Joriy oʻquv yilida oliygohlarning 209,1 ming nafar 1-bosqich talabasi ilk bor talabalik hayotiga qadam qoʻydi.

Yangi oʻquv yilining ilk kunida oliy taʼlim tashkilotlarida Oʻzbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligiga bagʻishlangan “Kelajak soati” maʼrifiy darslari oʻtkazilmoqda.

Ushbu darslarda yoshlarga mamlakatimiz mustaqillik yillarida bosib oʻtgan taraqqiyot yoʻli, amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlar, Yangi Oʻzbekistonning bugungi taraqqiyot bosqichi hamda yoshlarning mamlakat kelajagini barpo etishdagi oʻrni haqida fikr-mulohazalar bildirilmoqda.

Shuningdek, dastlabki oʻquv haftaligida birinchi bosqich talabalari uchun “Birinchi kurs maktabi”, “Kredit taʼlimi tizimiga kirish” haftaligi hamda “Talabalikka bagʻishlov” tadbirlari tashkil etilmoqda.

Mazkur tadbirlar doirasida talabalarga kredit-modul tizimi, akademik halollik tamoyillari, mustaqil taʼlimni tashkil etish, kasbiy rivojlanish imkoniyatlari va oliy taʼlim tizimidagi raqamli xizmatlardan foydalanish boʻyicha amaliy koʻmak koʻrsatiladi.

Yuqori bosqich talabalari uchun esa dars mashgʻulotlari 14-sentabrdan boshlanadi.

Yangi oʻquv yili arafasida talabalar uchun zarur infratuzilmani yaratish va ularni munosib kutib olish maqsadida qator amaliy ishlar amalga oshirildi. Xususan, 13 ta oliy taʼlim tashkilotida jami 6 200 oʻrinli yangi talabalar turar joylari hamda 3500 oʻrinli oʻquv binolari foydalanishga topshirildi.

Shuningdek, talabalarni turar joylarga tizimli joylashtirish maqsadida oliygohlarda tezkor shtablar, “Qalqon” guruhlari, tyutorlar va volontyorlar jamoalari hamda Call-markazlar faoliyati yoʻlga qoʻyildi.

408 ta talabalar turar joyidagi 167 ming oʻringa talabalarni joylashtirish ishlari davom etmoqda. Bunda ijtimoiy himoyaga muhtoj yoshlarga ustuvorlik berilmoqda.