Qonun bilan ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritildi. Xususan, iqtisodiy sudlarning maʼmuriy boshqaruv tizimini soddalashtirishga qaratilgan normalar belgilandi.
Shuningdek, maʼmuriy sudlar maʼmuriy ishlarni muhokama qilish jarayonida maʼmuriy huquqbuzarliklar aniqlangan taqdirda, Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksning 180 va 181-moddalarida nazarda tutilgan huquqbuzarliklar toʻgʻrisidagi ishlarni koʻrib chiqishi belgilandi.
Maʼmuriy sud ishlarini yuritish toʻgʻrisidagi kodeksga ishonchning huquqiy himoyasi prinsipi ham kiritildi.
Yangi tartibga koʻra, maʼmuriy organlar, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari va ular mansabdor shaxslarining qonunchilikka mos kelmaydigan, shaxslarning huquqlari va manfaatlarini buzadigan qarorlari, harakatlari yoki harakatsizligi ustidan berilgan arizalar boʻyicha ishni sud muhokamasiga tayyorlash jarayonida dastlabki eshituv oʻtkaziladi.
Sudya dastlabki eshituvni ariza sudga kelib tushgan kundan eʼtiboran 20 kundan kechiktirmay oʻtkazishi kerak.
Dastlabki eshituvda sudya:
— arizachining talablari va javobgarning eʼtirozlarini aniqlaydi;
— arizadagi kamchiliklarni bartaraf etish choralarini koʻradi;
— arizachiga zarur dalillarni, javobgarga esa oʻz fikrini yozma ravishda taqdim etish boʻyicha tushuntirishlar beradi;
— arizadagi talablar va ishdagi dalillarga dastlabki huquqiy baho beradi.
Dastlabki eshituv yakunlari boʻyicha arizani koʻrmasdan qoldirish, kelishuv bitimini tasdiqlash yoki ish boʻyicha sud muhokamasini tayinlash toʻgʻrisida ajrim chiqariladi.