Qoraqalpog‘istonning Nukus shahrida tovlamachilik yo‘li bilan fuqarodan 200 ming AQSh dollari talab qilgan shaxs qo‘lga olindi.
Bu haqida Ichki ishlar vazirligi xabar berdi.
Maʼlum qilinishicha, chet el fuqarosi Nukus shahri Ichki ishlar organlariga murojaat qilib, oʻz rahbarligidagi kompaniya filialida ishlagan shaxs uni shantaj qilayotganini bildirgan.
Mazkur shaxsning aytishicha, filialda operator boʻlib ishlagan S. ismli fuqaro internet orqali yozishmalar yuborib, kompaniya obroʻsiga putur etkazuvchi maʼlumotlar borligini aytgan. U turli bosimlar orqali 200 ming AQSh dollari talab qilib, aks holda maʼlumotlarni ommaviy axborot vositalariga tarqatish bilan tahdid qilgan.
Tezkor-qidiruv tadbirlari davomida S. ismli fuqaro Nukus shahridagi mehmonxonalardan birida pulni olgan vaqtda ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Qayd etilishicha, mazkur shaxs avval ham sudlangan boʻlib, yana jinoyat yoʻliga kirgan.
Holat yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 165-moddasi (tovlamachilik) bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan.