Bu kun nafaqat maktab bilan xayrlashuv, balki bolalik ortida qolib, mustaqil hayot sari tashlanayotgan ilk qadam ramzi hamdir. Shu bois mazkur tadbirlarni mazmunli, tartibli va xavfsiz tarzda o‘tkazish bugungi kunda dolzarb ahamiyat kasb etmoqda.
Yurtimizda 25 may — “So‘nggi qo‘ng‘iroq” bayrami munosabati bilan umumiy o‘rta ta’lim maktablarida qizg‘in tayyorgarlik ishlari olib borilmoqda. Shu munosabat bilan ta’lim muassasalarida xavfsizlikni ta’minlash, jamoat tartibini saqlash hamda turli noxush holatlarning oldini olish bo‘yicha keng qamrovli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi boshqarma boshlig‘i Azamat Komolovning ta’kidlashicha, “So‘nggi qo‘ng‘iroq” tadbirlarini yuqori saviyada tashkil etish bo‘yicha barcha ta’lim muassasalariga maxsus tavsiyalar va namunaviy ssenariylar yetkazilgan.
— “So‘nggi qo‘ng‘iroq” tadbirlarini keng jamoatchilik, ota-onalar va maktabning sobiq bitiruvchilari ishtirokida mazmunli tashkil etish bo‘yicha tavsiyalar berilgan, — dedi Azamat Komolov. — Shuningdek, tadbirlarda namunali xulqi, a’lo baholari va yutuqlari bilan ajralib turgan o‘quvchilarni rag‘batlantirishga alohida e’tibor qaratiladi. Eng muhimi, bu bayram avvalo ma’rifat, ustozga ehtirom va ta’limga hurmat bayrami sifatida o‘tishi kerak.
Darhaqiqat, bugun o‘zbek o‘quvchilari xalqaro olimpiadalar, fan tanlovlari va sport musobaqalarida yurtimiz sharafini munosib himoya qilib, katta yutuqlarga erishmoqda. “So‘nggi qo‘ng‘iroq” tadbiri esa ana shu mehnat, intilish va ustozlar mashaqqatining o‘ziga xos natijasi sifatida qadrlanadi.
Biroq bayram kayfiyati xavfsizlik va mas’uliyat hissini soya ostida qoldirmasligi lozim. Shu munosabat bilan bitiruv tadbirlari o‘tkaziladigan hududlarda ichki ishlar organlari, Milliy gvardiya xodimlari hamda tegishli tashkilotlar bilan hamkorlikda kuchaytirilgan tartibda xizmat tashkil etiladi.
Ma’lum qilinishicha, boshqaruv markaziga o‘rnatilgan monitorlar orqali respublikaning barcha hududlarida joylashgan maktablar oldi va ko‘chalari kuzatuv kameralari yordamida doimiy nazorat qilinadi. Asosiy e’tibor esa voyaga yetmaganlar tomonidan transport vositalarini boshqarish holatlariga qaratiladi.
Ichki ishlar organlari mas’ullarining ma’lum qilishicha, o‘tgan 2025 yilgi “So‘nggi qo‘ng‘iroq” tadbirlari davomida 25 nafardan ortiq voyaga yetmagan o‘quvchi avtomashina boshqarib kelgani aniqlangan. Ular boshqaruvidagi transport vositalari jarima maydonchasiga joylashtirilib, ota-onalariga nisbatan belgilangan tartibda choralar ko‘rilgan.
— Voyaga yetmaganlar tomonidan transport vositalarini boshqarish nafaqat ularning o‘zi, balki atrofdagilar hayoti uchun ham jiddiy xavf tug‘diradi. Shuning uchun barcha ota-onalardan farzandlarini nazoratsiz qoldirmaslik, avtomashina kalitlarini ishonib topshirmaslik va xavfsizlik masalasiga jiddiy e’tibor qaratishni so‘raymiz, — deya ta’kidladi YHXX mas’ullari.
Shuningdek, ortiqcha dabdaba, turli qimmatbo‘y tadbirlar va mablag‘ yig‘imlariga yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha ham ota-onalar bilan tushuntirish ishlari olib borilmoqda. Bitiruv kechalarini restoran va to‘yxonalarda nishonlash, nazoratsiz sayrlar uyushtirish kabi holatlarning oldini olishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Mutaxassislar fikricha, “So‘nggi qo‘ng‘iroq”ni haqiqiy ma’rifat va qadrlash bayramiga aylantirish uchun eng muhimi — soddalik, samimiylik va xavfsizlik muhitini ta’minlashdir. Zero, bu kunning eng katta bezagi qimmatbo‘y tantanalar emas, balki ustozning duosi, ota-onaning faxri va yoshlarning orzularidir.
“So‘nggi qo‘ng‘iroq” — shunchaki bayram emas. Bu — kechagi o‘quvchining ertangi mustaqil hayotga qadam qo‘yayotgan mas’uliyatli pallasidir. Uni mazmunli, tartibli va xavfsiz tarzda o‘tkazish esa maktab jamoasi, ota-onalar va keng jamoatchilikning umumiy vazifasi hisoblanadi. Chunki yoshlar xavfsizligi va kelajagi — barchamizning umumiy mas’uliyatimizdir.
Zulxumor Akbarova,
Madina Botirjonova