Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Toshkent viloyati boshqarmasi tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda fuqaro T.T. 12 nafar fuqaroning ishonchiga kirib, ularni Koreya davlatiga ishga yuborishini aytib, 38 000 AQSh dollarini firibgarlik yo‘li bilan qo‘lga kiritib, ushbu pullarni muqaddam Migratsiya Agentligida ishlagan A.A.ga (muqaddam JKning 168 va 211-moddalari bilan sudlangan) berganligi aniqlangan.

Departamentning Marg‘ilon shahri bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda fuqaro I.R. (muqaddam sudlangan) 2 nafar fuqaroni Koreya davlatiga ishga yuborishini va’da qilib, ulardan jami 3 500 AQSh dollarini firibgarlik yo‘li bilan qo‘lga kiritganligi aniqlanib, ushbu pullar hisobidan 3 mln so‘mning qaytarilishi protsessual tartibda rasmiylashtirilgan.

Departamentning Dehqonobod tumani bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda fuqarolar I.X. (muqaddam JKning 168-moddasi bilan sudlangan) va A.K. migratsiya agentligida ishlovchi tanishlari orqali fuqaro B.T.ni Koreya Respublikasiga ishga yuborishlarini aytib, 2 000 AQSh dollari va 36 mln so‘mni firibgarlik yo‘li bilan qo‘lga kiritganliklari aniqlangan.

Departamentning Xonobod shahri bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda fuqaro A.A. (muqaddam JKning 168-moddasi bilan sudlangan) 3 nafar fuqaroni Koreya davlatiga ishga yuborishi uchun viza olib berishini aytib, 2 500 AQSh dollari va 11 mln so‘mni firibgarlik yo‘li bilan qo‘lga kiritganligi aniqlanib, ushbu pullar hisobidan 1 000 AQSh dollarining qaytarilishi protsessual tartibda rasmiylashtirilgan.

Departamentning Do‘stlik tumani bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda fuqaro Yu.L. (muqaddam sudlangan) 11 000 AQSh dollari evaziga fuqaro U.F.ni migratsiya agentligida ishlovchi tanishlari orqali Koreya davlatiga ishga yuborishini va’da qilib, shundan 2 300 AQSh dollarini firibgarlik bilan qo‘lga kiritganligi aniqlangan.

Departamentning Bog‘ot tumani bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda fuqaro X.K. 3 500 AQSh dollari evaziga fuqaro A.A.ni Koreya davlatiga ishga ketishi uchun o‘tkaziladigan imtihonlaridan ijobiy natijalar bilan o‘tkazib berishini aytib, kelishilgan puldan 1 000 AQSh dollarini firibgarlik yo‘li bilan qo‘lga kiritganligi aniqlangan.

Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.