Bu Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026 yil 12 oktabrdagi «Transport-logistika tizimini rivojlantirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida»gi qarorida belgilangan.
Hujjatga koʻra, 2026–2030 yillarda transport-logistika tizimini rivojlantirish boʻyicha bir qator maqsadli koʻrsatkichlarga erishish nazarda tutilgan. Jumladan, transport va logistika xizmatlari eksportini 3,5 mlrd AQSH dollariga, respublika hududi orqali tranzit yuk tashish hajmini esa 18,5 mln tonnaga yetkazish belgilangan.
Shuningdek, davlat chegarasi orqali oʻtkazish punktlarining yuk tashish qobiliyati va transport-logistika markazlarida konteynerlarga ishlov berish quvvati ikki barobarga oshiriladi.
Qarorga muvofiq, Andijon viloyatining Xonobod shahri, Buxoro viloyatining Olot tumani, Surxondaryo viloyatining Termiz tumani hamda Toshkent viloyatining Yangiyoʻl va Ohangaron tumanlari transport-logistika sohasiga ixtisoslashtiriladi.
Transport-logistika markazlarida terminallarni boshqarish (TOS) va omborlarni boshqarish (WMS) tizimlari joriy etiladi. Ular 2030 yil oxirigacha Transport vazirligining «E-logistika» platformasiga ulanadi.
Qarorda transport-logistika markazlari uchun soliq va bojxona imtiyozlari ham nazarda tutilgan.
Jumladan, belgilangan talablarga javob beradigan markazlar 2040 yilgacha yer soligʻi va mol-mulk soligʻidan toʻliq ozod qilinadi. Buning uchun markaz ESKATOning quruqlik portlari toʻgʻrisidagi bitimiga kiritilgan boʻlishi, tegishli tizimlarni joriy etgan va «E-logistika» platformasida «BB» va undan yuqori reytingga ega boʻlishi shart.
Transport-logistika markazlari reyestriga kiritilgan markazlar uchun 2029 yil 1 avgustgacha respublikada ishlab chiqarilmaydigan omborxona uskunalari, yuk ortish-tushirish texnikasi, agregatlar va ehtiyot qismlarni olib kirishda bojxona boji va majburiy sertifikatlash boʻyicha imtiyozlar beriladi.
Bundan tashqari, 2026 yil 1 noyabrdan xalqaro kuryerlik joʻnatmalarini bojxona rasmiylashtiruvdan oʻtkazganlik uchun amaldagi bojxona yigʻimi stavkasi 20 foizga pasaytiriladi.
Qarorga koʻra, 2027 yil 31 dekabrgacha M₂, M₃ va N toifdagi transport vositalarini ishlab chiqaruvchi korxonalar respublikada ishlab chiqarilmaydigan komponentlarni bojxona boji toʻlamasdan import qilishi mumkin.