Zamonaviy jahon sanʼatining eng nufuzli minbarlaridan biri boʻlgan Venetsiya biennalesi joriy yilda "In Minor Keys” (“Minor ohanglarda”) shiori ostida oʻtkazilmoqda.
Mavzu biz yashayotgan davr uchun juda aniq tanlangan, unda dunyoni anglash borasidagi nozik va murakkab qarashlar mujassam.
61-Venetsiya biennalesida Oʻzbekistonning “The Aural Sea” milliy pavilyoni ochilish marosimida nutq soʻzladim. Bu men uchun oʻta ahamiyatli chiqish boʻldi. Loyiha Orol dengizi mavzusiga bagʻishlangan, biroq bunda u faqatgina ekologik fojia timsolida talqin qilinmagan. Ushbu ekspozitsiyada Orol bizning xotiralarimiz, afsona va rivoyatlarimiz hamda ijodiy izlanishlar makoni sifatida namoyon boʻlgan.
Yana bir bor mamlakatimiz pavilyoni biennale ishtirokchilari va mehmonlarining katta qiziqishiga sazovor boʻlib, madaniyatimiz bilan yaqindan tanishish va mintaqamizga sayohat qilish istagini uygʻotdi, deb yozdi Prezident Administratsiyasi rahbari.