Istanbulning Maltepe tumanida yetti qavatli binoning qisman qulab tushishi oqibatida uch kishi vayronalar ostidan chiqarib olindi. NTV telekanali ma’lumotiga ko‘ra, voqea joyida qutqaruv ishlari davom etmoqda va aholi evakuatsiya qilinmoqda.
Omon qolganlar orasida 14 yoshli o‘smir ham bor. Jabrlanganlarning barchasi shifoxonaga yetkazilgan, ularning ahvoli qoniqarli ekani aytilmoqda. Munitsipalitet rasmiylari ushbu manzilda 33 nafar aholi ro‘yxatda turishini ma’lum qildi. Hozircha bino qulagan paytda ichkarida qancha odam bo‘lgani noma’lum.
Istanbulning Anadolu tomoni bo‘yicha Bosh prokuratura hodisa tafsilotlari yuzasidan tergov boshladi.
Qulash mahalliy vaqt bilan soat 05:40 atrofida Maltepe tumanining Jevizli dahasida yuz berdi. Yetti qavatli binoning bir tomonidagi uchta qavat qulab tushdi. Binoning quyi qavatlarida to‘qimachilik ustaxonasi va savdo do‘konlari joylashgan. Hodisa vaqtida ular yopiq edi.
Hozirda vayronalar ostida qolib ketgan odamlarning aniq soni haqida ma’lumot yo‘q. Voqea joyida ko‘plab qutqaruv va tibbiyot guruhlari ishlamoqda, shuningdek, yuqori qavatlarda va binoning shikastlanmagan qismida qolib ketgan aholi evakuatsiya qilinmoqda, deb xabar berdi tass.ru.