Yangi tartiblar Prezidentning 2026 yil 22 sentyabrdagi PF-202-son Farmoni bilan belgilandi.

Endilikda qarzdorligi sababli elektr energiyasi yoki tabiiy gaz tarmog‘idan uzilgan isteʼmolchini qayta ulash uchun qo‘shimcha to‘lov undirilmaydi.

Yaʼni, qayta ulanishda maishiy isteʼmolchilardan bazaviy hisoblash miqdorining ikki baravari, yuridik shaxslardan esa 10 baravari miqdorida to‘lov talab etilmaydi.

Elektr energiyasi uchun tariflarda qanday o‘zgarish bo‘ldi?

Asosiy va zaxira elektr taʼminotiga ulangan quvvatlari yig‘indisi 750 kVA va undan ortiq bo‘lgan hamda elektr energiyasi uchun tabaqalashtirilgan tarif asosida hisob-kitob qiladigan isteʼmolchilar uchun yangi tartib belgilandi.

Bunda sutka uch davrga bo‘linadi:

Tungi davr — 22:00 dan 24:00 gacha va 00:00 dan 06:00 gacha;

Yarim tiqiz davr — 09:00 dan 17:00 gacha;

Tiqiz davr — 06:00 dan 09:00 gacha va 17:00 dan 22:00 gacha.

Yangi tartibga ko‘ra, tungi davrda belgilangan tarifga nisbatan 1,5 baravar kamaytiruvchi koeffitsient qo‘llash bekor qilindi.

Yarim tiqiz davrda esa belgilangan tarif qo‘llaniladi.

Tiqiz davrda elektr energiyasi uchun belgilangan tarifga nisbatan 1,5 baravar oshiruvchi koeffitsient saqlanib qoladi.

Shu tariqa, mazkur toifadagi isteʼmolchilar uchun elektr energiyasi qiymati uni qaysi vaqtda isteʼmol qilishga qarab hisoblanadi.

Qarzi yo‘q isteʼmolchilarga to‘lovni bo‘lib amalga oshirish imkoni berildi

Elektr energiyasi va tabiiy gazdan foydalanish qoidalarida «namunali isteʼmolchilar» uchun ham alohida to‘lov tartibi joriy etildi.

Qarzdorligi bo‘lmagan va zamonaviy hisoblagichlar bilan taʼminlangan isteʼmolchilar hisobot oyi boshiga qadar 15 foiz miqdorida oldindan to‘lov qilishi mumkin.

Qolgan mablag‘ esa oy davomida to‘lanadi.

Bunda qarzdorlik sababli tarmoqdan uzilib qolish qoidalarni buzish holati sifatida baholanmaydi.

Issiqxonalar uchun gaz to‘lovida ham yengillik bor

Tabiiy gazdan foydalanuvchi issiqxona xo‘jaliklari uchun ham alohida to‘lov tartibi belgilandi.

Unga ko‘ra, oktyabr-mart oylarida yetkazib beriladigan tabiiy gaz uchun 50 foiz miqdorida oldindan to‘lov amalga oshiriladi. Qolgan qismi oy yakuniga qadar to‘lanadi.

Keyingi oylardan boshlab esa 100 foiz oldindan to‘lov amalga oshiriladi.

Mazkur tartib avvalgi oyda qarzdorligi bo‘lmagan issiqxona xo‘jaliklariga nisbatan qo‘llaniladi.

Yangi o‘zgarishlar elektr energiyasi va tabiiy gazdan foydalanuvchilar uchun to‘lov tartibini yengillashtirish, ortiqcha xarajatlarni bartaraf etish hamda hisob-kitoblarni yanada qulaylashtirishga qaratilgan.