Uchrashuvda Oʻmon Savdo-sanoat palatasi raisi Shayx Faysal al-Ravas, “SABCO Group” direktorlar kengashi raisi Said Xolid bin Hamad al-Busaydiy, “Voltamp Energy” direktorlar kengashi raisi Said Ayman al-Busaydiy, “Asyad Group” bosh ijrochi direktori Abdurahmon bin Salim al-Hatmiy, “Zubair Corporation” kompaniyasi boshqaruvi kengashi raisi Rashad Muhammad al-Zubayr, “UzOman” kompaniyasi rahbari Umar Bahrom ishtirok etdilar.
Tadbirda Oʻzbekiston – Oʻmon investitsiya kompaniyasi ustav kapitalini oshirish, togʻ-kon, “yashil” energetika, elektrotexnika, kimyo, shaharsozlik, transport va logistika, infratuzilma, qishloq xoʻjaligi va boshqa istiqbolli yoʻnalishlarda qoʻshma loyihalarni amalga oshirish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.
Ikki mamlakat tadbirkorlari oʻrtasida toʻgʻridan-toʻgʻri muloqotni taʼminlashda yangi tashkil etilayotgan Oʻzbekiston – Oʻmon ishbilarmonlar kengashining faoliyati muhim oʻrin tutishi taʼkidlandi.
Uchrashuv yakunida ilgari surilgan tashabbuslarni amalga oshirish maqsadida qoʻshma ishchi guruh tuzish va bajarilgan ishlar natijalarini har chorakda muhokama qilib borishga kelishib olindi.