Tadqiqotlar Madaniy meros agentligi hamda Yahyo G‘ulomov nomidagi Samarqand arxeologiya instituti Janubiy So‘g‘d arxeologik ekspeditsiyasi mutaxassislari tomonidan amalga oshirilmoqda.
Qazishma ishlari Madaniy meros agentligi tomonidan Amir Temur faoliyati bilan bog‘liq yodgorliklarni o‘rganish loyihasi doirasida moliyalashtirilgan.
Tadqiqotlarning asosiy maqsadi yodgorlikning saqlanib qolgan me’moriy qismlarini ochish, saroyning tuzilishi va qurilish xususiyatlarini aniqlash hamda arxeologik topilmalarni ilmiy jihatdan o‘rganishdan iborat.
Qazishmalar davomida tarixiy qatlamlar ochilib, saroy majmuasiga oid me’moriy qoldiqlar va turli arxeologik ashyo lar aniqlanmoqda. Topilmalar mutaxassislar tomonidan qayd etilib, ularning tarixiy va ilmiy ahamiyati o‘rganilmoqda.
Zanjir Saroy XIV asrda Chig‘atoy ulusi davrida bunyod etilgan va keyinchalik Amir Temur tasarrufiga o‘tgan yirik qarorgohlardan biri hisoblanadi. Tarixiy ma’lumotlarga ko‘ra, majmua qariyb 16 gektar maydonni egallagan.
Mutaxassislar olib borayotgan tadqiqotlar yodgorlikning ilgari noma’lum bo‘lgan jihatlarini aniqlash, uning me’moriy qiyofasini ilmiy asosda tiklash va tarixini yanada chuqurroq o‘rganishga xizmat qiladi.