Madaniyat Moʻynoqdan boshlanadi. Mamlakatimiz yetakchisi ushbu fikrni yangi Oʻzbekistonni bunyod etish borasidagi ilk qadamlar tashlangan kunlarda aytgan edi. Qisqa vaqt ichida ushbu orzu roʻyobga chiqdi. Bugun Moʻynoq iqtisodiy oʻsishga yuz tutib, ijtimoiy yuksalishga erisha boshladi. Umuman olganda, yurtimizdagi olis qishloq va ovullarga yangilanishlar nafasi birdek kirib bordi. Buni Qoraqalpogʻiston misolida ham koʻrish mumkin.
Ajiniyoz nomidagi
Nukus davlat pedagogika institutida tashkil etilgan “Yangi Oʻzbekiston” va
“Pravda Vostoka” gazetalari kunlari doirasidagi tadbirda ishtirok etganlar buni
yana bir karra eʼtirof etdi.
Tadbirda “Yangi
Oʻzbekiston” va “Pravda Vostoka” gazetalari tahririyati bosh muharriri Salim
Doniyorov, bosh muharrir oʻrinbosari Abu Bakir Oʻrozov, Respublika Maʼnaviyat
va maʼrifat markazi Qoraqalpogʻiston Respublikasi boʻlimi boshligʻi Tatlimurat
Atamuratov, Qoraqalpogʻiston Yozuvchilar uyushmasi raisi Kenesbay Karimov,
qoraqalpogʻistonlik ijodkorlar va institut professor-oʻqituvchilari,
talaba-yoshlar va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Unda soʻzga
chiqqanlar milliy media makonimizda “Yangi Oʻzbekiston” va “Pravda Vostoka”
gazetalarining oʻrni va ahamiyati haqida soʻz yuritdi. Ayniqsa, tahririyatning
zamonaviy talablarni toʻla oʻrganib, oʻzlashtirib faoliyat yuritishi eʼtirof
etildi. Jumladan, gazetalardagi maqolalarni tahririyatning rasmiy veb-sayti,
ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalari orqali ham oʻqish imkoniyati bor. Bu yoshlar
orasida ham bugungi siyosiy-ijtimoiy voqealar haqidagi teran tahliliy maqolalar
bilan tanishib borish imkonini beradi. Yana bir muhim jihati, “Yangi
Oʻzbekiston” gazetasi maqolalarni Qoraqalpoq tilida ham berib boradi. Bu ham
qoraqalpogʻistonlik oʻquvchilar uchun katta imkoniyat ekani eʼtirof etildi.
— “Yangi
Oʻzbekiston” gazetasida chop etilgan maqolalarni sinchiklab oʻqib boramiz, —
deydi Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi Qoraqalpogʻiston Respublikasi
boʻlimi boshligʻi Tatlimurat Atamuratov. — Gazeta sahifasidagi har bir maqola
jonli, sodda tilda ravon yozilgani bilan oʻquvchini oʻziga tortadi. Bu bizga
mamlakatimizdagi islohotlarni teran anglashimizga koʻmak beradi. Shu bilan
birga yangilanishlarning oddiy odamlar hayotida qanchalik oʻzgarishlarga sabab
boʻlayotgani bilan ham yaqindan tanishamiz. Bugun mana shunday nufuzli
tahririyat bosh muhariri ijodiy jamoasi bilan kelib, biz oʻquvchilar bilan fikr
almashishi bizni behad sevintirdi.
Xuddi shunday
uchrashuv Moʻynoq tumanidagi 2-sonli bolalar musiqa va sanʼat maktabida ham boʻlib
oʻtdi. Unda yurtimizning eng chekka tumanida yashab ijod qilayotgan ijodkorlar,
moʻynoqlik oʻqituvchi va oʻquvchilar ishtirok etdi.
Tadbirda soʻzga
chiqqanlar soʻnggi yillarda Moʻynoqdagi tub islohotlar haqida fikr yuritdi.
Shuningdek, ushbu oʻzgarishlarning “Yangi Oʻzbekiston” va “Pravda Vostoka”
gazetalari tahririyati jamoasi tomonida keng yoritib borilayotgani eʼtirof
etildi. Tadbir soʻnggida ishtirokchilar poytaxtdan kelgan mehmonlarga oʻzini
qiziqtirgan savollarni berib javob oldi.
Minajatdin QUTLIMURATOV,
“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri