Abdulla Avloniy tarbiyani biz uchun yo hayot, yo mamot, yo najot, yo halokat, yo saodat, yo falokat masalasi deb taʼriflaganidan buyon bir asrdan ortiq vaqt oʻtgan boʻlsa-da, bu hikmatli soʻzlar bugun ham oʻz ahamiyatini yoʻqotgani yoʻq. Aksincha, yanada dolzarb boʻlib bormoqda. Chunki sunʼiy intellekt bilim olish va mehnat qilish usullarini tubdan oʻzgartirayotgan hozirgi pallada taʼlimning maqsadi haqida qayta oʻylash zarurati tugʻiladi.
Axborotni izlash, saralash va taqdim etish vazifasini zamonaviy katta tezlikda bajarmoqda. Ammo bolaning qalbiga yoʻl topish, unga Vatanga muhabbat, halollik, masʼuliyat va mehnatsevarlik tuygʻusini singdirish faqat jonli inson, yaʼni ustozning qoʻlidan keladi. Prezidentimiz ustoz va murabbiylar bilan oʻtkazilgan uchrashuvda aynan shu haqiqatga tayanib, ustozni “mehr daryosi”, “ezgulik bulogʻi” va “maʼrifat quyoshi” deb taʼrifladi.
Tashabbuslar mohiyati
Uchrashuv davomida bayon etilgan fikrlarni tahlil qilsak, ularning markazida bir gʻoya turganini koʻramiz: taʼlimning asosiy sarmanzili bino, jihoz yoki hisobot raqamlari emas, balki oʻqitish mazmuni, sifati va ustozning ijtimoiy maqomidir. Keyingi oʻn yilda 1 million 800 ming oʻrinli bogʻchalar va 1,5 million oʻrinli maktablar barpo etildi, 10 mingdan ziyod taʼlim muassasasi zamonaviy koʻrinishga keltirildi. Prezidentimiz bu natijalarni eʼtirof etib, endi “binolardan ham muhimroq masala — oʻqitish mazmuni va sifati” degan xulosaga urgʻu berdi. Bu taʼlim siyosatida miqdordan sifatga oʻtishning ochiq eʼlonidir.
Tashabbuslarni besh yoʻnalishda umumlashtirish mumkin.
Birinchisi, ustoz maqomini mustahkamlash — Abdulla Avloniy nomidagi davlat mukofotini taʼsis etish, “Yil oʻqituvchisi” tanloviga bogʻcha tarbiyachilari va texnikum ustalarini kiritish, xalqaro va milliy sertifikatga ega oʻqituvchilarga 50 foiz ustama toʻlash, ming pedagogni xorijda stajirovkadan oʻtkazish.
Ikkinchisi, natijaga asoslangan boshqaruv — maktablar faoliyatini baholash uchun “sifat indeksi”ni joriy etish, ilgʻor maktablarga boshqalarning oʻsishiga koʻmaklashgani uchun 30 foiz ustama belgilash.
Uchinchisi, majburiylikdan tanlov erkinligiga oʻtish — malaka oshirish boʻyicha majburiy bir oylik kurslar oʻrniga kasbiy rivojlanish vaucherlari berish, pedagogning 18 soatdan 72 soatgacha boʻlgan oʻquvni oʻzi tanlashi.
Toʻrtinchisi, taʼlim bosqichlari uzviyligi va kasbga yoʻnaltirish — maktabdan boshlab kasb va xorijiy tilni egallash, dual taʼlimni texnikumlardan oliygohlargacha kengaytirish.
Beshinchisi, tenglik va xilma-xillik — inklyuziv taʼlim, xususiy maktablar va texnikumlarni qoʻllab-quvvatlash, xorijning eng kuchli 300 universiteti filiallarini jalb etish.
Mazkur tizimda har bir tashabbus bir-birini toʻldiradi. Masalan, bogʻchada oʻyin orqali qobiliyatlari kashf etilgan bola maktabda fanlarni chuqur oʻrganish imkoniyatiga, soʻngra kasbiy yoki oliy taʼlimda korxona buyurtmasi asosidagi dual taʼlimga yoʻl topadi. Bunda har bir bosqichdagi ustoz ushbu zanjirning teng huquqli halqasi boʻlib qoladi.
Jamiyat taraqqiyotidagi ahamiyati
Prezidentimiz belgilagan tashabbuslarning jamiyat taraqqiyotidagi ahamiyati, avvalo, ijtimoiy-maʼnaviy barqarorlik, iqtisodiy taraqqiyot va pedagogik tizimning ichki rivojiga qaratilganidan namoyon boʻladi. Masalan, bolalarining paxta dalasidan maktab partasiga, oʻqituvchilarning taʼlim jarayoniga qaytarilishi sohaning ijtimoiy adolat va inson qadr-qimmati bilan bogʻliq mohiyati ifodasidir.
PISA reytingida 15 yoshli oʻquvchilarning tabiiy fanlar boʻyicha 32 pogʻona yuqorilab, 48-oʻrinni egallashi, bir yilda nufuzli olimpiadalarda 228 ta medal qoʻlga kiritilishi, maktab davridayoq xorijiy til va fanlardan sertifikat olgan oʻquvchilar sonining 100 mingga yetishi taʼlim tizimi ildizlaridagi ijobiy siljishdan darak beradi.
Xalqaro va milliy sertifikatga ega oʻqituvchilar sonining besh yilda 29 mingdan 143 mingga ortgani, maktablarda oʻqituvchi yetishmasligining uch barobar kamaygani, 40 ming muallimning 1 ming dollardan yuqori maosh olayotgani kasbning nufuzi tiklanayotganini koʻrsatadi. Pedagog oʻz kasbidan moddiy va maʼnaviy qoniqish topmas ekan, yuksak sifatni talab qilish adolatdan boʻlmaydi. Shu bois, ragʻbat va masʼuliyat uygʻunligi islohotning asosiy qoidasi boʻlishi kerak.
Tenglik va tanlov erkinligi prinsiplari ham jamiyat taraqqiyotining muhim shartidir. Ikki yilda inklyuziv sharoit yaratilgan maktablar soni qariyb besh barobar oshib, 3 ming 591 taga yetgani alohida ehtiyojga ega bolalar tengdoshlari bilan bir muhitda oʻqishi va oʻsishiga yoʻl ochadi. Bunday muhitda sogʻlom bola ham hamdardlik, bagʻrikenglik va bir-biriga koʻmak berish madaniyatini oʻrganadi. Xususiy maktablar va texnikumlar uchun berilayotgan imtiyozlar esa davlat taʼlim tizimini almashtirmaydi, aksincha, sogʻlom raqobat orqali sifatni oshiradi va davlat maktablariga ham oʻz tajribasini boyitish imkonini beradi.
Maktabgacha taʼlimga berilayotgan eʼtibor chuqur ilmiy asosga ega. Zamonaviy psixologiya va pedagogika bolaning shaxs sifatida shakllanishida dastlabki yillar hal qiluvchi ekanini tasdiqlaydi. Bogʻchani bolaning qobiliyati kashf etiladigan maskan deb bilish, oʻyin orqali taʼlim dasturini 38 mingdan ortiq bogʻchaga joriy etish, 180 ming tarbiyachini oʻqitish kelajakdagi oʻqish motivatsiyasi va ijodiy fikrlashning poydevori qoʻyilayotganini bildiradi.
Shuningdek, “sifat indeksi” va vaucherlar tizimi taʼlim boshqaruvida yangi madaniyatni shakllantiradi: nazorat oʻrniga tayanch, koʻrsatma oʻrniga tanlov, hisobot oʻrniga natija beradi.
Sifat mezoni
Yuqorida sanab oʻtilgan barcha tashabbuslar oxir-oqibat sinf xonasida, ustozning soʻzi, nigohi va muomalasida roʻyobga chiqadi. Darslik yangi, bino zamonaviy boʻlishi, kredit va imtiyozlar berilishi muhim, ammo bolaga taʼsir koʻrsatadigan birlamchi omil ustozning shaxsi va soʻzidir. Shuning uchun taʼlim sifatining chinakam mezoni pedagogik mahoratdir.
Pedagogik mahorat pedagogning bilim, kasbiy koʻnikma, shaxsiy fazilat va ijodkorlik uygʻunligida namoyon boʻladigan yuksak kasbiy darajadir. U toʻrt tarkibiy qismdan iborat: fan va metodika boʻyicha chuqur bilim; oʻquvchi ruhiyatini tushunish va unga mos usul tanlash qobiliyati; oʻz-oʻzini boshqarish va ijodiy oʻzgaruvchanlik; va eng asosiysi, nutq madaniyati. Ustoz nutqi fan mazmunini yetkazish vositasi boʻlibgina qolmaydi, u oʻquvchi uchun adabiy til, fikr yuritish tarzi va maʼnaviy odob namunasidir.
Nutq madaniyati toʻgʻri talaffuz va imlo, soʻz boyligi, mantiqiy izchillik va uslub muvofiqligi bilan birga tinglovchiga hurmat madaniyatini ham oʻz ichiga oladi. Oʻquvchiga berilgan savol ohangi, xatosiga bildirilgan munosabat, maqtov va tanbeh soʻzlari uning oʻziga ishonchini shakllantiradi yoki soʻndiradi. Shu sababli Prezidentimiz taʼkidlagan “tanqidiy fikrlash” va “mustaqil fikr” koʻnikmalarini tarbiyalash, avvalo, ustozning savol berish va tinglash madaniyatiga bogʻliqdir. Oʻquvchining fikrini tinglay olmagan, unga ijodiy savol bera olmagan pedagog tanqidiy fikrlovchi avlodni tarbiyalamaydi.
Notiqlik sanʼati pedagog faoliyatining ajralmas qismidir. Qadimgi yunon va sharq mutafakkirlari notiqlikni faqat goʻzal soʻzlash emas, balki fikr, axloq va taʼsir kuchining birligi deb bilgan. Dars — kichik nutq sahnasi: uning boshlanishi (qiziqtirish), rivoji (tushuntirish va mulohaza), avj nuqtasi (kashfiyot lahzasi) va xulosasi bor. Ustoz ovoz ohangi, pauza, imo-ishora, misol va oʻxshatishdan oʻrinli foydalanib, murakkab tushunchani ham oʻquvchiga tushunarli va esda qoladigan qilib yetkaza oladi. Shu bois, pedagogika oliygohlarida va malaka oshirish tizimida nutq madaniyati va notiqlik sanʼati alohida, amaliy mashgʻulotlarga asoslangan yoʻnalish sifatida kuchaytirilishi lozim.
Bundan tashqari, taʼlimda pedagogik germenevtika degan tushuncha mavjud. Uning maʼnosi shuki, oʻqitish axborotni bir kishidan boshqasiga uzatish emas, balki maʼnoni birgalikda yaratishdir. Oʻquvchi har bir yangi bilimni oʻz tajribasi, til va dunyoqarashi orqali talqin qiladi, ustoz esa shu talqinning qanday kechayotganini ilgʻab, uni toʻgʻri yoʻlga solishi kerak.
Prezidentimiz maktablarda 2018-yildan buyon yangi avlod darsliklari yaratilishi, joriy yilda 324 ta darslik qayta ishlanganini taʼkidladi. Ammo eng yaxshi darslik ham talqinchi ustoz qoʻlidagina jonli bilimga aylanadi. Germenevtik saviyasi past pedagog darslikni mazmunini ochmasdan yodlatadi, saviyasi yuqorisi esa uni oʻquvchi hayoti bilan bogʻlab, mustaqil xulosaga undaydi.
Pedagogik mahoratning yana bir muhim qirrasi — pedagogik takt va axloqiy obroʻ. Oʻquvchilar ustozning aytgan soʻzidan koʻra koʻproq uning oʻzi qanday yashayotganiga qaraydi. Soʻzi bilan ishi bir boʻlgan, vaʼdasiga vafo qiladigan, oʻquvchini xatosi uchun haqorat qilmasdan toʻgʻri yoʻlga boshlaydigan pedagog shogirdining qalbida abadiy iz qoldiradi. Sharq pedagogik tafakkurida ustoz hamisha axloq va odob timsoli boʻlgan; Yusuf Xos Hojib, Kaykovus va Alisher Navoiy asarlarida bilim egasi boʻlish bilan birga soʻzga masʼuliyatli boʻlish ham yuksak fazilat sifatida ulugʻlanadi.
Shu maʼnoda, mamlakatimizda pedagog kadrlar tayyorlash tizimiga alohida eʼtibor qaratilayotgani diqqatga sazovor. Kelasi oʻquv yilidan tarbiyachilar uchun pedagogika oliygohlarida oʻqish muddatining toʻrt yildan uch yilga qisqarishi, bogʻchada kamida besh yil ishlagan tarbiyachi yordamchilariga ham shunday imkoniyat berilishi kasbga kirish yoʻlini kengaytiradi. Ammo muddat qisqararkan, oʻquv dasturlari sifati va zichligi pasaymasligi kerak. Buning uchun ishlab turib oʻqiydigan pedagogga masofaviy va aralash formatdagi dasturlar, tajribali ustozning rahbarligi va amaliy mashgʻulotlarning koʻpaytirilishi muhim shartdir.
Olimpiada gʻoliblarini tayyorlagan ustozlarga toʻgʻridan toʻgʻri oliy toifa berilishi, boshlangʻich sinflar uchun fan olimpiadalari yoʻlga qoʻyilishi isteʼdodli bolalarni erta aniqlashga xizmat qiladi. Bunda gʻoliblarga emas, har bir bolaga eʼtibor berish tamoyilidan chekinmaslik lozim: musobaqa oʻquvchini qiziqtirishi, ruhiy bosim oʻtkazmasligi kerak. Shu nuqtayi nazardan, ustoz oʻquvchining yutugʻini ham, muvaffaqiyatsizligini ham hurmat bilan qabul qilib, undan oʻsish imkoniyati sifatida foydalana bilishi, yaʼni pedagogik taktni yuqori darajada egallagan boʻlishi lozim.
Oliy taʼlimda esa ilmiy-pedagogik kadrlarning pedagogik mahorati muammosi alohida koʻtarilishi zarur. Koʻp olimlar oʻz sohasi mutaxassisi boʻlsa-da, talabaga bilimni tushunarli va qiziqarli yetkazish mahorati yetishmasligidan aziyat chekadi. Dual taʼlimda korxonadan talabaga biriktiriladigan ustozlar ham, oliygoh oʻqituvchilari ham pedagogik mahorat, nutq madaniyati va muloqot koʻnikmalari boʻyicha maxsus tayyorgarlikdan oʻtishi zarur. Shunda taʼlim va ishlab chiqarish oʻrtasidagi hamkorlik faqat hujjatlar darajasida qolmay, chinakam oʻqitish sifatiga aylanadi.
Prezidentimizning uchrashuvda bildirgan tashabbuslari majmui taʼlim siyosatida mazmun va sifatga, ustoz maqomiga, natijaga va uzviylikka asoslangan yangi bosqichni anglatadi. Mukofotlar, ustamalar, vaucherlar, sifat indeksi, dual taʼlim va xalqaro hamkorlik — bularning bari taʼlimning asosiy subyekti boʻlgan ustozga ishonch va uning masʼuliyatini oshirish vositasidir. Ustozni eʼzozlash bir kasb egasini emas, butun bir millat kelajagini eʼzozlashdir. Bu soʻzlarni amaliy ishlar bilan tasdiqlash har birimizning ilmiy, kasbiy va insoniy burchimizdir.
Rahimboy JUMANIYOZOV,
pedagogika fanlari doktori, professor