Kuzatuvlarga koʻra, 1 oktyabr kuni soat 12:00 da poytaxt boʻyicha PM2.5 zarrachalarining oʻrtacha miqdori 33 mkg/m³ ni tashkil etgan. 2 oktyabr kuni soat 05:00 da bu koʻrsatkich 44 mkg/m³ ga yetgan.

Eng yuqori koʻrsatkichlar soat 10:00 da qayd etilgan. Bu vaqtda PM2.5 miqdori 46,7 mkg/m³, PM10 miqdori esa 79,2 mkg/m³ ni tashkil qilgan.

AQSH Atrof-muhitni muhofaza qilish agentligi (US EPA) havo sifati indeksiga koʻra, 1 oktyabr soat 23:00 dan 2 oktyabr soat 11:00 gacha havo sifati sezgir guruhlar uchun nosogʻlom darajada boʻlgan. Milliy baholash tizimi boʻyicha esa 2 oktyabr soat 10:00 da PM2.5 koʻrsatkichi yashil, PM10 koʻrsatkichi sariq darajaga toʻgʻri kelgan.

Kunduzi havo harorati koʻtarilishi bilan inversiya zaiflashib, havoning aralashishi yaxshilangan. Harorat 15,6 darajadan 25,6 darajagacha koʻtarilgan, nisbiy namlik esa 83 foizdan 29 foizgacha pasaygan.

Natijada soat 12:00 ga kelib PM2.5 miqdori 21 mkg/m³ gacha kamaygan. Soat 13:00 dan 17:00 gacha poytaxt boʻyicha ushbu koʻrsatkich oʻrtacha 15–18 mkg/m³ ni tashkil etgan. US EPA indeksi boʻyicha havo sifati bu vaqtda oʻrtacha darajada boʻlgan.

Biroq 2 oktyabr kechasi shamol yana susayib, harorat inversiyasi kuchaygan. Buning natijasida havodagi zarrachalar miqdori qaytadan oshgan. Soat 21:00 dan 3 oktyabr soat 01:00 gacha US EPA indeksi boʻyicha havo sifati sezgir guruhlar uchun nosogʻlom, milliy standart boʻyicha esa oʻrtacha darajada boʻlgan. Soat 02:00 dan boshlab havo sifati yaxshilanib, oʻrtacha darajaga qaytgan.

3 oktyabr soat 09:00 da kuzatuv nuqtalarida PM2.5 miqdori 18–37 mkg/m³ oraligʻida qayd etilgan. Bu milliy baholash tizimi boʻyicha yashil, US EPA indeksi boʻyicha esa oʻrtacha darajaga mos keladi.

Laboratoriya tahlillari ham havodagi chang zarrachalarining asosiy manbalarini aniqlash imkonini berdi. Toshkent shahridagi «Green University» hududida 2026 yil 2 oktyabr soat 11:47 dan 3 oktyabr soat 11:47 gacha olingan PM2.5 va PM10 namunalari tahlil qilingan.

Natijalarga koʻra, PM2.5 tarkibidagi zarrachalarning 67 foizi mineral va tuproq changi, 25 foizi esa sanoat va energetika sohalaridagi yonish jarayonlari bilan bogʻliq.

PM10 zarrachalari tarkibida mineral va tuproq changi ulushi 80 foizni, sanoat va energetikadagi yonish jarayonlari hissasi esa 16 foizni tashkil etgan.

Shunday qilib, tahlil qilingan davrda havodagi mayda va yirik chang zarrachalarining asosiy qismi mineral va tuproq changi manbalari hissasiga toʻgʻri kelgan.

Maʼlumot uchun, atmosferaning quyi qatlamlarida odatda havo yuqoriga koʻtarilib, vertikal yoʻnalishda aralashib turadi. Harorat inversiyasi vaqtida esa maʼlum bir qatlamda balandlik ortishi bilan harorat ham koʻtariladi. Natijada sovuq havo yer yuzasiga yaqin, iliq havo esa uning yuqorisida joylashadi. Bu havoning vertikal aralashishini cheklab, ifloslantiruvchi moddalarning tarqalishiga toʻsqinlik qiladi.

Ayniqsa, kuz va qish oylarida bunday holat Toshkentda havoning tabiiy aralashishini kamaytirib, havo sifati vaqtincha yomonlashishiga olib kelishi mumkin.

Oʻzbekistonda PM2.5 va PM10 zarrachalari boʻyicha havo sifatini baholashning milliy indeksatsiya tizimi Sogʻliqni saqlash vazirligi hamda Ekologiya va iqlim oʻzgarishi milliy qoʻmitasining qoʻshma qarori asosida ishlab chiqilgan.