Ma’lum qilinishicha, «Xavfsiz va sog‘lom yurt» oyligi doirasida o‘tkazilayotgan profilaktik tadbirlar davomida Kitob tumanida yashovchi Dildora Irisboeva va uning onasi Hanifa Annaevaning qonunga zid harakatlari fosh etildi.

Tergovga qadar aniqlangan ma’lumotlarga ko‘ra, ular qo‘shni mahallada yashovchi Ruslan Alimovning fermer xo‘jaligiga tegishli yer maydonidan loy g‘isht quyish maqsadida foydalanib kelayotganini bilgan holda, moddiy manfaat orttirish maqsadida o‘zaro jinoyiy til biriktirgan.

Shundan so‘ng, ular fermerga davlat idoralaridagi tanishlari orqali yer maydonini kadastr organlari orqali davlat zaxirasiga o‘tkazib yuborishlari mumkinligini vaj qilib, bosim o‘tkazgan. Shuningdek, Qishloq xo‘jaligi vazirligiga ariza kiritilganini aytib, mazkur masala bo‘yicha da’vo qilmaslik va uning tadbirkorlik faoliyatiga to‘sqinlik qilmaslik evaziga 5 million so‘m talab qilgan.

Qashqadaryo viloyati Ichki ishlar boshqarmasi Tezkor qidiruv xizmati hamda Uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurashish boshqarmasi xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda ular tovlamachilik yo‘li bilan talab qilingan mablag‘ning 3 million so‘mini olayotgan vaqtida ashyoiy dalillar bilan ushlandi.

Mazkur holat yuzasidan gumonlanuvchilarga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 165-moddasi ikkinchi qismi «v» bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Ayni paytda ularning jinoyiy faoliyati va ehtimoliy sheriklarini aniqlash yuzasidan tezkor-tergov harakatlari davom etmoqda.