Ko‘rik-tanlovdan asosiy maqsad — yosh jurnalistlar va blogerlarning ijodiy salohiyatini qo‘llab-quvvatlash, zamonaviy media vositalari orqali Vatan, istiqlol va yurtimiz hayotini ta’sirchan yoritishga rag‘batlantirish, shuningdek, sifatli videokontent yaratish madaniyatini rivojlantirishdan iborat.
Tanlov uchta yo‘nalish bo‘yicha o‘tkazildi: professional ijodkorlar uchun “Eng yaxshi videorolik”, “Sun’iy intellekt yordamida yaratilgan eng yaxshi videorolik” hamda “Mobilografiya asosida yaratilgan eng yaxshi videorolik”. 18 yoshdan 30 yoshgacha bo‘lgan yosh jurnalistlar va blogerlar o‘z ijodiy ishlari bilan ishtirok etdilar.
“Sharafli yo‘l” ko‘rik-tanlovi haqidagi ilk e’londan boshlab ijodiy ishlar 2026 yil 28 avgustga qadar qabul qilindi. Shu davr mobaynida ishtirokchilar tomonidan turli mavzularda, zamonaviy yondashuv va kreativ g‘oyalarga asoslangan videoroliklar taqdim etildi. Tanlov jarayoni, e’lonlar va muhim bosqichlar O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasining rasmiy Telegram kanali orqali muntazam yoritib borildi.
Kelib tushgan ijodiy ishlar professional hakamlar hay’ati tomonidan belgilangan mezonlar asosida ko‘rib chiqildi. Ishtirokchilarning g‘oyasi va mazmunni ochib berish mahorati, tasviriy yechim, montaj, ijodiy yondashuv hamda zamonaviy media talablariga muvofiqligiga e’tibor qaratildi. Har bir ijodiy ishni xolis va adolatli baholash asosida eng munosib ishlar saralab olindi.
Ko‘rik-tanlov g‘oliblari belgilangan mezonlar asosida aniqlanib, munosib ijodiy ishlar e’tirof etildi. G‘oliblarni tantanali ravishda taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi. Ularga belgilangan sovg‘alar va esdalik mukofotlari topshirildi.
Shundan so‘ng O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi a’zoligiga tavsiya etilgan bir guruh jurnalistlarga Uyushma a’zolik guvohnomalari tantanali ravishda topshirildi.
Shuningdek, tadbir doirasida “Jurnalist” badiiy filmi namoyish etildi.
“Sharafli yo‘l” videoroliklar ko‘rik-tanlovi O‘zbekiston Respublikasi Mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan yosh jurnalistlar va blogerlarning ijodiy ishlarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida tashkil etildi.
O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi
Axborot xizmati