Tanlovning 11-nashrida 27 mamlakatdan jami 62 ta loyiha ishtirok etdi.
Istanbuldagi Rami kutubxonasi esa ushbu tanlovning “Yirik ko‘lamli loyiha” yo‘nalishida g‘olib bo‘ldi. Kutubxona XIX asrga oid tarixiy harbiy kazarmalarni iqlim o‘zgarishlariga chidamli va barcha uchun ochiq zamonaviy jamoat makoniga aylantirgani uchun ushbu mukofotga loyiq deb topildi.
Rami kutubxonasining jahon miqyosida birinchi o‘rinni egallashi tarixiy merosni asrab-avaylash, ekologik barqarorlik va zamonaviy kutubxona xizmatlarini yagona makonda uyg‘unlashtirish mumkinligini ko‘rsatadi. Ushbu mukofot kutubxonaning xalqaro nufuzini oshirish bilan birga, Turkiyada iqlim va barqarorlik masalalariga kutubxonachilik sohasida ham katta e’tibor qaratilayotganini namoyon etadi.
O‘tmishni asrab, kelajakni qarshi olish
Kutubxonadagi 1826–1828-yillarda qurilgan kazarmalarni restavratsiya qilish, ta’mirlash va qurilish ishlari yakunlangach, bino 2023-yilda kutubxona sifatida qayta ochildi. Majmuani qayta tiklash jarayonida uning tarixiy qiyofasi va asl qurilish materiallari imkon qadar asrab qolindi.
Rami kutubxonasi 36 000 м² yopiq maydon va 4 200 kishilik o‘rindiq sig‘imiga ega bo‘lib, u Turkiyaning yirik axborot markazlaridan biridir. Majmuada raqamli kutubxona, yoshlar kutubxonasi, kattalar kutubxonasi hamda turli ixtisoslashgan kutubxonalar faoliyat yuritadi.
Biologik xilma-xillik va ekologik barqarorlik
Rami kutubxonasining zamonaviy dizaynida ekologik barqarorlik ham muhim o‘rin tutadi. Bino 51 ming kvadrat metrlik ko‘kalamzor hududi bilan Yevropadagi “eng katta yopiq landshaft maydoniga ega kutubxona” hisoblanadi. Bu yerda 696 ta daraxt, 99 ming tup buta, biologik hovuz va qamishzorlar mavjud. Ular shahardagi biologik xilma-xillikni qo‘llab-quvvatlash va mahalliy mikroiqlimni yaxshilashga xizmat qiladi.
Binoning keng tom yuzalaridan yig‘iladigan yomg‘ir suvi ko‘kalamzorlarni sug‘orish va hojatxonalarni yuvishda qayta ishlatiladi. Energiya sarfini kamaytirish uchun kam energiya talab qiladigan uskunalar, LED yoritish, sensor tizimlari va quyosh energiyasidan foydalaniladi. Shuningdek, chiqindilar manba joyida saralanadi, xavfli chiqindilar alohida boshqariladi, bir martalik plastiklardan foydalanish kamaytiriladi va ichki ish jarayonlari raqamlashtiriladi.
Kutubxonaning ijtimoiy va madaniy jihatlari
Rami kutubxonasi madaniy dasturlari va barcha uchun ochiq jamoat xizmatlari orqali jamiyatning madaniy, ta’limiy va badiiy ehtiyojlariga javob beradi hamda “tirik kutubxona” konsepsiyasini o‘zida mujassam etadi.
Bu yondashuv iqlim savodxonligini rivojlantirishga qaratilgan tashabbuslar, jumladan, ekologik mavzulardagi axborot xizmatlari, o‘quv mashg‘ulotlari va amaliy seminarlar orqali davom etadi. Kutubxonaning Maxsus resurslar markazi turli yoshdagi va ehtiyojdagi foydalanuvchilarning kutubxona xizmatlaridan foydalanish imkoniyatini yanada kengaytiradi. Shu bilan birga, Shifahane (restavratsiya bo‘limi) bo‘limida noyob qo‘lyozmalar va bosma materiallar saqlanadi hamda qayta tiklanadi. Shu tariqa bugungi avlodga yetib kelgan qimmatli meros kelajak avlodlar uchun ham asrab qolinadi.
Rami kutubxonasi 24/7 faoliyat yuritishi bilan ham ajralib turadi. Bundan tashqari, tabiiy ofatlar vaqtida u xavfsiz yig‘ilish punkti sifatida xizmat qiladi. Shu sababli kutubxona nafaqat madaniy va ta’limiy, balki jamiyat barqarorligi uchun ham muhim jamoat makoniga aylangan.
Barqarorlikka qaratilgan ushbu ko‘p qirrali tashabbuslar natijasida majmua Turkiyada “Biosphere Sustainable Museum Certificate”, “Zero Waste Certificate” va “Green Energy Certificate” sertifikatlarini olgan birinchi kutubxonaga aylandi.
2023-yilda ochilganidan buyon Rami kutubxonasi 2025-yil oxirigacha 8,2 milliondan ortiq tashrif buyuruvchini qabul qildi. Uning “yashil kutubxona” sifatidagi xalqaro e’tirofi kutubxona kelajagi faqat kitoblar bilan emas, balki inson, jamiyat va atrof-muhit bilan bog‘liq ekanini yana bir bor ko‘rsatadi.