Tibbiyot muassasalarini joylashtirish, qurish va jihozlash aholining ehtiyojiga tayangan holda rejalashtirilishi zarur. Hozir ayrim hududlarda xizmatlar tarqoq tashkil etilgan, shifo o‘rinlari noto‘g‘ri taqsimlangan, eski binolar va uskunalardan foydalanish esa tibbiy yordam sifatiga ta’sir qilmoqda.
Ishni mavjud obyektlar haqidagi aniq ma’lumotlarni shakllantirishdan boshlash ko‘zda tutilgan. O‘nta viloyatda o‘tkazilgan xatlovda sohaga tegishli 3 ming 499 ta obyekt aniqlangan. Bu Kadastr agentligi ma’lumotlaridagidan 494 taga ko‘p. Barcha hududlarda xatlovni yakunlash, obyektlarning elektron pasportlarini shakllantirish va soha ko‘chmas mulkining yagona raqamli reyestrini yaratish taklif etildi.
Shu ma’lumotlar asosida 2026–2036-yillarga mo‘ljallangan tibbiy infratuzilma master-rejalarini amalga oshirish masalasi ko‘rib chiqildi. Har bir hudud bo‘yicha aholi soni va o‘sishi, tibbiy xizmatlarga ehtiyoj, muassasalarning quvvati hamda bemorlarning ularga yetib borish vaqti hisobga olinadi. Master-reja qaysi obyektni saqlab qolish, birlashtirish yoki rekonstruksiya qilish, yangisini qayerda qurish, uni qanday jihozlash va qancha mutaxassis zarurligini belgilaydi. Investitsiya dasturlarini ham shu rejalar asosida shakllantirish nazarda tutilmoqda.
Tizimda muassasalar ko‘rsatadigan yordam darajasiga qarab o‘zaro bog‘lanadi. Murakkab va yuqori texnologik xizmatlar tayanch markazlarda jamlanadi, tumanlarda esa bazaviy va shoshilinch tibbiy yordam saqlanadi. Birlamchi bo‘g‘inni rejalashtirishda qishloq va olis aholi punktlari hamda shaharlar uchun alohida xizmat ko‘rsatish me’yorlari qo‘llanadi.
Bunday yondashuv zarurati Samarqand viloyati misolida ko‘rsatib berildi. Viloyat aholisining 80 foizi tumanlarda yashaydi, biroq tumanlar hissasiga shifo o‘rinlarining 41,7 foizi to‘g‘ri keladi. Master-rejada tibbiy hududlarni qayta tashkil etish orqali tumanlar ulushini 67 foizga yetkazish, xizmatlarni aholiga yaqinlashtirish ko‘zda tutilgan.
Samarqand shahri, Urgut, Pastdarg‘om, Kattaqo‘rg‘on, Ishtixon va Payariqda yangi shifoxonalar qurish hamda mavjudlarini rekonstruksiya qilish rejalari haqida axborot berildi. Viloyat markazidagi ixtisoslashgan muassasalarni ko‘p tarmoqli shifoxonalar negizida qayta tashkil etish, markaziy laboratoriyalar, sterilizatsiya va tashxislash xizmatlarini rivojlantirish taklif qilindi. Urgut, Kattaqo‘rg‘on va Pastdarg‘omda 2030-yilgacha jami 1 ming 500 ta yangi shifo o‘rni yaratish nazarda tutilmoqda.
Yangi obyektlar faqat bino qurish bilan cheklanmasligi ta’kidlandi. Poliklinika va shifoxonalarni loyihalashda bemorlar harakatini qulay tashkil etish, infeksion nazorat, inklyuziv muhit va xonalarni jihozlash bo‘yicha yagona talablarni joriy etish taklif qilindi. Davolashda esa xalqaro tavsiyalarga asoslangan klinik protokollarni milliy sharoitga moslashtirish, amaliyotga tatbiq etish va natijalarini muntazam baholash ko‘zda tutilmoqda.
Sog‘liqni saqlash tizimida xususiy sektor ishtirokini kengaytirishga doir qaror loyihasi ham ko‘rib chiqildi. Unda tibbiy va yordamchi xizmatlarni, jumladan, gemodializ, laboratoriya diagnostikasi, tashxislash hamda uskunalarga texnik xizmat ko‘rsatishni autsorsing asosida xarid qilish taklif etilgan. Bir yillik shartnomalar o‘rniga besh yilgacha bo‘lgan hamkorlik mexanizmlarini qo‘llash xususiy sheriklarga uskuna va xizmatlarga uzoq muddatli sarmoya kiritish imkonini beradi.
Bunda davlat tibbiyot muassasasi xizmatni xarid qiladi, xususiy tashkilot esa zarur uskunani o‘z hisobidan olib kelib, uning ishlashi va yangilanishini ta’minlaydi. Xaridlarni tashkil etish uchun yagona tender hujjatlari va elektron tizim joriy etish, ayrim muassasalarni professional kompaniyalarga boshqaruvga berish imkoniyatlari ko‘rib chiqildi.
Davlatimiz rahbari taqdimot qilingan takliflarni puxta ishlab chiqib, bosqichma-bosqich amaliyotga joriy qilish yuzasidan mutasaddilarga tegishli ko‘rsatmalar berdi.