Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Andijon viloyati boshqarmasi xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda «Vatanparvar» tashkilotining Shahrixon o‘quv-sport texnika markazi o‘qituvchisi ushlandi.
Tergovga qadar o‘tkazilgan surishtiruvlarda aniqlanishicha, u haydovchilik guvohnomasidan mahrum qilingan fuqaroga go‘yoki yuqori lavozimda ishlovchi tanishlari orqali haydovchilik guvohnomasini qayta rasmiylashtirib berishini va’da qilgan.
Buning evaziga 1 850 AQSh dollarini olayotgan vaqtida u ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Mazkur holat yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) hamda 28, 211-moddasi (pora berishga dalolat qilish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda tergov harakatlari davom etmoqda.