Bugun deyarli barcha soha, hatto, shaxsiy hayotimiz ham raqamli muhit bilan bogʻlanib qolgan. Biroq bu qulayliklar bilan birga yangi xavf-xatarlar ham paydo boʻlmoqda. Shu sababli axborotni himoya qilish va kiberhujumlarning oldini olish dolzarb vazifaga aylandi.
Joriy yil 12-mart
kuni Prezidentimiz kiberjinoyatlar va uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurashish
hamda axborot texnologiyalaridan foydalanib sodir etiladigan
huquqbuzarliklarning oldini olish samaradorligini oshirish yuzasidan takliflar
taqdimoti bilan tanishishi chogʻida ham ushbu jihatlarga alohida toʻxtalgan
edi.
Bugun internet
tarmogʻida axborot tarqatish va maʼlumot izlash imkoniyati keng. Jumladan,
Oʻzbekistonda internetga kiruvchilar soni 31 milliondan oshgan boʻlib, shundan
14 millioni ijtimoiy tarmoqlardan faol foydalanmoqda.
Shu bilan birga, huquqbuzarlarning internet va ijtimoiy tarmoqlardan
gʻarazli maqsadlarda foydalanish holatlari kun sayin ortib bormoqda. Xususan,
soʻnggi olti yilda yurtimizda kiberjinoyatlar boʻyicha murojaatlar soni 48
baravar oshgan. Oʻtgan yili firibgarlik jinoyatlarining 82 foizi,
oʻgʻirliklarning 76 foizi kibermakonda sodir etilgan. Ular orqali jismoniy va
yuridik shaxslarga yetkazilgan moddiy zarar 2 trillion soʻmdan koʻp.
Koʻrinib turibdiki, kiberxavfsizlik faqat
texnik vositalar bilan bogʻliq emas. Bunda inson omili ham muhim. Yaʼni
foydalanuvchining bilimi, internetni ishlatishi va masʼuliyati katta ahamiyatga
ega. Amaliyot koʻrsatadiki, koʻplab kiberhujumlar aynan odamlarning
ehtiyotsizligidan kelib chiqadi. Masalan, shubhali havolalarga kirish,
ishonchsiz dasturlarni yuklab olish yoki shaxsiy maʼlumotlarni himoyasiz holda
tarqatish katta xavf tugʻdiradi.
Shuning uchun
kiberxavfsizlik madaniyatini shakllantirish juda muhim. Buning uchun esa ongli
harakat koʻnikmasi kerak. Bu faqat AT
mutaxassislari emas, balki har bir fuqaro uchun zarur. Chunki global tarmoqdan
foydalanuvchi har qanday inson kiberxavflarga duch kelishi mumkin. Zero, bugun
fishing, viruslar, maʼlumot oʻgʻirlash va akkauntlarni buzish holatlari keng
tarqalgan.
Bu jarayonda
taʼlim tizimi alohida ahamiyatga ega. Bolalarga yoshligidan internetdan toʻgʻri
foydalanish, shaxsiy maʼlumotlarni himoya qilish va xavflarni anglashni
oʻrgatish zarur. Shu bilan birga, oʻqituvchilar va ota-onalar ham bu borada
yetarli bilimga ega boʻlishi kerak. Chunki bolalarning xavfsizligi koʻp
jihatdan kattalar nazoratiga bogʻliq.
Jamiyatda raqamli
savodxonlikni oshirish muhim. Odamlarga internetdagi firibgarliklarni tanish,
ishonchli manbalarni ajratish va oʻzini himoya qilishni oʻrgatish kerak. Bu
ishda ommaviy axborot vositalari, ijtimoiy tarmoqlar va davlat tashkilotlari
faol ishtirok etishi lozim.
Yaʼni
kiberxavfsizlik madaniyatini shakllantirish hayotiy ehtiyojdir. Har bir inson internetdan ongli va
masʼuliyatli foydalanishni oʻrgansa, xavfsiz va ishonchli raqamli muhitni barpo
etish mumkin.
Kiberxavfsizlik
madaniyati texnologiyalar tez rivojlanishi sharoitida alohida ahamiyat kasb
etayotir. Ilgari kiberxavfsizlikka koʻproq texnik masala sifatida qaralgan
boʻlsa, hozir u insonning bilimi, odatlari va xulq-atvori bilan bogʻliq keng
tushuncha sifatida oʻrganilmoqda.
Xalqaro
standartlarda ham bu jihatga alohida eʼtibor qaratilgan. Masalan, ISO/IEC 27001
standartida tashkilotlarda axborot xavfsizligini taʼminlash uchun xodimlarni
oʻqitish, xabardorligini oshirish va xavfsizlik qoidalariga amal qilish
muhimligi belgilangan. Shuningdek, xalqaro tashkilotlar tomonidan tayyorlangan
hisobotlarda aholining raqamli savodxonligini oshirish va kiberxavfsizlik
madaniyatini rivojlantirish muhim vazifa sifatida koʻrsatiladi.
Odamlarga shaxsiy
maʼlumotlarni himoya qilish, internetda ehtiyotkor boʻlish va shubhali
havolalardan saqlanish kabi oddiy, ammo juda foydali maslahatlar beriladi. Bunday
manbalarning asosiy maqsadi har bir insonda xavfsizlik odatlarini
shakllantirishdir.
Bugungi kunda
axborotlashgan jamiyatda kiberxavfsizlik masalasi tobora muhim va bir vaqtning
oʻzida murakkab boʻlib bormoqda. Raqamli texnologiyalar tez rivojlanib, internet
orqali maʼlumot almashish juda osonlashdi. Koʻplab xizmatlar onlayn shaklga
oʻtdi. Shu bilan birga, kiberxavflarning turi koʻpayib, taʼsiri kengayib
bormoqda.
Kuzatuvlar
koʻrsatadiki, odamlar koʻp hollarda oddiy xatolarga yoʻl qoʻyadi. Masalan, oson
parol qoʻyadi, shubhali havolalarga bosadi, bilmasdan zararli dasturlarni
yuklab oladi yoki shaxsiy maʼlumotlarini himoya qilmaydi. Bu esa
kiberxavfsizlik madaniyati yetarli darajada shakllanmaganini anglatadi. Shuning
uchun muammoni hal qilish faqat texnikaga bogʻliq emas. U insonlar fikri va
odatlarini oʻzgartirishiga ham daxldordir.
Kiberxavfsizlik
madaniyati yaxshi rivojlangan jamiyatlarda odamlar internetdagi har bir
maʼlumotga ehtiyotkorlik bilan qaraydi. Ular har qanday xabar yoki havolani
tekshirmasdan ishonmaydi. Bu esa firibgarlik va kiberhujumlar taʼsirini
kamaytiradi. Masalan, raqamli savodxonlik yuqori davlatlarda fishing —
ishonchli tashkilotlar (bank, ijtimoiy tarmoqlar, davlat idoralari yoki onlayn
doʻkonlar nomidan xat yoki xabar yuborib, shaxsiy maʼlumotlarni aldov yoʻli
bilan olish) kabi hujumlar kamroq
uchraydi.
Agar maktab va oliy taʼlimda bolalarga internetdan toʻgʻri foydalanish
chuqur oʻrgatilsa, ular ancha ehtiyotkor boʻladi. Masalan, shaxsiy
maʼlumotlarni oshkor qilmaslik, notanish manbalardan fayl yuklamaslik va
shubhali saytlarga kirmaslik kabi odatlar shakllanadi.
Shu bilan birga, ota-onalarning bu boradagi bilimi muhim. Agar kattalar
internet xavflarini tushunmasa, bolalarni toʻliq himoya qilish qiyin boʻladi.
Shuning uchun kiberxavfsizlik madaniyati oilada ham shakllanishi kerak.
Tashkilotlarda bu
masala juda dolzarb. Agar korxonada axborot xavfsizligi qoidalari joriy qilinsa
va xodimlar doimiy oʻqitib borilsa, maʼlumotlar oʻgʻirlanishi kamayadi. Demak,
kiberxavfsizlik madaniyati faqat shaxsiy emas, balki jamoa darajasidagi ish.
Ijtimoiy
tarmoqlarda esa koʻpchilik odamlar shaxsiy maʼlumotlarini ochiq joylashtiradi.
Masalan, telefon raqami, manzil yoki shaxsiy suratlarini barchaga koʻrinadigan
qilib qoʻyadi. Bu esa firibgarlar uchun qulay imkoniyat yaratadi.
Kiberxavfsizlik madaniyati muayyan bosqichlar
orqali shakllanadi. Avvalo, inson bilim oladi — yaʼni internet xavflari haqida
tushunchaga ega boʻladi. Keyin bilimlarni amalda qoʻllay boshlaydi. Shu orqali
insonda xavfni oldindan sezish qobiliyati paydo boʻladi. U internetdagi holatni
baholab, toʻgʻri yoki notoʻgʻri ekanini ajrata oladi. Natijada toʻgʻri qaror
qabul qiladi va xavfsiz harakat qilish odatini shakllantiradi.
Shu tariqa
kiberxavfsizlik insonning kundalik odatiga aylanadi. Bu nafaqat shaxsiy
xavfsizlikni taʼminlaydi, balki umumiy xavfsiz raqamli muhit yaratishga ham
xizmat qiladi.
Jamiyatda
kiberxavfsizlik madaniyati barchada bir xil emas. Masalan, foydalanuvchilarning
qariyb yarmi — 45 foizi past darajadagi kiberxavfsizlik madaniyatiga ega. Bu
guruh internetda eng koʻp xavfga duch keladi. Chunki ular odatda shubhali
havolalarni tekshirmasdan ochadi, oson parollardan foydalanadi va shaxsiy
maʼlumotlarini yetarli darajada himoya qilmaydi.
Foydalanuvchilarning
35 foizi oʻrta darajada hisoblanadi. Ular kiberxavfsizlik haqida maʼlum bilimga
ega, lekin amalda har doim ham qoidalarga rioya qilmaydi. Shuning uchun bu
guruhda qoʻshimcha oʻquvlar va tushuntirish ishlari olib borish muhim.
Eng kam qism — 20
foiz foydalanuvchilar esa bu borada yuqori darajada bilim va tushunchaga ega.
Ular internetdan ehtiyotkor boʻlib foydalanadi, shaxsiy maʼlumotlarini himoya
qiladi va xavflarni tezda anglay oladi. Aynan shu guruh xavfsiz raqamli
jamiyatni shakllantirishda asosiy tayanch boʻladi.
Bu natijalar jamiyatda kiberxavfsizlik madaniyatini oshirish zarurligini
koʻrsatadi. Ayniqsa, past va oʻrta darajadagi foydalanuvchilar bilan maqsadli
ishlansa, umumiy xavfsizlikni sezilarli darajada yaxshilash mumkin.
Kiberxavfsizlik madaniyati — barchaga tegishli masala. Agar
har bir inson oʻz xavfsizligi uchun masʼuliyatni his qilsa, jamiyatda xavfsiz
va ishonchli raqamli muhitni yaratish mumkin boʻladi.
Azizbek SOBIROV,
iqtisodiyot fanlari boʻyicha falsafa
doktori, dotsent