Saida Mirziyoyeva Toshkent shahrining Mirobod tumanidagi “Lolazor” mahallasiga bordi, mahalla ahli ekkan daraxtlar shafqatsizlarcha kesib, qo‘porib tashlanganiga guvoh bo‘ldi. Bolalar maydonchasi o‘rniga esa biznes markazi qurish rejalashtirilganini tanqid qildi.
"Odamlar dod deganicha bor – qurilishlar tufayli poytaxtdagi umumiy hovlilar, o‘yin va sport maydonchalari tag-tugi bilan yo‘q qilib yuborilyapti", dedi Saida Mirziyoyeva.
Bosh prokuratura butun Toshkent shahri bo‘yicha bunday obyektlarni to‘liq inventarizatsiyadan o‘tkazishi, qurilish uchun berilgan ruxsatnomalarning qonuniyligi, shaharsozlik me’yorlari va aholi huquqlariga qay darajada rioya qilinganini tekshirish shartligi, agar qonunbuzarlik holatlari aniqlansa, mas’ul shaxslarga nisbatan murosasiz jazo choralari ko‘rilishi, aybdorlar, kerak bo‘lsa, hatto ozodlikdan mahrum etilishi ta’kidlandi.