Sud maʼlumotiga koʻra, Asad qasddan odam oʻldirish, 15 yoshga toʻlmagan bolalarni oʻldirish, qiynoqqa solish, qiynoqlar natijasida inson oʻlimiga sabab boʻlish va odamlarni bir necha bor noqonuniy ravishda ozodlikdan mahrum qilish kabi jinoyatlarda aybdor deb topilgan.
Bu Suriyada 2024-yil dekabr oyida Asad hokimiyati agʻdarilganidan keyin oʻtish davri rahbariyati davrida chiqarilgan birinchi oʻlim jazosi hukmi boʻldi.
Sud Bashar Asadning akasi, armiyaning 4-diviziyasiga rahbarlik qilgan Maher Asad va yana bir qator sobiq harbiy hamda xavfsizlik amaldorlarini ham sirtdan oʻlim jazosiga hukm qildi.
Asad 2024-yil dekabr oyida muxolif kuchlar Damashqni egallaganidan soʻng mamlakatni tark etgan va Rossiyaga qochgan.
Suriyada 2011-yilda boshlangan qurolli mojaro qariyb 14-yil davom etdi. BMT va boshqa xalqaro tashkilotlar maʼlumotlariga koʻra, urush oqibatida 500 mingdan ortiq kishi halok boʻlgan, millionlab odamlar oʻz uylarini tark etgan.
Suriyaning yangi hokimiyati Asad davrida sodir etilgan jinoyatlarni tergov qilish va aybdorlarni javobgarlikka tortishni ustuvor vazifalardan biri sifatida belgilagan.