Xususan, Urganch xalqaro aeroportida rasmiy delegatsiyalarga xizmat koʻrsatadigan terminal bunyod etilib, yangi aerodrom majmuasi rekonstruksiyasining birinchi bosqichi jadal davom ettirilmoqda.
Prezident Shavkat Mirziyoyevning Xorazm viloyatiga tashrifi ana shu loyihalar bilan tanishishdan boshlandi.
Aeroport 1960-yilda ishga tushgan. Unga 1992-yilda xalqaro maqom berilgan. Umumiy maydoni 285 gektardan ortiqni tashkil etadigan bu majmua oʻtgan yillar davomida minglab yoʻlovchilarga xizmat koʻrsatib keldi. Bugungi kunda aeroport orqali oʻnga yaqin nufuzli aviakompaniya tomonidan muntazam qatnovlar yoʻlga qoʻyilgan. Joriy yilning oʻzida aeroport tomonidan jami 126 milliard soʻmlik xizmatlar koʻrsatilib, mazkur koʻrsatkich 2025-yilning mos davriga nisbatan 31 foizga oʻsdi.
Jadal rivojlanayotgan zamon, ortib borayotgan sayyohlar oqimi va xalqaro hamkorlik koʻlami mavjud quvvatlarni tubdan kengaytirishni kun tartibiga qoʻymoqda.
Urganch xalqaro aeroportini kengaytirish va modernizatsiya qilish uchun jami 264 million dollar miqdorida investitsiya mablagʻlari yoʻnaltirilgan. Loyiha davlat-xususiy sheriklik asosida amalga oshirilmoqda.
Loyihaning xususiy sherigi sifatida dunyoning eng ilgʻor, yuqori texnologik va nufuzli aviatsiya xablaridan birini boshqaradigan Janubiy Koreyaning “Incheon International Airport Corporation” kompaniyasi jalb etildi.
Prezidentimiz Xiva va Urganch shaharlari yirik xalqaro sammitlar, oliy darajadagi diplomatik uchrashuvlar, nufuzli iqtisodiy va madaniy anjumanlar oʻtkaziladigan global maydonga aylanayotganini taʼkidladi. Bunday tadbirlarga kelayotgan xorijiy delegatsiyalar uchun yuqori darajadagi qulaylik va xavfsizlikni taʼminlash mamlakatning xalqaro maydondagi obroʻ-eʼtiboriga bevosita xizmat qilishi qayd etildi.
Rekonstruksiya doirasida aeroportda “Boeing 747” va “Airbus A350” kabi keng fyuzelyajli havo kemalarini bemalol qabul qilish imkoniyati yaratilmoqda. Bu endilikda dunyoning turli qitʼalaridan Xorazmga toʻgʻridan-toʻgʻri, tranzitsiz uzoq masofali parvozlarni amalga oshirish imkonini beradi.
Shuningdek, rekonstruksiya ishlarining birinchi bosqichida 18 ta havo kemasi turargohi hamda yangi burilish yoʻlagi qurib bitkaziladi. Bundan tashqari, aeroportda zamonaviy chegara nazorati va viza boʻlimlari, shinam biznes-zal, turli savdo va ovqatlanish shoxobchalari, kecha-yu kunduz ishlaydigan tibbiyot punkti hamda dunyo brendlarini mujassam etgan “Duty free” zonasi tashkil etilmoqda.
Loyiha yakunlangach, yoʻlovchilarga xizmat koʻrsatish quvvati soatiga 300 nafardan 1 ming 300 nafargacha ortadi.