Ammo, voyaga yetgan miyadagi o‘zak hujayralar yangi nerv hujayralarining paydo bo‘lishini tezlashtirishi yoki sekinlashtirishi mumkin bo‘lgan maxsus neyronlarga bo‘ysunadi, deb xabar berdi nkj.ru.
Sut emizuvchilarning miyasida yangi neyronlar paydo bo‘lishi mumkinligi nisbatan uzoq vaqtdan beri ma’lum bo‘lsa-da, ilmiy hamjamiyat buni tan olishi uchun biroz vaqt kerak bo‘ldi. Kattalar neyrogenezi asosiy xotira markazlaridan biri bo‘lgan gippokampda va miya qorinchalariga yaqin joylashgan subventrikulyar sohada sodir bo‘ladi. Bir yil oldin Shvetsiyadagi Karolina instituti tadqiqotchilari kattalar neyrogenezi nafaqat kemiruvchilarda, balki odamda ham sodir bo‘lishini isbotlashga muvaffaq bo‘lishdi.
Ma’lumki, yangi neyronlar maxsus o‘zak hujayralardan hosil bo‘lishi kerak. Ammo keyin juda murakkab savol tug‘iladi: bu hujayralar miyaga yangi neyronlar partiyasi kerakligini qanday tushunadi? O‘zak hujayralar kerak bo‘lganda va qancha kerak bo‘lsa, shuncha ishlashi kerak, ularni boshqarish uchun esa qandaydir maxsus "departament" mavjud bo‘lishi kerak. Lekin u qayerda bo‘lishi va qanday ko‘rinishda bo‘lishi mumkin?
Dyuk universiteti tadqiqotchilari bu savolga qisman javob berishga muvaffaq bo‘lishdi, ular kemiruvchilar miyasida miyaning subventrikulyar qismidagi o‘zak hujayralarini nazorat qiluvchi maxsus neyronlar populyatsiyasini aniqladi. Chay Guoning so‘zlariga ko‘ra, u va uning hamkasblari o‘zak hujayralarni himoya qiluvchi neyronlar bilan nerv zanjiri qanday tuzilganini hali aniq bilmaydilar. Biroq, aynan shu neyronlar o‘z signallari bilan neyrogenez faolligini boshqarishiga shubha qilmasa ham bo‘ladi.
Tajribalar besh yil davom etdi va natijada tadqiqotchilar atsetilxolin neyromediatorini ishlab chiqarish uchun zarur bo‘lgan atsetilxolintransferaza fermentini kuchli sintez qilgan hujayralar guruhini topishdi. Atsetilxolin asab-mushak signallarini uzatishda ishtirok etadi, shuningdek, u parasimpatik tizim va xotira markazlariga zarur va ehtimol, neyrogenez ham usiz ishlamaydi. Atsetilxolin "fabrikalari" o‘zak hujayralarni boshqarishda ishtirok etishini tadqiqotchilar ushbu neyronlar faoliyatini tartibga solish orqali aniqladilar: ularning faolligi rag‘batlantirilsa yoki bostirilsa, o‘zak hujayralar ko‘proq yoki kamroq neyron o‘tmishdoshlarini ishlab chiqargan. Tajriba natijalari Nature Neuroscience jurnalida chop etilgan.
Endi tadqiqotchilar oldida inson miyasidagi o‘zak hujayralarning boshqarilishi qanday ekanligini aniqlash vazifasi turibdi. Ba’zi ma’lumotlar shuni ko‘rsatadiki, o‘zak hujayralar dofamin va serotonin signallariga bo‘ysunadi, shuning uchun atsetilxolin bu yerda ishtirok etadigan yagona neyromediator emas va neyrogenezni boshqarishda boshqa neyronlar ham ishtirok etishi mumkin. Bu masalaga bo‘lgan qiziqishning ortishi tushunarli: agar biz miya o‘zak hujayralari faoliyatini qanday boshqarishni bilsak, ular yordamida jarohat, insult, Alsgeymer sindromi yoki boshqa kasalliklar tufayli sodir bo‘lgan neyron yo‘qotishlarini to‘ldirishimiz mumkin.
Nima bo‘lganda ham, eng muhimi – asabingizni asrang va bunga muntazam amal qiling. Ana shunda yutqazmaysiz. Umringiz uzoq bo‘lsin!