Tadbirni OTB prezidenti Masato Kanda hamda Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri oʻrinbosari Jamshid Xodjayev ochib berdi.

Taʼkidlanishicha, 2027-yil boshiga qadar Toshkent xalqaro moliyaviy markazi ishga tushiriladi. U investorlar uchun ingliz umumiy huquqiga asoslangan yurisdiksiya, mustaqil sud tizimi va soliq imtiyozlarini taqdim etadi.

Shuningdek, tadbirda mamlakatda amalga oshirilayotgan tizimli islohotlar, jumladan, opsion va eskrou-hisobvaraqlarini legallashtirish, muqobil investitsiya fondlari toʻgʻrisidagi qonun hamda 2025-yil yakunlari boʻyicha Oʻzbekiston yalpi ichki mahsulotining 147 milliard dollarga yetgani alohida qayd etildi.

Panel muhokamalarida Investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri oʻrinbosari Shoxrux Gulamov, OTB bosh yuridik maslahatchisi Thomas Clark hamda bankning Oʻzbekistondagi vakolatxonasi rahbari Kanokpan Lao-Araya ishtirok etdi.

Mutaxassislar transchegaraviy loyihalarni amalga oshirish maqsadida Investitsiya kengashlarining mintaqaviy alyansini tashkil etish istiqbollarini muhokama qildi.

Tadbir yakunida Jamshid Xoʻjayev ishtirokchilarni 2026-yil 16–18-iyun kunlari boʻlib oʻtadigan 5-Toshkent xalqaro investitsiya forumiga taklif qildi. Forum doirasida Investitsiya kengashlarining mintaqaviy alyansini tashkil etish boʻyicha memorandum imzolanishi kutilmoqda.