Mahalliy OAVlar advokat Sherdor Abdiqaparov maʼlumotiga tayanib, Qirgʻizistonda bir qator sobiq amaldorlarga nisbatan jinoiy ish doirasida ayblovlar ilgari surilganini xabar qildi.

Maʼlum qilinishicha, ish doirasida sobiq deputat Kurmanqul Zulushev va Jogorku Keneshning sobiq raisi Nurlanbek Turgunbek uulu ham ayblanuvchilar qatorida. Ularga ommaviy tartibsizliklarni tashkil etish va davlat toʻntarishiga urinish kabi ogʻir jinoyatlar yuzasidan ayb qoʻyilgani aytilmoqda.

Huquqni muhofaza qiluvchi idoralar manbalariga koʻra, gumonlanuvchilar Qirgʻiziston Ichki ishlar vazirligi Tergov bosh boshqarmasida bir necha soat davomida soʻroq qilingan va keyinchalik qoʻyib yuborilgan.

Shu bilan birga, Kamchibek Tashiev unga qarshi jinoiy ish ochilganini tasdiqlab, aholini namoyishlar oʻtkazmaslikka chaqirdi.

Agar kimdir aybdor boʻlsa, u jazoga tortiladi, aybsiz boʻlsa oqlanadi. Mamlakatimizda davlat rahbari tashabbusi bilan adolatli sud tizimini yaratish boʻyicha saʼy-harakatlar amalga oshirilmoqda. Masalan, Kampirobod ishi boʻyicha 25 nafar ayblanuvchi oqlangan. Barchangizdan qonun doirasida harakat qilishingizni soʻrayman. Meni qoʻllab-quvvatlash uchun hech narsa qilish shart emas”, dedi u.

Tergov tafsilotlari hozircha ochiqlanmayapti. Biroq ish “75 maktub” nomi bilan maʼlum murojaat bilan bogʻliq ekani aytilmoqda. Ushbu murojaatda 75 nafar fuqaro Sadyr Japarov va parlament rahbariyatiga muddatidan oldin prezidentlik saylovlarini oʻtkazish taklifini bildirgan.

Eslatib oʻtish joiz, 10-fevral kuni Kamchibek Tashiyev Milliy xavfsizlik davlat qoʻmitasi raisi lavozimidan ozod etilgan edi. Keyinchalik u mamlakatga qaytib, prezident bilan uchrashgan va davlat xizmatida ishlamasligi maʼlum qilingan.

Hozirda mazkur lavozimni Jumgalbek Shabdanbekov egallab kelmoqda.