Oʻmon Sultoni ikki davlat oʻrtasidagi doʻstona munosabatlarni mustahkamlash, koʻp qirrali hamkorlikni sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqishga qoʻshgan ulkan hissasi uchun Prezidentimizni Sultonlikning oliy davlat mukofoti – “Ol Said” ordeni bilan taqdirladi.
Davlatimiz rahbari bunday yuksak eʼtirof uchun Oʻmon Sultoniga samimiy minnatdorlik bildirib, ushbu mukofotni butun Oʻzbekiston xalqiga, mamlakatlarimiz oʻrtasidagi azaliy doʻstlik va mustahkam hamkorlikka koʻrsatilgan yuksak hurmat ifodasi sifatida qabul qilishini taʼkidladi.
Oʻz navbatida, Prezidentimiz Oʻmon Sultonini mamlakatlarimiz oʻrtasidagi doʻstlik va oʻzaro anglashuvni mustahkamlash, siyosiy-diplomatik, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy va madaniy-gumanitar sohalardagi aloqalarni izchil rivojlantirishga qoʻshgan salmoqli hissasi uchun “Oliy Darajali Doʻstlik” ordeni bilan mukofotladi.
Taʼkidlanganidek, ushbu mukofot Oʻmon Sultonining ikki tomonlama munosabatlarni rivojlantirish yoʻlidagi saʼy-harakatlariga Oʻzbekiston xalqi va davlati tomonidan bildirilgan yuksak ehtirom ifodasidir.
Yetakchilarning oliy davlat mukofotlari bilan oʻzaro taqdirlanishi tomonlarning koʻp qirrali sheriklikni yanada mustahkamlashga boʻlgan qatʼiy intilishini namoyon etdi.