv yurtlaridan biriga oʻqishini koʻchirishga muvaffaq boʻldik. Shundayam oʻzimiz Toshkentda yashasak-da, Samarqanddagi tibbiyot institutiga qayta koʻchirib berishgani uchun ham doʻppimizni osmonga otganmiz. Men shunga ishonamanki, mabodo farzandlarim bugun yurtimizdagi oliy taʼlim maskanlariga oʻqishga kirish uchun sinovlarni topshirishganlarida edi, hech shubhasiz, davlat granti asosida qabul qilingan boʻlar edi. Chunki bugun oliy taʼlimdagi shaffoflikka hammamiz guvohmiz. Kechagi yaqin oʻtmishimizda esa ming-minglab yurtdoshlarimiz bu boradagi nohaqliklarga, adolatsizliklarga guvohlar.

Darhaqiqat, bugun ilm olaman, oʻqiyman degan yoshlarda yuqoridagidek muammolarning qaysi biri bor?

Insof bilan aytganda, Prezidentimiz oliy taʼlim sohasidagi chirib ketgan unsurlarni yoʻq qildi. Toʻliq shaffof tizim yaratildi. Oʻzbekistonda keyingi yillarda yuzga yaqin yangi oliy taʼlim muassasasi ochildi. Qancha ilgʻor mamlakatlarning oliy taʼlim maskanlari filiallari tashkil etildi. Farzandlarimizning qoʻlga kiritayotgan, jahonni hayratga solayotgan muvaffaqiyatlari, demakki, oʻz-oʻzidan roʻyobga chiqayotgani yoʻq.

Xalqimiz nihoyatda mehnatkash, ishdan qochmaydigan xalq. Lekin ana shunday ogʻir mehnatlarni bajaradigan el, sizningcha, nima uchun mustaqillikka erishganidan keyin ham oʻsha avvalgi sobiq shoʻrolar davridagidek paxta dalalariga haydalar edi?

Negaki Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev iqtidorga kelgunicha talabalar ham, maktab oʻquvchilariyu muallimlaridan tortib, davlat tashkilot-korxonalarida ishlovchilar, xullas, hamma-hammani xuddi “yoppasiga frontga” deganlaridek, paxta yigʻim-terimiga safarbar qilish toʻxtamadi. Shu asnoda dunyo boʻylab “bolalar mehnatidan foydalanish” degan ayb qoʻ­yilib, maʼlum sanksiyalarga mahkum etilmaganmidik?!

Kun boʻyi paxta dalasidan chiqmagan ana shunday xalq garchi istiqlolga erishganiga qancha yillar boʻlsa-da, ariq-zovurlardan suv ichishga, 15-16 soatlab elektr energiyasidan mosuvo yashashga majburligicha qolavergan edi.

Birgina Surxondaryo viloyati misolida aholini toza ichimlik suv bilan taʼminlash masalasida Prezidentimiz eʼtibori bilan qilingan islohotni misol keltirsak. Vohada eng ogʻir muammolardan biri odamlarning toza ichimlik suvga ehtiyoji masalasi boʻlib kelgan edi. Aholining katta qismi ariq va zovurlardan suv olib ichishga majbur boʻldi. Shunda davlatimiz rahbari viloyat ahlining bu muammosini ke­yingi 3-4 yilda ijobiy hal qildi. Bugun viloyat markazi — Termiz shahridan qariyb 200 kilometr uzoqlikda joylashgan Sariosiyo tumanidagi “Toʻpolang” suv omborining toza suvidan viloyatning qariyb barcha tumanlari aholisi bahramand boʻlmoqda. Bunday savobli ishlarga bir necha mil­liardlab sarmoya ajratildi.

Ehtimol, ayrim joylarda bugun ham ijtimoiy-iqtisodiy sohalarda muammolar boʻlishi mumkin. Hayot muammolarsiz boʻlmaydi. Lekin kasb taqozosiga koʻra, mamlakatimizning eng chekka hududlarida ham boʻlamiz. Yaratganga shukr­ki, bugun biror joyda har kuni 15-16 soat­lab svet oʻchishi ham, uncha cheklovlar ham yoʻq. Demak, qilsa boʻlar ekan-ku! Xalqni oʻylasa, xalq uchun yashasa boʻlar ekan-ku!

Xalqimizda “Qoʻshning tinch — sen tinch” degan hikmat bejiz aytilmagan. Ming afsuski, istiqlolga erishganimizdan keyin uzoq yillar qoʻshni boʻlgan, xuddi etu tirnoqdek yaqin mamlakatlar bilan ahil boʻla olmadik. Chegaralar taqa-taq yopib tashlandi. Nima uchun? Bunday munosabat kimga foyda berdi? Axir azaldan aka-uka, quda-anda boʻlgan qoʻshni xalqlar bizga begona emas edi-ku. U mamlakatlarda yashaydiganlar bilan bir qatorda yurtimizda yashayotgan qancha fuqarolar bunday ahvoldan qiynalgani, azob chekkanini hech qachon unutolmasa kerak.

Masalan, suhbatlarning birida taniqli noshir, Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan jurnalist, taqdir taqozosiga koʻra qoʻshni Qirgʻizis­tonning Oʻsh viloyatida dunyoga kelgan Ahror Ahmedov bunday degan edi:

“Ota-onamiz, hamma qarindosh-urugʻlarimiz Oʻshda yashagandan keyin ularning toʻyi, turli quvonchli kunlarida borishga harakat qilardik. Lekin buning sira iloji yoʻq edi. Hatto eng yaqinlarimizdan kimdir vafot etganida ham borib-kelishga ruxsat ololmaganmiz...”.

Aynan shu mavzuda taniqli jurnalist Olimjon Oʻsarov gurunglarning birida juda qiziq bir holatni gapirgani yodda qolgan: “Toʻgʻrisi, bugun bu voqeaga oʻzimning ham ishongim kelmaydi.

Bilasiz, Samarqand viloyatining Bulungʻur va Urgut tumanlari Tojikiston Respublikasi bilan chegaradosh. Togʻli, bahavo joylar. Qarab koʻzing quvnaydi. Bu yerdagi qoʻshni qishloqlarni soy yoki adirlar ajratib turadi.

Oʻz vaqtida bu qishloqlar aholisi bordi-keldi qilgan, quda-anda boʻlgan. Qishloqni esa soy ustidagi osma koʻprik bogʻlab turgan.

Qoʻshni respublika bilan chegaralar taqa-taq yopilib, bordi-keldi uzilib qolgan yillar. Shu vaqtlarda bir doʻstimiznikiga mehmonga borgandik. Soyning narigi tarafida toʻy boʻlayotgan ekan. Bu tarafidagi doʻstimizning otasi jiyanining toʻyiga bormabdi, ruxsat boʻlmabdi. Shunda hovlisida stol-stul qoʻyib shartta toʻy uchun joy hozirlab, tanish-bilishlar va qishloqdoshlarni toʻyga taklif etibdi.

Soyning u tarafida ham manzara — toʻy boʻlyapti. Ovoz kuchaytirgichlardan xonandayu sozandalarning kuy-qoʻshiqlarini eshitib oʻtiribmiz. Kutilmaganda ovozkuchaytirgichdan toʻy boʻlayotgan narigi qishloqdan  togʻaga  jiyanini tabriklash uchun soʻz berib qolishdi. Toʻyni olib borayotgan boshlovchi “Endi navbat kelin-kuyovni qutlash uchun oʻzbekistonlik togʻasi falonchi-pistonchiga” dedi.

Ana endi koʻring holatni. Hammaning koʻzida yosh. Togʻa bechora qoʻlida mikrofon, lekin gapiray desa ovozi chiqmaydi. Jiyanlari toʻyiga  borishni, quvonchli kunida yonlarida  shunchalar istaganki, ovozi chiqmasa-da, qadoq qoʻllari bilan artayotgan koʻz-yoshlari buni aytib turardi. Ammo nachora, oʻrtada chegara bor...

Ana shunday yonma-yon, quda-andali qish­loqlar ahli hatto bir-birlarining toʻy yoki azasiga ham borib-kelolmasdi. Chegaralar ochilgach, yana avvalgidek doʻstona aloqalar yoʻlga qoʻyildi. Odamlar bordi-keldi qila boshladi, toʻy-azada birga boʻlishdi, bir-birining mehriga qondi. Buning uchun Prezidentimiz  Shavkat ­Mirziyoyevdan qoʻshni Tojikistonga qarashli qishloq ahli ham, oʻzimizning qorakoʻzlar ham shunchalar mamnun ediki, buni soʻz bilan taʼriflab berolmayman”.

Bugun bu singari muammolar ortda qoldi. Qoʻni-qoʻshni respublikalardagi yaqinlar bilan bordi-keldi qilish, qiz olib, qiz berish, toʻylarda ishtirok etish yoʻlga qoʻyildi...

Yangi Oʻzbekistondagi islohotlar qamrovi juda keng. Aytaylik, Shavkat Mirziyoyev davlat rahbari boʻlguniga qadar oddiy odamlar tugul masʼul vazifalarda ishlaydiganlarning hammasi ham “davlat xizmatlari” degan tushunchani bilmasdi, desak xato boʻlmaydi. Prezidentimiz tashabbusi bilan yoʻlga qoʻ­yilgan “davlat xizmatlari” tizimida mil­lionlab fuqarolarning yumushi sanoqli daqiqalarda hal boʻlmoqda.

Bundan oldin-chi? Aqalli fuqarolik pas­porti yoki birorta maʼlumotnomani olish, uy-joy yoxud boshqa mulkni rasmiylashtirish uchun qancha yugur-yugur, necha kunlab, kerak boʻlsa, haftalab, oylab vaqt ketardi. Eng yomoni, har qadamda bu yumushlarni ado qilish ilinjida korrupsion holatlarga deyarli koʻnikib ketilgandi. Albatta, tanish-bilish qilinmasa yoki “choʻtali” uzatilmasa, sarson-sargardon boʻlish tayin edi.

Kecha yoʻllarda har qadamda turli postlar, yoʻltoʻsar kuchlar bemalol yurishga yoʻl qoʻymagan boʻlsa, bugun xalqimizni, agar yoʻl qoidalarini buzmasa, hech kim toʻxtatib, ovora-yu sarson qilishga botina olayotgani yoʻq. Toʻgʻri, bugun yoʻllarda radarlar koʻpligidan shikoyat qilamiz. Lekin bu ham yoʻl qoidalariga amal qilish, haydovchilar, yoʻlovchilarning xavfsizligi uchun majburiy chora aslida.

Xoʻsh, bundan avval-chi? Birgina Surxondaryodan Toshkentga yoki Samarqandga borish qanday kechar edi? Men bu haqda bundan ancha yillar avval yozgan maqolalarimning birida bunday holatlarni qalamga olgan edim:

“Aytaylik, Termiz shahridan Toshkentga mashinada yoʻlga chiqdingiz. Viloyat markazidan Qashqadaryo viloyatiga oʻtguncha, yaʼni bir viloyatdan ikkinchi viloyatga borguningizcha 5-6 joydagi postlarda tekshirilasiz. YPX postlaridan tashqari oraliq yoʻllardagi yashirinib turadigan yana necha-necha YPX xodimlari ham sizga peshvoz chiqadi. Yoʻlda yursangiz, shunday fikrga kelishingiz tayin: bularning maqsadi nima ekan, yoʻlovchilarning xavfsizligimi yo nima qilib boʻlsa-da, ularning biror xatosini topib jazolashmi? Ayniqsa, Boysun tumanidagi Darband postida ancha yillardan buyon hech qayerda va hech qachon boʻlmagan bir tartib joriy etilgan. Bu postga yetib kelgan har bir avtoulov toʻxtatilib, hamma yoʻlovchilar tushiriladi. Yuklari bilan! Bittadan, xuddi xorijiy yurtga chiqib ketayotganingizdek yuklaringiz terminaldan oʻtkaziladi. Bunda yosh bolali ayollar, qariyalarning ahvolini koʻring. Soatlab vaqt yoʻqotadi. Qancha qiy-chuv, baqir-chaqir, asablar temirdan boʻlsa ham erib ketadi. Avtomashinalar esa maxsus maydonchaga kiritilib, haydovchining hujjatlari olib qoʻyiladi. Turnaqator mashinalar navbatma-navbat koʻzdan kechiriladi. Bu yerda hatto iskovuch itlar xizmatidan ham foydalaniladi. Keyin haydovchiga hujjatlarini qaytarib olishi uchun “talon” — qoʻlbola usulda yozilgan qogʻozcha beriladi. Yana navbat bilan haydovchi bechora oʻzini roʻyxatdan oʻtkazdiradi. Necha kishi qayerdan qayerga ketayotgani boʻyicha “maʼlumot” beradi. Shundan soʻnggina yoʻlovchilar, ularning yuklari mashinaga qaytadan olinadi. Bu jarayonda qancha asabbuzarlik, vaqt ketadi. Endi ayting, uzoq manzilga chogʻlangan bu shoʻrpeshona haydovchining, yoʻlovchilarning ahvoli qanday boʻladi?..”.

Ha, bu holatlar odatiy boʻlib qolgandi. Xuddi shuningdek, poytaxtdan vodiyga chogʻlangan yoʻlovchilar dovonda bittadan tekshirilar, mabodo kimningdir pasporti esidan chiqib qolib ketgan boʻlsa-chi, tamom, iziga qaytishga majbur boʻlar edi.

Toʻgʻri, bunday harakatlar bir qarashda siyo­sat, odamlar xavfsizligi uchundek tuyulardi. Lekin aslida bu eski davrlarda qolib ketgan qattol tuzumning koʻrinishlaridan boshqa narsa emasdi. Odamlarni ezish, qoʻrquvda ushlashning oddiy elementlariga oʻxshardi.

Mana, 9-10 yil boʻldiki, bunday bedodlik­lar yoʻq. Bariga Prezidentimiz Shavkat ­Mirziyoyev yuritayotgan xalqparvar siyosat barham bera oldi!

Bugun mamlakatimizdagi bunyodkorliklar, oʻzgarishlar haqida butun dunyo matbuotida ham yozilmoqda, haqli eʼtirof etilmoqda. Yaqinda internet tarmogʻida xorijdan yurtimizga kelgan bir qancha odamlarning taassurotini eshitib qoldim. Ularning soʻzlari shu qadar samimiy, koʻtarinki ediki, ochigʻi, juda faxrlanib ketdim. Ular Toshkentda barpo etilgan Islom sivilizatsiyasi markazi hamda Samarqanddagi Imom Buxoriy majmuasi haqida soʻzlardi. Mehmonlarning fikricha, Oʻzbekistonda milliy merosga, boqiy qadriyatlarga, ulugʻ qadamjolarga eʼtibor dunyo ahlini hayratga solmoqda. ­Islom sivilizatsiyasi markazini jahondagi yetti moʻjizaning biri deb ataladigan Tojmahalga meng­zashibdi.

Oʻtgan yili 26-dekabr kuni Prezidentimiz Oliy Majlis va Oʻzbekiston xalqiga Murojaatnoma yoʻllagan edi. Unda men ham ishtirok etgandim. Murojaatnomani tinglab, qalbim hapriqib ketdi oʻshanda. Murojaatnoma 2025-yilning ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy, maʼnaviy-maʼrifiy manzarasini toʻla-toʻkis tahlil etgan muhim hujjatgina emas, balki mamlakatimizda yaqin besh yilda, yaʼni 2030-yilga qadar roʻyobga chiqariladigan ustuvor vazifalar dasturining taqdimoti boʻldi.

Unda davlatimiz rahbari qanchalik ogʻir boʻlmasin, yurtimizda boshlangan demokratik islohotlar koʻzda tutilgan natijalarni berganini alohida taʼkidladi. Shu jumladan, 2025-yilni “murakkab yil” deb taʼriflagani bejiz emas edi. Chunki bugungi algʻov-dalgʻov davrda tinchlik va osoyishtalikni taʼminlash, xalqning yashash tarzini yuksaltirish, iqtisodiy imkoniyatlarni oshirishning oʻzi murakkab jarayon boʻlib bormoqda.

“Eʼtibor bering. Bundan toʻqqiz yil oldin iqtisodiyotimiz hajmini 100 milliard dollarga yetkazish biz uchun juda katta marra boʻlib koʻrinardi. Bu yil tariximizda birinchi marta yalpi ichki mahsulotimiz 145 milliard dollardan oshdi”, dedi Prezidentimiz.

Davlatimiz rahbari bunday yuksak natijalar xalqimizning ulkan ishlarga qodir ekaniga yaqqol misol ekanini taʼkidladi.

Darhaqiqat, ulugʻ shoir aytganidek, “Xalq toʻlqindir, xalq dengizdir. xalq kuchdir!”. Bunga shubha yoʻq. Shu bois, Prezidentimiz kuch birlikda, hamjihatlikda ekanini, “Birlashgan oʻzar, birlashmagan toʻzar” naqlini esga oldilar.

Eng muhim yutuqlarimiz haqida soʻz yuritilganda, bugun Yangi Oʻzbekistonni dunyo tan olayotganigina emas, yurtimizga havas koʻzi bilan qarayotgani ham bor gap. Ayniqsa, Oʻzbekiston futboli uchun tarixiy voqelik sodir boʻldi. Milliy terma jamoamiz ilk bor jahon chempionatiga yoʻllanmani qoʻlga kiritdi. Xudo xohlasa, oʻzbek futbolchilari xalqimizning, Prezidentimizning ishonchini qozonadi. Chiroyli oʻyinlar koʻrsatib, jahon chempionatida munosib ishtirok qiladi.

Bundan tashqari, aql va zakovat mashqi — shaxmat boʻyicha jahon kubogi musobaqalarida ulkan yutuqlar qoʻlga kiritildi. Yosh shaxmatchi Javohir Sindorov erishgan yutuqlardan quvongan Prezidentimiz u bilan bogʻlanib, har tomonlama qoʻllab-quvvatladi, unga ragʻbat, kuch berdi. Bunday ulkan muvaffaqiyatlar yurtimizda sport sohasiga yuksak eʼtibor tufayli emasmi? Albatta, shunday!

Tan olish joiz, Prezidentimiz rahbarligida barcha sohada juda katta ishlar, oʻzgarishlar roʻyobga chiqmoqda. Bularning oʻzagi mamlakatdagi iqtisodiy, huquqiy, siyosiy ochiqlikka borib taqaladi. Oʻzingiz ayting, bundan atigi 10 yil avval biror tadbirkor, u xoh yirik sarmoyador, xoh biznesini endigina boshlagan inson boʻlsin, hozirgi paytdagidek emin-erkin ishlay olarmidi? Yoʻq, albatta. Salgina boyigan insonga yoki hatto qimmatroq avtoulov mingan kishiga sabab boʻlsa, boʻlmasa “Sen buni qayerdan topding?!” degan savol nazari bilan qaralgan. Shu bois, odamlar mulkini, mablagʻini  ming xil usul bilan yashirishga harakat qilgan.

Yurtimizda tadbirkorlikka koʻrsatilayotgan eʼtibor, aholini ish bilan taʼminlashga, kambagʻallikni yoʻq qilishga qaratilgan saʼy-­harakatlar, gʻamxoʻrliklar bugungidek boʻlganmi? Yoʻq, albatta!

Eng muhimi, bular hammamizning koʻz oʻngimizda sodir boʻlayotgan haqiqatlardir. Shu maʼnoda, mamlakatimiz yetakchisi ona diyorimizda taʼlim, sogʻliqni saqlash, ekologik muammolar yechimini topish, ishsizlikni, kambagʻallikni yanada kamaytirish, yoshlarni kasb-hunarga jalb etish, zamonaviy texnologiyalar, sunʼiy intellekt kabi yoʻnalishlardan samarali foydalanish va boshqa koʻpdan-koʻp sohalardagi muam­molar, ularni bartaraf etish yuzasidan aniq vazifalarni oʻrtaga tashlamoqda.

2026-yilning “Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish yili” deb nomlanishida ham juda katta maʼno va mazmun, ulugʻ maqsadlar mujassam. Zero, mahallalarimiz rivoj topsagina, jamiyatimiz yuksaladi. “Kelgusi yilda ilk bor mahalla infratuzilmasini rivojlantirish uchun 20 trillion soʻmni viloyatlarning oʻziga beryapmiz. Eng muhimi, bu mablagʻlarning har bir soʻmi aholimiz uchun qoʻshilgan qiymat yaratishi zarur. Shu bois, bu pullar umuman qaysidir tuman uchun emas, balki mahallada ish oʻrinlari yaratadigan, aholini daromadli qiladigan aniq loyihalarga yoʻnaltiriladi”, deyildi Murojaatnomada.

Albatta, odamlarning ertangi kunga ishonchi, umidi adolatli jamiyat barpo etilishida, inson haq-huquqlarining muqaddas deb bilinishidadir. Tan olish kerak, bugun bu borada muammolar yoʻq emas. Lekin avvallari mamlakatda prokuratura, ichki ishlar idorasi yoki sudga ishi tushgan kishi borki, osonlikcha oʻzining haqligini isbotlay olmagan. Shuning uchun ham sudlarga oshirilgan ishlar hamisha “aybdorlik” tamgʻasi bilan yakun topgan. Ishi suddami, boʻldi, hech kimga oqlov hukmi chiqarilmasligi yolgʻonmidi yo? Oʻtgan 10 yilda huquq-tartibot sohasida ham anchagina ijobiy qadamlar tashlandi. Minglab yurtdoshlarimiz sud zalidan oqlanib chiqayotgani shundan.

“Lavozimim, unvonim bor, menga hech kim tegmaydi deganlar adashadi. Qonun oldida hamma teng!”. Bunday qatʼiy talab mamlakatimiz rahbari tomonidan qoʻyilganining oʻzi juda koʻp narsani anglatadi. Bu adolat va haqiqatga ishonch va umidni yanada mustahkamlamoqda.

Xalqimiz cheksiz xazina. Uning ming-ming yillik boy tarixi, betimsol qadriyatlari,  ulugʻ avliyolari, mutafakkirlari, donishmandlari bor. Shunday ekan, oʻz erkiga, istiqloliga 35 yil toʻlayotgan yurtimiz yaqin yillar ichida dunyo­ning eng oldi mamlakatlaridan biriga aylana oladi. Zero, bugungi nurafshon kunlar, yangilanishlar shunday fikr qilishga asos beradi.

Abdurasul JUMAQULOV,

jurnalist