Toshkent shahar IIBB maʼlum qilishicha, voyaga yetmagan bola doʻkon eshigi tirqishidan ichkariga kirib, kassada saqlanayotgan 6 million 185 ming soʻmga yaqin pul mablagʻini oʻgʻirlab ketgan.

Hodisa tungi xizmatni olib borayotgan Qoʻriqlash xizmati xodimlari tomonidan oʻz vaqtida aniqlangan. Gumonlanuvchi voqea joyini tark etayotgan paytda ushlanib, ichki ishlar organlariga topshirilgan.

Tekshiruvlar davomida oʻgʻirlangan pul mablagʻlari toʻliq egalariga qaytarilgan.

Shuningdek, oʻrganishlar chogʻida mazkur savdo shoxobchasi Qoʻriqlash xizmati tizimiga ulanmagani maʼlum boʻlgan. Shundan soʻng tadbirkor bilan tegishli shartnoma tuzilgan.

Bundan tashqari, hududdagi boshqa savdo obyektlari ham koʻzdan kechirilib, ularning egalariga mulk xavfsizligini taʼminlash, qoʻriqlash xizmatiga ulanish va jinoyatlarning oldini olish boʻyicha tushuntirish ishlari olib borilgan.

Jinoyatni tezkorlik bilan fosh etishda xizmat koʻrsatgan Qoʻriqlash xizmati xodimlari rahbariyat tomonidan ragʻbatlantirilgan.