Ichki ishlar organlari ma’lumotiga ko‘ra, «Yoshlar orasida giyohvandlikka qarshi kurashish oyligi» doirasida o‘tkazilgan tezkor tadbirda yo‘l-patrul xizmati inspektorlari «Spark» rusumli avtomobilni to‘xtatib tekshirgan. Yo‘lovchining shubhali xatti-harakatlari sababli uni shaxsiy ko‘rikdan o‘tkazish jarayonida yashirin usulda tarqatish uchun tayyorlab qo‘yilgan, qadoqlangan sintetik narkotik moddalar aniqlangan.
Shundan so‘ng, Yunusobod tumani Ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasi Jinoyat qidiruv bo‘limi hamda Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan gumonlanuvchining xonadoni xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirilgan. U yerdan ham turli xil sintetik giyohvandlik vositalari, ularni qadoqlash uchun mo‘ljallangan paketlar, respirator va tarozilar ashyoviy dalil sifatida olingan.
Aniqlanishicha, gumonlanuvchi internet orqali ish qidirib, giyohvandlik vositalarini tarqatishga rozi bo‘lgan. U o‘zining ko‘rsatuvida narkotik moddalarni tarqatish qonun bilan taqiqlangani va buning uchun jinoyiy javobgarlik mavjudligini ijtimoiy tarmoqlardagi huquqiy targ‘ibotlar orqali bilganini aytgan.
Tezkor tadbir davomida jami 1 kilogramm 500 gramm mefedron, 120 gramm alfa-PVP va 100 gramm «spays» giyohvandlik vositalari tarqatilishining oldi olingan.
Mazkur holat yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 273-moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, gumonlanuvchiga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.