Madaniyat Moʻynoqdan boshlanadi. Mamlakatimiz yetakchisi ushbu fikrni yangi Oʻzbekistonni bunyod etish borasidagi ilk qadamlar tashlangan kunlarda aytgan edi. Qisqa vaqt ichida ushbu orzu roʻyobga chiqdi. Bugun Moʻynoq iqtisodiy oʻsishga yuz tutib, ijtimoiy yuksalishga erisha boshladi. Umuman olganda, yurtimizdagi olis qishloq va ovullarga yangilanishlar nafasi birdek kirib bordi. Buni Qoraqalpogʻiston misolida ham koʻrish mumkin.

Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika institutida tashkil etilgan “Yangi Oʻzbekiston” va “Pravda Vostoka” gazetalari kunlari doirasidagi tadbirda ishtirok etganlar buni yana bir karra eʼtirof etdi.

Tadbirda “Yangi Oʻzbekiston” va “Pravda Vostoka” gazetalari tahririyati bosh muharriri Salim Doniyorov, bosh muharrir oʻrinbosari Abu Bakir Oʻrozov, Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi Qoraqalpogʻiston Respublikasi boʻlimi boshligʻi Tatlimurat Atamuratov, Qoraqalpogʻiston Yozuvchilar uyushmasi raisi Kenesbay Karimov, qoraqalpogʻistonlik ijodkorlar va institut professor-oʻqituvchilari, talaba-yoshlar va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Unda soʻzga chiqqanlar milliy media makonimizda “Yangi Oʻzbekiston” va “Pravda Vostoka” gazetalarining oʻrni va ahamiyati haqida soʻz yuritdi. Ayniqsa, tahririyatning zamonaviy talablarni toʻla oʻrganib, oʻzlashtirib faoliyat yuritishi eʼtirof etildi. Jumladan, gazetalardagi maqolalarni tahririyatning rasmiy veb-sayti, ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalari orqali ham oʻqish imkoniyati bor. Bu yoshlar orasida ham bugungi siyosiy-ijtimoiy voqealar haqidagi teran tahliliy maqolalar bilan tanishib borish imkonini beradi. Yana bir muhim jihati, “Yangi Oʻzbekiston” gazetasi maqolalarni Qoraqalpoq tilida ham berib boradi. Bu ham qoraqalpogʻistonlik oʻquvchilar uchun katta imkoniyat ekani eʼtirof etildi.

— “Yangi Oʻzbekiston” gazetasida chop etilgan maqolalarni sinchiklab oʻqib boramiz, — deydi Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi Qoraqalpogʻiston Respublikasi boʻlimi boshligʻi Tatlimurat Atamuratov. — Gazeta sahifasidagi har bir maqola jonli, sodda tilda ravon yozilgani bilan oʻquvchini oʻziga tortadi. Bu bizga mamlakatimizdagi islohotlarni teran anglashimizga koʻmak beradi. Shu bilan birga yangilanishlarning oddiy odamlar hayotida qanchalik oʻzgarishlarga sabab boʻlayotgani bilan ham yaqindan tanishamiz. Bugun mana shunday nufuzli tahririyat bosh muhariri ijodiy jamoasi bilan kelib, biz oʻquvchilar bilan fikr almashishi bizni behad sevintirdi.

Xuddi shunday uchrashuv Moʻynoq tumanidagi 2-sonli bolalar musiqa va sanʼat maktabida ham boʻlib oʻtdi. Unda yurtimizning eng chekka tumanida yashab ijod qilayotgan ijodkorlar, moʻynoqlik oʻqituvchi va oʻquvchilar ishtirok etdi.

Tadbirda soʻzga chiqqanlar soʻnggi yillarda Moʻynoqdagi tub islohotlar haqida fikr yuritdi. Shuningdek, ushbu oʻzgarishlarning “Yangi Oʻzbekiston” va “Pravda Vostoka” gazetalari tahririyati jamoasi tomonida keng yoritib borilayotgani eʼtirof etildi. Tadbir soʻnggida ishtirokchilar poytaxtdan kelgan mehmonlarga oʻzini qiziqtirgan savollarni berib javob oldi.

Minajatdin QUTLIMURATOV,

“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri