O‘zbekiston xalq shoiri Sharifa Salimova ana shunday betakror ijodkor, chehrasi nurli insonlardan edi.

Uni har gal uchratganimda, menga bu ayolning, eng avvalo, asilzodalarga xos muomalasi kuchli ta’sir qilardi. Bunday fazilatni kitobdan o‘qib ham, boshqalardan ko‘chirma olib ham o‘rganib bo‘lmaydi. Bu — tarbiya, hayot, ma’naviyat va ichki ziyodan tarkib topgan yuksak madaniyatning tajassumi edi. Sharifa opa hech qachon shoshib gapirmasdi. Har bir so‘zni o‘lchab, chertib aytardi. Go‘yo har bir jumlasi tafakkur tarozisida tortilib, keyin tilga ko‘chardi. Suhbatdoshiga e’tibor bilan qarashi, uning fikrini oxirigacha eshitishi, biror og‘ir so‘z aytmasligi, ko‘ngilni ehtiyot qilishi, suhbatdoshining shu choqqacha kuzatgan sifatlarini ta’kidlab turishi — bularning barchasi uning tug‘ma tabiati edi.

Shular uchunmi, ko‘p gaplashganimizgami, maqtovlaridan erib yurganimgami, Sharifa Salimovaning vafoti haqidagi xabarni eshitganda yuragim larzaga keldi. Ko‘rishgan barcha kunlarim, daqiqalarim kinotasmadek o‘ta boshladi. Ko‘z oldimda qalbimni har uchratganda mumdek eritgan betakror latofat, ochiq chehra gavdalandi.

Umrim davomida ko‘plab shoir va yozuvchilar bilan suhbatlashish nasib qilgan. Hammamiz ham bir soha vakillarining fazilatlari, odatlarini kuzatib boramiz. Ich-ichimizda ulardagi insoniy xislatlarga havas qilamiz. Ammo Sharifa opadagi nafosat, muomala madaniyati, samimiyat va ichki salobat juda kam insonlarga nasib etgan noyob fazilat edi. Balki shuning uchun ham uning she’rlarini tinglaganda tabiiy ohanglar bilan birga yurakning titroqlari eshitilib turgandek bo‘lar.

Sharifa opa ijodda ham, hayotda ham ayol qalbi og‘rig‘ini yuksak madaniyat bilan ko‘tara bildi. Ayolni ojiza emas, sabr, matonat va oriyat timsoli, eng go‘zal xilqat, takrorsiz yaratiq, ulkan qalb egasi sifatida tasvirladi. Shu bois, uning mashhur “Qaddingni tik tut, ayol” she’ri xalqimiz sevgan qo‘shiqqa aylanib, minglab qalblarga kirib borganida, bu nafaqat she’rning, balki ulkan hayot falsafasining ham e’tirofi bo‘ldi. Bu qo‘shiq minglab ayollarga ruhiy madad, hayot sinovlari oldida egilib qolmaslikka, yashash ishtiyoqiga limmo-lim yurak bilan bu maydonga yuzlanishga chaqiriq bo‘lib yangradi. Bugun opani eslar ekanman, xotiramda zaif bemor emas, irodasi baquvvat, qaddi tik inson gavdalanadi.

Ehtimol, o‘zi yozgan “Qaddingni tik tut” degan da’vatga umrining oxirigacha o‘zi ham sodiq qolgandir.

Suhbatlashgan odam, avvalo, mansabdor yoki mashhur shoirni emas, kamtarin, mehribon, rahmdil, suhbatdoshining bor sifatlarini aytib, unga ulug‘vor inson ekanini eslatuvchi bir daryodil onani ko‘rardi.

Parlamentda ishlagan yillarida ham Sharifa opa xalqning dardini adabiyotdan ajratmadi. Qonun ijodkorligi bilan she’riyatni ikki boshqa-boshqa sohadek emas, bir maqsadga xizmat qiladigan ikki qanotdek tushunardi. Birida inson huquqini himoya qilsa, ikkinchisida inson qalbini himoya qilardi. Sharifa opaning eng buyuk xizmatlaridan biri qatag‘on qurboni bo‘lgan ayollar xotirasini adabiyotga qaytarganidir.

Shoira bilan har bir muloqotdan keyin odam o‘zini ma’nan boyib qolgandek his qilardi. U bilan ko‘p marta suhbatlashish baxtiga muyassar edim. Har bir uchrashuvimdan keyin xotirimda yangi fikr, yangi ma’naviy saboq bilan qaytardim. U xuddi musiqiy vaznga solingandek so‘zlardi. Ammo sokin aytilgan birgina jumlasi ba’zan uzoq yillar yoddan chiqmas, mazmunli ma’ruza kabi ta’sir qilardi.

Mutolaalarimda o‘zim uchun Sharifa opaning ijodidagi yirik, keyingi davrda yaratilgan bir asaridan ko‘p ta’sirlanganimni aytib o‘tmasam bo‘lmaydi. Millat dardini yuragidan o‘tkazib yozilgan kitob iztirobga soladi, hushyorlikka chaqiradi, ijodkorning butun insonlik qiyofasini ochib berganday tuyuladi. Bu “Qabohat saltanati”dir.

Qatag‘on haqida ko‘p yozilgan, lekin ayollar haqida shunchalik chuqur yondashib va mehr bilan bitilgan asarlar ko‘p emas. “Qabohat saltanati” ana shu ma’noda bebaho asarga aylandi. Unda tarix sanalar orqali emas, inson taqdiri orqali gavdalanadi. Xayriniso Majidxonova, Maryam Sultonmurodova, Sobira Xoldorova, Hikmatoy Fitratova...

Bu ismlar kitob sahifalarida shunchaki qahramon emas, balki millat vijdoni sifatida yashaydi. Sharifa opa ular haqida so‘zlar ekan, sahifadan sahifaga yuragi alangalanib borganini his qilasiz. Yana bir jihatni -anglaysiz: shoira bu ayollar bilan chek-chegarasiz faxrlanardi. Ularning jasorati, sabri, oriyatini millatga yana bir bor tanitishni o‘zining burchi deb bilardi.

Shu bois, “Qabohat saltanati”ni o‘qir ekanman, men kitob emas, ayollarimiz jasoratini, hayqirig‘ini eshitgandek bo‘lganman.

2025-yil mayda ushbu kitob haqida “Qismati yo‘qlikka ko‘milgan gullar” sarlavhali maqolam e’lon qilingan edi. Kitobni o‘qish jarayonida boshdan kechirgan ruhiy holatlarimni, qatag‘on qurboni bo‘lgan ayollarning taqdiri qalbimda qoldirgan og‘riqlarni bayon etishga harakat qilgandim. O‘sha maqola chop etilgach, Sharifa opa juda xursand bo‘lgan edi. Qo‘ng‘iroqlashib, uzoq suhbatlashdik. “Men bu ayollar qismatidan chekkan dardlarning o‘ndan birini ham qog‘ozga tushirolmay, azoblar ichida bitganlarim, singlim”, dedi. Maqolani yozish men uchun ham oson kechmagan. Kitobdagi har bir qismat, har bir fojia, har bir ayolning ko‘z yoshi insonni befarq qoldirmaydi. Shoira samimiy quvongan, “Kitobimni juda teran o‘qibsiz” degan mazmundagi iliq so‘zlari men uchun katta rag‘bat bo‘lgandi. O‘shanda yana bir haqiqatni anglagandim: haqiqiy ijodkorni eng ko‘p quvontiradigan narsa oddiy maqtov emas (Sharifa opa maqtovdan juda o‘ng‘aysizlanardi), balki asarining o‘qilishi, u o‘ylagandek anglanishidir.

Kitobi borasida ko‘pchilik fikr bildirayotganini aytib o‘tdi. Ha, ijodkor uchun uning asarini tushunib, og‘riqlarini birga yashab mutolaa qiladigan o‘quvchining topilishi katta baxt bo‘lsa kerak.

Maqolada kitobdan olingan “Har misrada bir dard, bir armon, bir o‘kinch, bir anduh, bir ilojsiz pushaymon” deb yozilgan fikrlar ayni ushbu kitobning o‘ziga ham tegishli edi. Zero, Sharifa Salimova ¬qatag‘on -qurbonlarining hayotini shunchaki tarix sifatida emas, millat vijdonining ochiq yarasi sifatida ko‘rib, anglab ifoda etadi. Ayniqsa, Xayriniso Majidxonova, Maryam Sultonmurodova kabi fidoyi ayollar taqdirini she’rga aylantirish uchun oddiy iste’dodning o‘zi kifoya qilmasdi. Buning uchun yurakda ularning dardi bilan yashay oladigan mehr kerak. Shu mehr shoiraning qalbidan to‘kilib, har bir satrida yashab turibdi.

Shoiraning qatag‘on qurboni bo‘lgan ayollarga munosabati meni hanuz hayratga soladi. Sababi, ular haqida gapirganda Sharifa opa tarixchi-tadqiqotchi, shoiragina emas, go‘yo o‘sha ayollarning zamondoshidek iztirob chekardi. Ular haqida shunchaki ma’lumot bermagan, har birining dardini o‘z qalbidan o‘tkazib, she’rga aylantirgan. Shuning uchun ham “Qabohat saltanati”ni bir marta o‘qib qo‘yish, ortidan boshqa kitobga o‘tib ketish mumkin emas. Kitobning ta’sirli o‘rinlari shu qadar ko‘pki, o‘quvchini uzoq vaqt tinch qo‘ymaydi. Har sahifasi odamni o‘z vijdoni, o‘zining taftishiga yuzlashtiradi.

Sharifa Salimova ijodida Vatanga muhabbat baland shiorlar bilan emas, inson taqdiri orqali ifodalanadi. Ayniqsa, ayol qismatida millatning fojiasi ko‘rsatilishi uning she’riyatini yanada ta’sirchan qilgan. Balki shuning uchun ham she’rlarini o‘qir ekanmiz, satrlarda millat og‘riqlarini tuyamiz, g‘ururimiz jo‘shadi.

Sharifa opa to‘g‘risida armon bilan o‘ylay turib (axir aytadigan shirin so‘zlarim bor edi, qachongadir asraganmidim), yana bir fazilati xayolimga keldi. U hech qachon o‘zini ko‘z-ko‘z qilmasdi. Vaholanki, bunga haqqi ortig‘i bilan yetarli edi. O‘zbekiston xalq shoiri degan yuksak unvon, parlamentdagi sermazmun faoliyati, yuzlab she’rlar, kitoblar, xalq qalbidan joy olgan qo‘shiqlar...

1970-yillarning oxiridan boshlangan ijod yo‘lida “Hayot zavqi”, “Mening bahorim” she’riy kitoblari, “Xizr bulog‘i” dostoni, “Ko‘ngli yarimlar dunyosi”, “Yolg‘iz ayol: u kim?”, “Ildizlaring qayda, iztirob?” va boshqa qator publitsistik maqolalar to‘plamlari naqadar mazmunli hayotdan darak berib, millatimiz ma’naviyatini yuksaltirishga hamisha shay bo‘lib turibdi. Bu tomonda ulkan tarjima ishlari, ijtimoiy hayot muammolariga taklif etilgan yechimlar... Hamda deyarli barcha xonadonda yangrab turgan “Onajon tilim”, “Qaddingni tik tut, ayol”, “Vatan”, “Davlatli sultonim mening”, “Qo‘rqitar” va dilrabo qo‘shiqqa aylangan boshqa she’rlari sadosi...

Sevimli shoiramizning el-yurt ma’naviyati yo‘lidagi fidokorona xizmatlari, o‘zbek ayolining irodasi va jasoratini kuylagan otashin ijodi davlatimiz tomonidan munosib qadrlandi. Prezidentimizning shu yil 28 maydagi farmoni bilan Sharifa Salimovaga “O‘zbekiston xalq shoiri” degan yuksak unvon berildi. Bu shoiraning uzoq yillik zahmatli mehnatiga berilgan chinakam baho bo‘ldi. Bir necha kun o‘tib, 1 iyun kuni davlatimiz rahbarining madaniyat, san’at va adabiyot sohasi vakillari bilan o‘tkazgan tarixiy uchrashuvida Sharifa opa ham so‘zga chiqib, chuqur hayotiy falsafa va ijod zalvariga yo‘g‘rilgan nutq so‘zladi. O‘sha kuni zamonamizning ma’naviy yangilanishlari, yurtimizda kechayotgan ulkan islohotlar hamda bunda adabiyotning o‘rni va mas’uliyati haqida to‘lqinlanib gapirgan bu zabardast ayolning nechog‘liq teran fikrlashiga, so‘z mas’uliyatini vujudi bilan his qilishiga yana bir bor guvoh bo‘ldik. Endi o‘ylab qarasam, bu otashin so‘zlar sevimli shoiramizning o‘z millatiga, yurtiga va bugungi yorug‘ kunlarga qilgan oxirgi, ammo juda go‘zal izhori bo‘lgan ekan...

Sharifa opa shifoxonada ekanida bir necha kun avval ko‘rgani bordik. Sira ham darddan qiynalayotganga o‘xshamasdi. Ko‘zida hayotga ishonch hali ham charaqlab turardi. Kelajak kunlar, ijodiy ishlar haqida gapirardi. Yangi rejalar haqida so‘zlardi. Kasallikni emas, jo‘shqin hayotni, yaqinda yoziladigan asarlarni o‘ylab, shular haqida to‘lqinlanib gapirardi. O‘sha qiyofa hali-hamon ko‘z o‘ngimda. Kasallik odam tanasini toliqtirishi mumkindir, ammo ruhini yenga olmasligini o‘sha kuni yana bir bor ko‘rdim. Sharifa opaning ko‘zida hali ham hayotga ishonch bor edi. Hayot sinovlari qarshisida mardona turgan, o‘z ichki og‘riqlarini hech kimga bildirmagan bir zabardast ayolni ko‘rgandim o‘sha kuni. Ana shu matonat, ana shu iroda men uchun Sharifa Salimovaning eng buyuk she’rlaridan ham yuksak bir ibrat bo‘lib qoldi.

Bugun ortimizga qarab anglayapmizki, uning har bir she’rida faqat shoir emas, yuksak ma’naviyatli inson yashagan ekan. Shunday bo‘lgach, bugun biz nafaqat xalq shoirini, balki o‘zbek muzaffar so‘zining haqiqiy nafosatli zargarini yo‘qotdik.

Sharifa Salimova she’rni shunchaki ijod mahsuli emas, vijdon ishi deb bilardi. Shuning uchun ham uning ijodida biror satr bo‘lsin o‘xshamagan, nuqsoni bordek ko‘rinadigan she’rni uchratmaysiz. U hayotda qanday bo‘lsa, she’rda ham shunday edi. Biror mavzuni o‘zi his qilmasa, qalbidan o‘tkazmasa, qalamga olmasdi. Balki shuning uchun ham uning she’rlari o‘quvchi qalbiga tez yetib borardi.

Shoiraning butun ijodida millat mavzusi alohida bir daryo bo‘lib oqadi. Lekin bu daryoda shunchaki mavjlar emas, chuqur iztiroblargina ham emas, matonat, g‘urur, yuksak nazarlar, oliy niyatlar, istiqbolga mustahkam ishonch mujassam. Zaiflik emas, iroda bo‘y ko‘rsatadi. Shoira bu ulug‘ millat bilan nechog‘liq g‘ururlanishini satrlarida ketma-ket, basma-bas ifodalaydi.

Vatan, aylanayin tuproqlaringdan,

Soya-salqin bergan yaproqlaringdan.

Men daryo ko‘ksida Vatan ko‘rdim deb

Cho‘qqidan otilgan irmoqlaringdan.

Sharifa opa ayolni millat yaratuvchisi deya ulug‘lab, mehribon ona, sadoqatli yor yoki farzand tarbiyachisi emas, millatning ma’naviy ustuni sifatida ko‘radi.

Dunyolardan kechib … mushkul…

mujarrad…

Ayol qalbi ila sevadi!..

Timsollar tildan onaga, onadan tilga aylanadi.

“Mening ona tilim, onajon tilim” she’rida esa tilimizni baland pardalarda kuylaydi. She’r qo‘shiqqa aylangach, umri yanada poydor, ta’siri yanada yuksak bo‘ldi. Qo‘shiqni O‘zbekiston xalq artisti Zamira Suyunova davralarda yuzlab marta ijro etdi. Ko‘p sonli vatandoshlarimiz millatni birlashtiradigan birlamchi kuch bo‘lmish o‘zbek tilining jozibasiyu qudratini shu qo‘shiq orqali chuqur his qilgani shubhasiz. Hayotning turli sinovlarida ham bizga tirgak bo‘ladigan yagona kuch — ona tilimiz. Bu she’rda benihoya tiniq tasavvur bilan ifodalangan. Shoira tilni shunchaki muloqot vositasi emas, millatning joni sifatida talqin qiladi:

Sensiz men nimaman, sensiz men kimman,

Sensiz men bo‘shliqman,

sensiz men jimman...

Sharifa opa biz — millatdoshlarini har daqiqada ham jisman, ham ruhan tetik, sinmay va egilmay yashashga chaqirdi. Balki shuning uchun ham uning she’rlari oradan yillar o‘tsa ham o‘z rangini, ta’sirini yo‘qotmaydi, eskirmaydi. Barcha bitganlari muallifning o‘ziga o‘xshaydi... Sharifa opaning she’rlarini o‘qigan odam uning o‘zini ko‘rmagan bo‘lsa ham, qanday inson bo‘lganini his qiladi. Axir u o‘z qalbini yozdi. Dostonlarida ham o‘ziga xos latofat, ichki sokinlik, ozorsiz hasrat yashaydi. Yurakka sekin kirib boradigan, insonning o‘zi bilan o‘zini suhbatlashtirib, chuqur xayollarga cho‘mdirib yuboradigan ohang bor.

Kuz haqidagi bir she’rida u bunday yozadi:

Oltinrang yaproqlar aytar alvido,

Yerdan samo sari uzatgancha qo‘l...

Sharifa opa hatto xazonni ham vidolashuv belgisi emas, osmon sari cho‘zilgan umid sifatida ko‘ra olardi. Tabiat manzarasi ortida ham inson taqdirini ko‘rardi.

Yoki ona haqidagi she’rlaridan biridagi munojotga quloq tuting:

Meni qiynamagin, beshafqat dunyo,

Bir bora ko‘rayin onajonimni...

Bu satrlarda ortiqcha badiiy bezak ham, balandparvoz tashbeh ham yo‘q. Ammo har qanday o‘quvchi o‘qigani zahoti o‘z onasini eslaydi. Sharifa Salimova she’riyatining kuchi ham shunda edi: u shaxsiy dardni umuminsoniy dard darajasiga ko‘targan, baland va pokiza tuyg‘u samosiga olib chiqa olgandi.

Bu misralar uning Vatanga, millatga, tilga muhabbati she’riy e’tirof emas, butun umrining e’tiqodi bo‘lganini ko‘rsatadi.

She’rlarini qayta o‘qir ekanman, bir fikr xayolimga qayta-qayta kelaveradi: biror satrida dag‘allik yo‘q, g‘oyat nafis, g‘oyat ichkin. Balki o‘zi ham she’rga aylanib ketgandi — nafis, bosiq, mehribon va ma’nodor. Sharifa Salimova ana shunday shoir edi.

U birov haqida yomon gapirishni xush ko‘rmasdi. G‘iybatdan uzoq yurardi, insonning yaxshi jihatini ko‘ra bilardi.

Ba’zan bir og‘izgina gap bilan odamni o‘ylantirib qo‘yardi. Ana shu fazilatlari bilan ham u ko‘pchilik uchun ustoz edi.

Bundan buyon, taassufki, Sharifa Salimovaning ovozini tinglay olmaymiz. Ammo she’rlari hanuz o‘sha mayin ohangda yuraklarga kirib boraveradi. Haqiqiy she’rning umri shoir umridan ancha uzoq bo‘ladi axir.

Bugun Sharifa Salimova yo‘q.

Ammo har gal “Qaddingni tik tut, ayol”, “Mening ona tilim” qo‘shiqlari yangrasa, har gal “Qabohat saltanati” sahifalari ochilsa, har gal millatning fidoyi ayollari haqida so‘z ketsa, biz yana Sharifa opaning ovozini eshitgandek bo‘lamiz.

Chunki haqiqiy shoir hech qachon vafot etmaydi.

Uning yuragi she’rlarida urishda davom etadi.

Uning tafakkuri, teran nigohi kitoblarida yashaydi.

Bebaho insoniy fazilatlari esa uni taniganlar xotirasida umrbod qoladi.

Sharifa Salimova ana shunday unutib bo‘lmaydigan inson edi...

Ma’mura ZOHIDOVA,

O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi