Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati xabar berdi.

Poytaxtning Yangihayot tumanida oʻtkazilgan tezkor tadbirda ikki nafar shaxs ushlanib, ularning yonidan 500 dona kuchli taʼsir qiluvchi dori vositalari ashyoiy dalil sifatida olingan. Aniqlanishicha, ular ushbu dorilarni tarqatish bilan shugʻullangan.

Keyinchalik ularga aloqador boʻlgan yana bir tarqatuvchi qoʻlga olinib, uning yonidan ham 500 dona kuchli taʼsir qiluvchi dorilar topilgan.

Shundan soʻng dorilarning manbasini aniqlash maqsadida tezkor tadbirlar davom ettirilib, Toshkent viloyatining Ohangaron shahrida uch nafar shaxs ushlangan. Ularning yashash manzili koʻzdan kechirilganda narkolaboratoriya tashkil etilgani maʼlum boʻlgan.

Tadbir davomida 9 kilogramm «Pregabalin», 500 gramm «Tropikamid», 600 dona «Pregabalin» kuchli taʼsir qiluvchi dori vositalari hamda qadoqlash uchun moʻljallangan anjomlar ashyoiy dalil sifatida olingan.

Hozirda mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 251-1-moddasi 5-qismi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.