Avvaliga bu so‘zlar shunchaki keksalarga xos sabr-toqatning navbatdagi ifodasidek eshitildi. Ammo bir necha soniya o‘tib, bu oddiygina jumla zamiridagi tog‘dek zalvarni, teranlikni angladim. Bu tabarruk inson elektr ta’minotidagi qisqagina uzilish haqida emas, balki butun bir davr, butun bir avlodning umrini yeb bitirgan o‘tgan chorak asrlik ijtimoiy masofa va undan o‘tish jarayonidagi ulkan, tarixiy o‘zgarishlar haqida gapirayotgan ekan...
Ba’zan eng katta, eng jonli va jamiyatning asl yuzini ko‘rsatadigan mavzularni dabdabali yig‘ilishlardan, raqamlarga to‘la hisobotlardan emas, balki odamlar gavjum mana shunday bozorlardan, oddiy odamlar bilan suhbatlardan topasiz.
O‘sha kuni Jizzax shahrining eng fayzli bozorlaridan biriga yo‘lim tushdi. Bilasiz, bozor bu shunchaki oldi-sotdi joyi emas, u elning kayfiyatini, turmushini va yashash tarzini ham ko‘rsatadigan ko‘zgu.
Rastalarga qarab ko‘zim quvnadi, to‘kin-sochinlik, sarxil noz-ne’matlarning rang-barang jilosi odamning bahri dilini ochadi. Biroq meni ko‘proq mahsulotlar emas, atrofdagi insonlarning chehrasi o‘ziga tortdi. Xaridorlarning ham, sotuvchilarning ham yuzida tabassum, ichki xotirjamlik bor. Ko‘zlarda ertangi kundan xavotir sezilmaydi. Odamlar shoshilmasdan, did bilan bozorlik qilyapti. Narx-navo ham ilgarigidek kun sayin oshmayapti, ancha barqarorlashib qolgan.
To‘g‘risi, o‘sha lahzada beixtiyor o‘tmishni esladim. Bir paytlar bozorga kirishga yurak bezillab turardi. Odamlar rastadagi go‘sht yoki yog‘ga emas, birinchi navbatda, uning tepasiga yozilgan qog‘ozdagi narxga xavotir bilan tikilardi. Cho‘ntakdagi arzimagan pul bilan ro‘zg‘orning kamini qanday to‘ldirish haqida o‘ylardi.
Bugun esa vaziyat butunlay boshqacha. Raqobat bor, tanlov keng. Hamma cho‘ntagiga va ta’biga qarab, bemalol xarid qilyapti. Bu jamiyatimizdagi farovonlikning, odamlar qalbidagi xotirjamlik va erkinlikning haqiqiy, jonli ko‘rinishi.
Kartadagi mablag‘imdan naqd pul yechish uchun bankomatlarga yaqinlashdim. Biroq har bir bankomat oldida turnaqator navbat bor ekan. Shunda vaqtni tejash maqsadida bozordagi bank filialiga kirishga qaror qildim.
U yerda ham odam ancha ekan. Ammo tashqaridagi issiqdan ko‘ra, ichkarida, salqingina stulda o‘tirib navbat kutishni afzal ko‘rdim. Endigina navbatimiz yaqinlashib, ishimiz bitay deganda, to‘satdan bankda elektr o‘chib qoldi. Bank xodimi xijolatdan qizarib, mijozlardan uzr so‘radi:
— Hurmatli mijozlar, tizimda qisqa nosozlik yuzaga keldi. Texnik sabablarga ko‘ra, o‘n besh daqiqacha kutishingizga to‘g‘ri keladi. Noqulaylik uchun uzr so‘raymiz.
Ichkarida kimdir uh tortib yubordi, kimdir soatiga qaradi. Shunda haligi otaxonning ovozi yangradi. Sekin unga yaqinlashdim.
— Nima ish bilan kelgandingiz, otaxon? — deb so‘radim asta suhbatga tortib.
U nurli yuziga juda yarashgan samimiy, nuroniy tabassum bilan javob berdi:
— Dollar sotib olgani keluvdim, bolam.
— Safargami?
— Ha, nasib bo‘lsa, jo‘ralar, eski qadrdonlar bilan Dubayga dam olgani bormoqchimiz.
So‘ng chuqur xo‘rsinish bilan pichirladi:
— Mana shunday dorilamon kunlarga yetkazganiga ming qatla shukr.
Ma’lum bo‘lishicha, otaxon uzoq yillar oliy ta’lim tizimida mehnat qilib, yuzlab shogirdlarni kamolga yetkazgan.
— Hozirgi yoshlar chet elga borishni xuddi qo‘shni mahallaga chiqib kelishdek oddiy, kundalik holat deb biladi, — dedi u o‘tmish xotiralarini ko‘z o‘ngida jonlantirib. — Bu juda yaxshi, albatta, bundan faqat quvonish kerak. Lekin ular biz ko‘rgan, biz yashagan davrlarni bilganida, o‘sha to‘siqlarni ko‘rganida edi, bugungi erkinlik va imkoniyatlar qadrini yanada chuqur, yanada teran his qilgan bo‘lardi.
Otaxon suhbat davomida o‘zining eng katta armonini so‘zlab berdi. U yosh, kuchga to‘lgan, ilmiy salohiyati yuqori bo‘lgan yillari bir necha bor nufuzli xalqaro konferensiyalarga, ilmiy seminarlarga taklifnoma olgan. Ammo birortasiga ham bora olmagan. Sababi bilimi yoki salohiyati yetmaganidan emas, balki yuqoridan ruxsat berilmaganidan...
U paytlarda xorijga chiqish uchun faqat pasport kifoya qilmasdi. Chiqish vizasi (stiker) degan mash’um, inson erkinligini bog‘lab turadigan to‘siq bor edi. Odamlar oylab, yillab turli idoralar eshigida sarson-sargardon bo‘lar, shaxsi, yetti pushti, qarindosh-urug‘i — barchasi ipidan ignasigacha tekshirilardi. Eng alamlisi, barcha hujjatni taxt qilib, oylab yurak hovuchlab kutganingizdan keyin ham qaysidir xonada o‘tirgan noma’lum amaldorning birgina imosi bilan rad javobi berilardi. Hech qanday tushuntirishsiz, hech qanday sababsiz.
— Xalqaro seminar uchun ilmiy ma’ruzam tayyor edi, — deydi suhbatdoshim. — Ammo xorijga chiqish uchun ruxsatnoma ololmadim. Natijada mening o‘rnimga sohaga mutlaqo aloqasi bo‘lmagan, faqat tanish-bilish zanjiriga ulangan boshqa bir odam ketgan. O‘shanda tilimni tishlagancha, uyga kelib to‘yib-to‘yib yig‘laganman.
Xayolga cho‘maman. Bugun-chi? Bugun minglab, o‘n minglab yoshlarimiz, oddiy yurtdoshlarimiz dunyoning istalgan nuqtasida emin-erkin ta’lim olmoqda, ishlamoqda, dunyo kezmoqda. Eng muhimi, inson o‘z taqdirini, qayerga va qachon borishini o‘zi hal qilyapti. Inson o‘zini erkin shaxs sifatida his qila boshladi.
Suhbat tobora quyuqlashib, otaxonning xotiralar daftaridan yana bir og‘riqli sahifa ochildi. Bu uning yangi avtomobil olish uchun qilgan sa’y-harakati va chekkan azoblari bilan bog‘liq bo‘ldi.
— Agar valyuta tizimi haqida gapirsam, hozirgi yigit-qizlar buni shunchaki ertak yoki mubolag‘a deb o‘ylashi tabiiy, — deb davom etdi suhbatdoshimiz. — Chunki ular davlat kursi bilan qora bozor kursi o‘rtasidagi o‘sha mudhish, mamlakat iqtisodiyotini ham, inson qadr-qimmatini ham yerga urgan ulkan, dahshatli jarlikni ko‘rmadi.
Rostdan ham yaqin o‘tmishimizda mamlakatda valyuta bilan bog‘liq ikki xil dunyo, ikki xil voqelik bor edi. Biri jozibador, rasmiy raqamlarda ko‘rsatilgan kurs. Ikkinchisi hayotning achchiq, asl yuzi bo‘lgan qora bozor. Kimga dollar kerak bo‘lsa, bankka emas, qonundan yashiringan valyutachilar oldiga yugurgan.
Sotuvchi ham xavotirda, xaridor ham yurak hovuchlab turardi. Oddiy iqtisodiy operatsiya emas, go‘yo og‘ir jinoyat ustida turgandek his qilardi o‘zini.
— O‘sha paytlarda odamlar “taka sut beradi”, desangiz ishonardi, lekin “bankdan davlat kursida, hech qanday muammosiz, erkin dollar sotib oldim”, desangiz, hech kim ishonmasdi, — deya otaxon achchiq kulimsiradi.
Bu shunchaki hazil emas edi. Bu butun boshli tizimning tanazzuliga, boshi berk ko‘chaga kirib qolganiga qo‘yilgan aniq va shafqatsiz tashxis edi.
— U paytlarda avtomobil olish uchun shartnoma tuzishning o‘zi bir mashaqqat edi, — deya soatga qarab so‘zini davom ettirdi mo‘ysafid. — Oylab tanish-bilish izlaysan, kimgadir yalinasan. Shartnoma tuzgandan keyin esa pul to‘lash kerak. Mablag‘ing milliy valyutada naqd bo‘lsa ham uni to‘lash uchun yana bozorga chiqib dollar qidirasan. Men ham o‘shanda arzonroq valyuta izlab bozorga chiqqanman. Maqsadim dollarni ozgina bo‘lsa ham arzonroq sotib olish uchun bozordagi valyutachilardan emas, balki zarur bo‘lib o‘zining dollarini sotishga kelgan oddiy odamlardan olish bo‘lgan. Bu holat o‘sha yerdagi monopol valyutachilarga yoqmagan. Qisqasi, o‘shalar chaqdimi yoki harakatim shubha uyg‘otdimi, bir payt qarasam, ikki nafar ichki ishlar xodimi kelib, o‘zini tanishtirdi-yu, qo‘limdan tutdi. Katta jinoyatchidek olib ketishdi. Xizmat xonasi. Soatlab davom etgan ruhan ezuvchi savol-javoblar, bayonnomalar... Tushuntirishlar foyda bermadi. Keyin esa sud bo‘ldi. Haliyam o‘shanda pullarning hammasini o‘zim bilan olib yurmagan ekanman, bo‘lmasa, hammasi musodara qilinarkan. Ustiga-ustak yaxshigina jarima ham to‘ladim...
Otaxon bir muddat jim qoldi. Ko‘zlarida o‘sha olis va qora yillarning zahri, alami yana bir bor qalqib chiqdi.
— Bilasanmi, bolam, hozir o‘ylasam, o‘shanda kuyib ketgan, yillab yiqqan pullarimdan ham ko‘ra ko‘proq boshqa narsa alam qilgan ekan...
— Nima ekan u?
— Avvalo, toptalgan qadr-qimmatim, g‘ururim. Insonning o‘z yurtida halol mehnati bilan topgan pulini almashtirishda o‘zini mahkum, gunohkor, jinoyatchidek his qilishi eng og‘ir ruhiy ezilish ekan.
Bu gaplar meni negadir yana bir unutilayotgan, ammo minglab insonlarning taqdirini bevaqt sindirgan, odamlarni sarson qilgan yaqin o‘tmishning og‘riqli fojiasi — “propiska” haqida o‘ylashga majbur qildi. Bir vaqtlar bu so‘z yurtimizning chekka-chekka shaharu qishloqlaridan chiqqan, ilmli, iqtidorli yoshlarning orzulari, kelajagi yo‘lidagi baland temir devor edi. Poytaxtda yashash, ijod qilish, halol mehnat bilan uy sotib olish uchun inson qanchadan-qancha to‘siq va kamsitishlardan o‘tishi kerak edi. Bugun esa yoshlar bu tizimni eshitsa, xuddi o‘rta asrlar yoki quldorlik tuzumi tarixini eshitgandek hayron qoladi, ishonmaydi. Chunki ular butkul boshqa, erkinlik, tenglik va cheksiz imkoniyatlar muhitida ulg‘aymoqda.
Yoki o‘sha davrning yana bir achchiq haqiqati, plastik kartadagi mablag‘ni naqdlashtirish azobi. Ko‘p emas, atigi sakkiz-o‘n yil oldin odamlar o‘z halol maoshini, mashaqqat bilan topgan nafaqasini naqd pul qilib olish uchun 15-20 foiz evaziga ko‘chadagi vositachilarga, naqd puli borlarga berardi. Bugun esa bankomatlar hayotimizning ajralmas, oddiy bo‘lagiga aylangan. Hatto ko‘pchilik naqd pul ishlatmay, raqamli to‘lovlarga o‘tib ketdi. Biz bugun oddiy, tabiiy qulaylik deb qabul qilayotgan mana shu jarayonlar aslida kechagi kun odamlari uchun armon edi.
Albatta, bugungi hayotimizda kamchiliklar yo‘q emas. Qilinishi lozim bo‘lgan ishlar, islohotga qarab turgan sohalar hali ko‘p. Hech kim bugun hayotimiz mukammal yoki ideal bo‘lib qoldi, hamma muammo hal bo‘ldi demayapti. Oldimizda hal qilinishi zarur bo‘lgan muammolar turibdi.
Biroq bosib o‘tilgan mashaqqatli yo‘l, erishilgan muvaffaqiyatlarni ham xolis, insof va adolat bilan o‘lchab, tan olish ham mardlik. Chunki taraqqiyot va rivojlanishni faqat muammolar bilan emas, balki erishilgan ulkan yutuqlar va o‘zgarishlar ko‘lami, inson qadrining tiklanishi bilan ham baholamoq lozim.
Shu payt bank binosida yarq etib chiroqlar yonib, kompyuterlar ishga tushdi. Navbat yana jonlandi. Odamlar shoshib o‘z ishiga qaytdi. Elektron tabloda otaxonning raqami ko‘rindi. U o‘rnidan turayotib, menga mehr bilan qaradi va yelkamga qo‘lini qo‘yib, bunday dedi:
— Bolam, biz qiyinchilikni, yo‘qchilikni, eng yomoni, huquqsizlikni ko‘rgan, suyagida his qilgan avlodmiz. Shuning uchun bugungi kunning, mana shu oddiygina bankomat yoki bank oldidagi erkinlikning, xotirjamlikning qadrini yaxshi bilamiz. Kechagi kunini unutmagan odam buguniga shukr qiladi. Buguniga shukr qilgan odamning esa ertasi doim yorug‘ va nurli bo‘ladi.
U shaxdam qadamlar bilan bank kassasi tomon yurib ketdi. Men ham uning ortidan ishimni bitirib, yengil nafas olgancha tashqariga chiqdim.
Shu payt ro‘paramdan kutilmaganda qishloqdoshim Anvar Ikromov chiqib qoldi. Bir-birimizni ko‘rib, xuddi yaqin jigarlardek quvonib ketdik. Suhbatimiz quyuqlashdi.
— Ha, jurnalist uka, bankdan pullaringni dollarga almashtirib chiqyapsanmi, buncha xursandsan? — dedi u hazil aralash.
— Yo‘q, Anvar aka, yangi maqolam uchun jonli misollar, yangi qahramonlar topdim, — dedim. — Ayni paytda odamlar hayotidagi, taqdiridagi ijobiy o‘zgarishlar, inson qadri haqida yozmoqchiman.
Anvar aka bir oz o‘ylanib turdi-da, yuziga samimiy tabassum yugurib dedi:
— U holda mening taqdirim ham senga yaxshigina hayotiy misol bo‘lsa kerak, uka. Buni, albatta, yoz.
Bozordagi shinam oshxonaga kirdik. Issiq choy ustida Anvar akaning hayot yo‘lidagi og‘ir sinovlar, boshdan kechirgan xo‘rliklari va keyinchalik taqdiri qanday tubdan o‘zgargani haqida og‘riqli, ammo yakuni go‘zal suhbat boshlandi.
Ilgari yillar davomida o‘z yechimini topmay, qog‘ozlar ostida ko‘milib kelgan ko‘plab ijtimoiy masalalar bugun adolatli hal etilmoqda. Fuqarolarning huquq va manfaatlarini ta’minlash, ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash hamda ijtimoiy himoyani kuchaytirish yo‘lida qabul qilinayotgan qarorlar minglab, millionlab insonlar qalbida yangi umid va so‘nmas ishonch uyg‘otmoqda.
Ayniqsa, fuqarolik masalasida yillar davomida “havoda muallaq qolgan” noaniq maqomda yashab kelgan, o‘z yurtida begonadek yurgan yurtdoshlarimiz huquqlari tiklanayotgani mazkur islohotlarning eng insoniy, eng hayotiy natijalaridan.
Anvar Ikromov ham ana shunday taqdiri yarim, yuragi dog‘li yurtdoshlarimizdan edi. Uning hayot yo‘llaridan to‘liq bo‘lmasa-da, qisman xabardor edim. U Forish tumanining Uxum qishlog‘ida tug‘ilib, shu yerda maktabni tamomlagan. Butun bolaligi, yoshligi, xullas, hamma-hammasi shu zaminda o‘tgan. Keyinchalik oliy ma’lumot olish, ilm cho‘qqilarini zabt etish uchun qo‘shni Tojikistonning Dushanbe shahriga borib tahsil oldi.
O‘qishni muvaffaqiyatli tamomlagach, vatan sog‘inchi bilan yana jonajon yurtiga qaytdi. Ammo uni mutlaqo kutilmagan, aqlga sig‘mas sovuq muammo qarshi oldi — unga O‘zbekiston fuqaroligi berilmadi.
O‘sha davrlarda bunday muammolarni hal etish o‘ta mushkul, deyarli imkonsiz bo‘lib, minglab odamlar yillar davomida “fuqaroligi yo‘q shaxs” degan kemtik huquqiy maqomda yashashga majbur edi.
Anvar Ikromov ham bu borada turli tashkilotlarga, mutasaddi idoralarga tinimsiz murojaat qildi. Biroq oradan yillar o‘tsa-da, masala qilchalik ham yechim topmadi. Pasporti, ya’ni yashil hujjati yo‘qligi sababli ona yurtida, kindik qoni to‘kilgan zaminda xuddi begonadek, kelib-ketuvchi musofirdek yashashga majbur bo‘ldi. Ko‘p hollarda kundalik va rasmiy ishlarni bajarish, farzandlariga hujjat to‘g‘rilashda qiyinchiliklarga duch keldi.
Eng alamlisi va mantiqsizligi, u shu yurtda tug‘ilib, shu yerda maktabni tugatgan bo‘lsa-da, faqat bir necha yil qo‘shni davlatda tahsil olib qaytgani unga o‘z vatani pasportini bermaslik uchun asos qilib ko‘rsatilgandi.
— Pasport yo‘qligi, inson maqomining yo‘qligi odamni ich-ichidan qanchalik yemirishini, qanchalik xor qilishini faqat mana shu holatni boshdan kechirgan insongina tushunadi, uka, — deydi Anvar aka ko‘zlarini oshxona derazasidan tashqariga tikib. — O‘z yurtingda yashaysan, uni joningdan yaxshi ko‘rasan, lekin qonun oldida go‘yo o‘zga sayyoralikdeksan... Biror joyga tayinli ishga kirolmaysan, hujjatlarni rasmiylashtirolmaysan, hatto kundalik hayotdagi oddiy maishiy masalalarni hal qilish ham sen uchun yechilmas muammoga aylanib qoladi. Vaqt shafqatsiz o‘taverdi. To‘g‘risi, kun kelib o‘z yurtimning pasportini qo‘limga olishdan, farzandlarim oldida boshimni tik tutishdan butkul umidim uzilgan edi. Ammo hayotda ba’zan birgina to‘g‘ri qaror, yuqoridan berilgan birgina adolatli farmon inson taqdirini, umidlarini tubdan o‘zgartirib yuborishi, unga ikkinchi bor umr bag‘ishlashi mumkin ekan.
Anvar aka uchun ham mamlakatimizda boshlangan yangi davr, yangi islohotlar hayotidagi ana shunday qutlug‘ burilish nuqtasi bo‘ldi. Davlatimiz rahbarining tarixiy farmoni fuqaroligi bo‘lmagan, yillar davomida arosatda qolgan minglab insonlar qatori uning uchun ham yangi hayot, erkinlik eshigini ochdi.
U bir lahza sukut saqladi, go‘yo o‘sha hayotidagi eng hayajonli kunlarni xayolan yana bir bor boshdan kechirayotgandek yuragi tez urib so‘zida davom etdi:
— 2017-yilning 16-yanvar kuni... Bu sana xotiramga oltin harflar bilan yozilgan, uka. O‘sha kuni qo‘limga O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi pasportini olganimda, ishonib-ishonmay yig‘lab yuborganman. Go‘yo qayta tug‘ilgandek, yelkamdan tog‘ ag‘darilgandek bo‘ldi. Bu men uchun shunchaki hujjat emasdi. Bu jonajon mamlakatimning menga ishonchi, e’tibori va cheksiz g‘amxo‘rligining yaqqol ramzi, haqiqiy inson qadri edi.
Pasport olgach, Anvar akaning hayoti ham o‘zgarib ketdi. U darhol rasmiy ishga joylashdi, oilasi, farzandlari uchun yanada mustahkam va ishonchli tayanchga aylandi. Eng muhimi, u endi to‘laqonli fuqaro sifatida saylovlarda qatnashdi, o‘z tanlovi asosida kelajak uchun ovoz berdi. O‘zini davlat himoyasidagi fuqaro sifatida his qildi...
Aslida, hayotning o‘zi eng buyuk tahlilchi, vaqt esa eng adolatli hakam. Xalqning xotirasi esa hech qachon, hech qanday sharoitda aldamaydi. Kechagi kunini, chekkan zahmatlarini unutmagan inson bugunning har bir tinch lahzasi, har bir qulayligi qadriga yetadi. Bugunning qadriga yetgan xalq esa ertangi kunga, kelajakka yuksak ishonch va g‘urur bilan qaraydi.
Ana shu ishonch, ana shu ichki xotirjamlik va erkinlik tuyg‘usi bugungi O‘zbekistonning ko‘z qorachig‘idek asrashimiz kerak bo‘lgan eng katta, bebaho boyligi.
Bankdagi otaxon va qishloqdoshim Anvar akaning hayoti kabi yorqin misollar yurtimizdagi o‘zgarishlar shunchaki qog‘ozda emas, balki oddiy insonlar taqdiriga qanchalik chuqur va ijobiy ta’sir ko‘rsatayotganini yaqqol namoyon etadi. Zero, bugun davlat siyosati markazida inson manfaatlari turishi, har bir fuqaroning qadr-qimmati va huquqlari e’zozlanishi mamlakat taraqqiyotini belgilovchi eng muhim, eng ustuvor omil bo‘lib qolaveradi.
Farhod NЕ’MATOV,
“Yangi O‘zbekiston” muxbiri