Forumda Ozarbayjon, Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Turkiya davlatlarining sud-huquq ta’limi muassasalari, bosh prokuraturalar huzuridagi akademiyalar, xalqaro tashkilotlar va ekspertlar ishtirok etmoqda.

Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashi raisi Xolmomin Yodgorov sudyalik kasbi nihoyatda mas’uliyatli va sharafli ekanini ta’kidlab, bo‘lajak sudyalarni tayyorlash hamda amaldagi sudyalarning malakasini oshirish o‘ta murakkab vazifa hisoblanishini qayd etdi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, odil sudlov samaradorligi, avvalo, sudyalikka nomzodlarning qay darajada puxta bilim va salohiyat bilan tayyorlanishiga bog‘liq. Shu bilan birga, har bir davlatning bu borada o‘ziga xos tajriba va yondashuvlari mavjudligi aytildi.

Forum doirasida sud va huquqni muhofaza qilish sohasi uchun kadrlar tayyorlashda sun’iy intellektdan zamonaviy pedagogik vosita sifatida foydalanish, sudyalar malakasini oshirish jarayoniga raqamli texnologiyalarni joriy etish hamda ushbu sohadagi huquqiy asoslarni takomillashtirish kabi mavzular muhokama qilinmoqda.

Tadbir ishtirokchilari o‘rtasida o‘zaro tajriba va fikr almashish ham ko‘zda tutilgan.