Hukumatning 2026 yil 20 avgustdagi 449-son qarori bilan «Texnikumlar bilan dual ta’limni yo‘lga qo‘ygan hamda bitiruvchilar bandligini ta’minlagan tashkilotlarga kredit ajratish tartibi to‘g‘risida»gi nizom tasdiqlandi.

Unga ko‘ra, texnikum bilan dual ta’lim bo‘yicha amaldagi shartnomaga ega, o‘quvchilar uchun ish joyi va ishlab chiqarish amaliyotini tashkil etgan tashkilotlar kredit olish huquqiga ega.

Bunda tashkilot o‘quvchilarga malakali mutaxassislarni «ustoz» sifatida biriktirishi, dual ta’limda o‘qiyotganlar bilan muddatli mehnat shartnomalari tuzishi va ularga ish haqi to‘lashi lozim.

Shuningdek, tashkilot joriy yilda texnikum bitiruvchisini vakant ish o‘rniga mehnat shartnomasi asosida ishga qabul qilgan bo‘lishi kerak.

Kredit olish uchun tashkilotlar tijorat bankiga ariza, tasdiqlovchi hujjatlar, texnikum va o‘quvchilar bilan tuzilgan shartnomalar nusxalari, dual ta’lim dasturi va o‘quvchilar ro‘yxati, kreditdan foydalanish rejasi hamda soliq qarzi mavjud emasligi haqidagi ma’lumotni taqdim etadi.

Taqdim etilgan hujjatlar kreditga layoqatlilik talablariga mos kelgan taqdirda, tijorat banki 3 ish kuni ichida tashkilotga xabar beradi, kredit shartnomasini tuzadi va mablag‘ni uning hisobvarag‘iga o‘tkazadi.