— Ular anchadan buyon jahon sahnasiga ozod millat sifatida chiqish uchun kurashar edi. Ular hurriyatga haqli ravishda erishdi deb aytsak bo‘ladi. Biz-chi...
— Bu nima deganing? Biz kurashmadikmi? Bir umr qullik, qaramlikka bosh egib yashadikmi? Unda Dukchi eshon qo‘zg‘olonining maqsadi nima edi? Cho‘lponning “Kishan kiyma, bo‘yin egma, Ki sen g‘am hur tug‘ilg‘onsen!” degan undovi yarog‘ ko‘tarib turgan so‘z qiyofasidagi lashkar emasmi? Abdulla Oripovning “O‘zbekiston”i, Erkin Vohidovning “O‘zbegim” qasidalariga mustabidlar tarafidan bizning millat sifatida kamsitilishimizga nisbatan oshkora qarshilik ruhiyati singdirilmaganmi?
— Dalillaringizga e’tirozim yo‘q. Baribir, men hali-beri mustaqil bo‘lishimizga umid qilayotganim yo‘q. Shuncha paxtamiz, shuncha qazilma boyliklarimiz bilan bizni bu imperiya changalidan qo‘yib yubormaydi. Tag‘in shu qadar mehnatkash millat bo‘lsak... Ishonmayman...
Ha, 1989 yillarda turmush o‘rtog‘im bilan shu tarzda bahslashar ekanman, yurtimizning qullik iskanjasidan xalos bo‘lishini harchand istamayin, bu baxt o‘sha yillarda bizga nasib etishiga chindan ishonmas edim.
Ammo Xudoyimning adolati bor-da. Xalq ichida aytiladigan “Qoni tutdi” degan gapni ko‘p eshitamiz. Tobora nafsi o‘pqon bo‘lib borayotgan mustabidlarga yuz yillar davomida erksizlikka qarshi oshkora va pinhona kurashga chiqqani bois, qamalgan, surgun qilingan, otilgan, osilgan minglab bahodirlarning, bir so‘z bilan ifodalaganda, jasorat elining qoni tutdi. Imperiya ag‘darildi va biz mustaqillikka erishdik.
Aslida, bu ma’lum haqiqatlar. Ehtimol, shaxsan o‘zim shu gaplarni turli davralarda, turli munosabatlar bilan necha bor aytgandirman... Ammo yana va yana takrorlagim kelaveradi. Aytgan sayin maza qilaman. Ko‘nglim o‘sib, osmon qadar yuksalib olaman. Go‘yoki aytganim sayin “Mustaqil millatmiz” degan iqror mustahkamlanib borayotgandek tuyuladi. Aytganim sayin bu so‘zlarning kuchiga kuch qo‘shilayotgandek bo‘ladi.
Shu qanot berguvchi tuyg‘ular, shu iqrorlar og‘ushida, mana, istiqlolimizning 35 yillik tantanalariga ham yaqinlashib kelyapmiz. Bugun bu yillarni bir-biriga tutashtiruvchi yo‘llar va bekatlar haqida o‘ylar ekanman, voqea-hodisalar, quvonchli va tashvishli kunlar xotiram kengliklarida tiniq torta boradi.
2017-yil 8-mart sanasi. Turfa gullar bilan ziynatlangan muhtasham koshonada boshlangan tabriklash va taqdirlash ¬marosimlaridan keyin mamlakatimiz rahbari bir necha soatlardan so‘ng rasmiy tashrif bilan Turkmanistonga yo‘l olishini, bu birinchi rasmiy tashrifi ekanini aytdi. Onalarning duosida boshqacha xosiyat bo‘ladi dedi.
Bayram dasturxoni atrofini to‘ldirib o‘tirgan barcha ayollar — hammamiz yurak-yuragimizdan bu safarning xayrli bo‘lishini tilab duo qildik. Tilaklarimga botinimda to‘planib yotgan iltijolarim ham qo‘shilib ketdi. Gap shundaki, Turkmaniston — mening o‘n sakkiz yoshimgacha yashagan tarixiy vatanim. Bobo-buvilarim, ota-onamning qabrlari o‘sha tuproqda. Shu paytgacha bordi-keldilarda xiylagina qiyinchiliklar mavjudligi viza olishim uchun ham muammolar tug‘dirayotgan edi. Bir necha yillardan buyon jigarlarim diydoriga intiq edim. Keyingi kunlarda Prezidentimizning qo‘shni davlatga tashrifining har bir daqiqasini nazarimdan qochirmay, televizor oldida tomosha qildim. Uchrashuvlar va suhbatlarning do‘stona ruhidan suyundim. Oradan ko‘p o‘tmay, ortiqcha mashaqqatlarsiz viza olishga muvaffaq bo‘ldim hamda hayotlaru marhumlarni ziyorat qilib, sog‘inch cho‘g‘larida lovillab yotgan yuragimni sovitib keldim. Menimcha, bunday kunni kutib yurgan yolg‘iz men emasdim. Ota tuproqqa bemalol borib kelgan qancha-qancha odamlar shukrona aytdi ekan, tashrif haqiga duo qildi ekan... Nafsilamrini aytganda, gap faqat bizning quvonchimizdami? Asosiysi, bir daraxtning novdalari bo‘lmish ikki davlat orasidagi masofalar qisqarganida, devorlar pasayganidadir. Aytayotgan so‘zlarimiz bir-birimizga tushunarli va yoqimli bo‘lganidadir...
Oradan oylar o‘tib bildikki, uzoq-yaqin qo‘shnilar orasini yaqinlashtirish mamlakatimizda boshlanayotgan yangi siyosatning ustuvor yo‘nalishlaridan biri ekan. Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Ozarbayjon, Turkiya... Tashrif tashriflarga ulanar ekan, oy-yulduzli bayrog‘imiz shu davlatlarning bayroqlari bilan goh bizning yuksakliklarda, goh ularning balandliklarida hilpirar ekan, madaniyatlarimiz bir-biridan rang olar, iqtisodiyotimiz birgalikda qudrat kashf eta borardi.
Osoyishta otayotgan tonglarni shukrona bilan qarshilar ekanmiz, poydevori mustaqillikda bo‘lgan, istiqlol imkonlari ustida bunyod etilayotgan bu do‘stlik qiyofasiga faqat bordi-keldilar, shartnomalar, memorandumlar deb emas, balki ellarimizni tinchlik bag‘rida asraydigan mustahkam qo‘rg‘on deb qaray boshladik. Yuragimizga yozilayotgan turkman, qozoq, qirg‘iz, tojik, ozarbayjon, turk kabi millat nomlari teranroqqa ko‘chib, ovozlari tomirlarimizga tutashdi.
Darvoqe, turk... Biz ming yillardan buyon turkiy millatmiz. Ammo mustaqillik arafalarida shu so‘z oldida dunyoda qandaydir bir qo‘rquv paydo bo‘lgandek edi. Go‘yo shu so‘z tez-tez tilga olinaversa, uning mohiyatidagi qudrat kuchayib boradigandek, qay bir kimsalar “turk”, “Turkiston” so‘zlarini tilga oldirmaslikka harakat qilardi. Bu nomlarni aytishga yuragi dov berganlarga iloji boricha tezroq “millatchi” degan qora yorliq yopishtirib, ovozlarini bo‘g‘zida bo‘g‘ishga urinishardi va ko‘p hollarda bunga erishardilar ham. Ammo istiqlol bergan jasorat bu so‘zni maydonlar va anjumanlarda baralla aytishga imkon berdi. “Turkiy davlatlar sammiti”, “Turkiy adabiyot durdonalari”ning yuz jildligi... Ildizi bir bo‘lgan millatlar yashayotgan mamlakatlar rahbarlari bunday jarayonlarda tug‘ishgan og‘a-inilarday birga ko‘rinish berganida, biz kabi ziyolilarning ko‘ngli naqadar tog‘dek o‘sganini tasavvur qilasizmi? Ayniqsa, ular orasida Prezidentimiz borligi va bu jarayonlarning shunchaki ishtirokchisi emas, balki tashabbuskori va tashkilotchisi ekani qalbga shu qadar katta faxru iftixor baxsh etadiki, buni ifodalashga, shoir tili bilan aytganda, “Olmosdan tarozu, oltindan tosh oz”...
Kun kunlarga ulanib, vaqt olg‘a ilgarilar ekan, hayotimizga ruhiy osoyishtalik bo‘lib kirib kelayotgan do‘stlik faqat qardosh va qondoshlar doirasidagina qolib ketmadi. Sharqu G‘arbning Xitoy, Janubiy Koreya, Yaponiya, Olmoniya, Fransiya, Italiya, AQSh kabi qator dovruqli davlatlarida, ularning rasmiy va norasmiy doiralariga turli shakllarda yetib borgan yuragimizdagi mehr, tilimizdagi so‘z, qo‘limizdagi amal va dilimizdagi niyatlar ishonch uyg‘otdi. Ularning har kimga ham ochilavermaydigan po‘lat eshiklari O‘zbekiston uchun ochildi. Jahondagi o‘zgarishlarni nihoyatda ziyraklik bilan kuzatadigan, ko‘pni ko‘rgan bu hududlarga Prezidentimiz tashrifi bilan tinchlikka va farovonlikka tutash taklif hamda tashabbuslar kirib bordi. Mustaqillikdan oldin qandaydir yo‘llar bilan xorijga borib qolgan yurtdoshimiz o‘zi haqida so‘raganlarga:
— O‘zbekman, O‘zbekistondanman, — deb millatimiz va yurtimizni tanishtirishga harakat qilsa, eshituvchi: — Bu qayer, Afg‘onistonmi, Pokistonmi? — deya ko‘zi va so‘zida savol akslanardi.
Bugun esa bizni yotsiragan o‘sha nuqtalardan juda-juda uzoqlashib ketdik. San’atimiz bilan zarif ko‘nglimizni, sportimiz (ayniqsa, boks va shaxmat) bilan jismoniy va aqliy qudratimizni, hunarmandligimiz bilan uddaburonligimizni, dilimiz naqshlarini dunyoga tanitdik. Dinu diyonatimiz bilan e’tiqodimizni...
Darvoqe, dinu diyonat... Azaldan ham dinu diyonatimizdan dunyo bexabar emasdi. Islom olamida mashhur barcha allomalarimizni bir-bir sanab o‘tirmay (bu sanoq uchun sahifalar kamlik qiladi), Al-Buxoriyning bittagina hadisini eshittirsak ham dunyoning har tarafidan “Biz bilamiz” degan aks sado qaytishi aniq.
Mustaqillik yillarida islom dinini o‘ziga niqob qilib olgan bir necha oqimlar paydo bo‘ldi. Ming yillardan buyon tinchlik, ma’rifat va hamjihatlik dini sifatida e’zozlanib kelayotgan islomni boshqacha talqin qilishga urinishlar kuzatildi. Buzg‘unchilik, jaholat, hatto terror yo‘llari bilan uning obro‘siga putur yetkazishga, shu yo‘l orqali tobora yoyilib borayotgan qanotini qirqishga harakatlar ancha-muncha kuchli davlatlarda ham ozmi-ko‘pmi parokandaliklarga sabab bo‘ldi. Bunday paytda dinu diyonat himoyasida mahkam turish, turganda ham harakatlarni faqat so‘z bilan emas, amalda ko‘rsatish mamlakatimizning, qolaversa, siyosatimizning navbatdagi jasorati bo‘ldi desak, adashmagan bo‘lamiz. Ziyrak o‘quvchimiz gap poytaxtimizning qoq markazida qad tiklagan muhtasham majmua — Islom sivilizatsiyasi markazi va qayta ta’mirlanib, bugun minglab ziyoratchilarni qabul qilayotgan Imom al-Buxoriy majmuasi haqida ketayotganini allaqachon payqagan bo‘lsa kerak. Ulardagi zamonaviy texnologiyalar vositasida jonlanadigan eksponatlarning har biri islom e’tiqodida yashagan va unga amal qilgan millatimizning tafakkur teranliklari, yaratuvchanligi, dovyurakligi hamda zahmatkashligidan so‘z aytadi.
Yurtimizning ikki nuqtasida joylashib, bir-biriga jon rishtalari bilan bog‘langan bu ikki majmua haqida ko‘p va xo‘p aytilgan fikrlarni takrorlamoqchi emasman. Faqat millat sha’ni, nomusi va e’tiqod himoyasi mana shunday bo‘ladi, biz va bizning siyosatimiz, 35 yoshga to‘lgan istiqlol siyosatimiz o‘z milliyati va qadriyatlaridagi gavharlarni mana shunday namoyish qilish, ishontirish bilan himoya qiladi, deb baland ovozda aytgim keladi.
Bularning barchasidan murod nima? Do‘stlik ham mablag‘, vaqt, yurakning eng toza to‘ridagi tuyg‘ularni sarflash, ya’ni ma’naviy fidoyilik evaziga barpo bo‘ladi. Mustaqilligimiz faxri bo‘lgan har ikki buyuk inshoot ham jonnisorlik, jonkuyarlik, o‘zingni unutib, zarra-zarranggacha sarflanishning hosilasidir. Xo‘sh, buncha xarjlanishlar nimaga?
O‘ttiz besh yil davomida davlatimiz siyosati o‘laroq, qonunlarimizdami, qarorlarimizdami, shiorlarimizdami aytilgan har bir so‘z, olg‘a tashlangan har bir qadam va har bir harakat faqat va faqat millatimiz manfaati uchun o‘ylangan, yaratilgan vositadir.
Mustaqillik yillarida ichki hayotimizda yuz bergan va yuz berayotgan yangilik-o‘zgarishlarni ham shu nuqtayi nazardan kuzatamiz va baholaymiz. Shu o‘rinda ko‘proq o‘zimni hayajonga solgan bir-ikki jihatga to‘xtalmoqchiman. Mustaqil bo‘lganimizdan so‘ng ham harbiy soha uchun yosh kadrlarni yetkazib beruvchi maktablar Suvorov nomida yashab qoldi. Harbiy hayot uchun, armiya uchun milliy g‘urur suv va havodek zarurdir. Faqat milliy g‘ururi bor askargina o‘z sarhadlarini himoya qilishga, ular uchun kurashga qodir bo‘ladi. Ana shu haqiqatni o‘z vaqtida ko‘ra bilgan mamlakatimiz rahbari o‘smir o‘g‘lonlarimizni harbiy hayotga hozirlaydigan o‘quv dargohlarini “Temurbeklar maktabi” deb atashni taklif qildi. Bu maktabda sarkarda bobolarimizning harb ilmlari o‘qitilishi bir taraf bo‘lsa, “Temurbeklar” atalmish salobatli nomning o‘zi bir taraf bo‘ldi.
O‘g‘il-qizlarimiz haqidagi suhbatlarning birida Quva tumanining Akbarobod qishlog‘idagi ixtisoslashgan maktabda uzoq yillar direktorlik qilgan dugonam Xolisxon Usmonova bunday gapirib qoldi:
— O‘smirligida nevaram Shohnurning rosa sho‘xligi tutdi. Hadeganda quyulavermadi. Yerga ursang, osmonga sapchiydi. Buni qanday qilib yo‘lga solsak ekan, degan o‘y-xayollarda yurgan paytimizda, Farg‘onada “Temurbeklar maktabi” faoliyat boshladi. Uni yonimga o‘tqazib, Amir Temur bobomiz haqida tarixdan bilganlarimni gapirib berdim. O‘g‘il bola emasmi, hikoyam bobomiz g‘olib chiqqan janglarga kelganida ko‘zlari chaqnab ketardi. Shu maktabda o‘qishga qiziqib qoldi...
Ha, Shohnur Muhammadjonov “Temurbeklar maktabi”da o‘qidi. O‘qiganda ham a’lochilar safida bo‘ldi. U faqat mutaxassislikka oid fanlarnigina emas, balki tarix va ingliz tilini ham juda yaxshi o‘zlashtirdi. Maktabni bitirgach, Ichki ishlar vazirligi akademiyasida o‘qishni davom ettirdi. Har ikki o‘quv maskanida shakllangan temir intizom, chuqur o‘zlashtirilgan bilim va ayniqsa, yillar davomida qalbida mukammallashib borgan milliy g‘urur tuyg‘usi bugun uning o‘zi tanlagan sohada namunali mutaxassis sifatida faoliyat yuritishi uchun mustahkam poydevor bo‘layotgani chin.
Istiqlol zamini va zamonida nomlar bejiz tanlanmaydi. Nomlar ham o‘ziga xos zalvorli yukni ko‘taradi. Modomiki, gapimiz mavzusi o‘g‘lonlarimiz bilan bog‘liq ekan, fikrimizni mustaqillikning yana bir in’omi — “Mard o‘g‘lon” davlat mukofoti bilan davom ettiramiz. Jamiyatimizda qizlar tarbiyasiga katta ahamiyat beriladi. Ularni kasbga tayyorlash, o‘qitish, oilaga hozirlash hamisha diqqat markazimizda bo‘lib kelgan. Shu bilan birga, oilada ham, jamiyatda ham o‘g‘il bolalar tarbiyasiga, ularda or-nomus kabi tuyg‘ularni kuchaytirishga katta e’tibor qaratish kerak. Ularni onalarga, opa-singillarga tayanch bo‘ladigan, oila yukiga yelka tutadigan, mas’uliyatli erkak qilib voyaga yetkazish ta’lim-tarbiyaning markazida turmog‘i darkor. Shu ma’noda, bundan bir necha yillar avval o‘z tengdoshlari orasida iqtidori va yaxshi fazilatlari bilan ajralib turgan yigitlarimiz uchun “Mard o‘g‘lon” mukofoti ta’sis etilishi bu yo‘nalishda olg‘a tashlangan yana bir muhim qadam bo‘ldi. Bundan uch yil avval sirdaryolik Bahrom Bahrullayev ham bir guruh tengdoshlari qatori “Mard o‘g‘lon” mukofoti bilan taqdirlandi. U — shaxmat bo‘yicha turli darajadagi katta musobaqalar g‘olibi.
— Mukofot uchun juda zo‘r nom tanlangan, — deydi chempionning onasi Zuhra opa. — “Mard o‘g‘lon”lar safiga qo‘shilgan paytlari Bahromning musobaqalarga qattiq tayyorlanishi kerak bo‘lgan davrga to‘g‘ri keldi. Baribir, hali tuyg‘ulari tinib ulgurmagan asov yigitcha emasmi. Bir yoqda mukofotning havosi... Uchrashuvlar, olqishlar... O‘g‘lim erta kelgan muvaffaqiyat yo‘llarida adashib ketishi ham mumkin edi. Ammo mukofotdagi “Mard” so‘zi qirg‘oq bo‘lib uni mahkam ushlab qoldi. Otasi ikkovimiz: “O‘zbek xalqi hammani mard demaydi. Lafzida turadigan, oilasi va elining yuzini qizartirmaydigan yigitni mard deydi” qabilidagi gaplarni aytib turdik.
Bahrom chindan ham mardlarga xos yashamoqda. O‘tgan yillar davomida Toshkent xalqaro iqtisodiyot va diplomatiya universiteti talabasi bo‘ldi. Ayni kunlarda yana bir xalqaro turnirga tayyorgarlik ko‘rmoqda. Samarqandda bo‘lib o‘tadigan Xalqaro shaxmat olimpiadasida ishtirok etish huquqini qo‘lga kiritgan.
Mamlakatlar, millatlar, voqea-hodisalar va insonlar taqdiridan ham shu narsa ko‘rinib turibdiki, Vatan ozodligi, millat ozodligi bu — taqdirning eng qudratli, eng go‘zal va eng yoqimli yaxshiligidir. Shuning uchun turli sabablar bilan xorijga ketib, janggohlarda jabrlangan millatdoshlarimizni yurtimizga qaytarish maqsadida o‘tkazilgan “Mehr” operatsiyalari haqida so‘z ochamizmi yoki Rossiyadagi Xalqlar do‘stligi universitetini tugatib, Moskvada ishlayotgan buxorolik Izzat Sharipovning yurtimizda tadbirkorlarga yaratilayotgan sharoitlardan xabardor bo‘lgach, serdaromad ishini tashlab, O‘zbekistonga qaytganidan va og‘ir texnika bilan xizmat ko‘rsatadigan korxona tashkil qilganidan gapiramizmi — baribir o‘sha yaxshilik nurlari yog‘dusi va haroratini his qilib turamiz. Ikki farzandi bilan o‘n uch yil ijara uylarda sarson bo‘lgan Gulnora Shomahmudovaning ehtiyojmand ayollarga ko‘rsatilayotgan ko‘mak tufayli Sergeli hududidan vatanli-uyli bo‘lgani to‘g‘risidagi xushxabarni eslaymizmi yoki buxorolik Dilnoz Ro‘ziyevaning istiqlol bergan imkonlarga tayanib, oddiy muallimlikdan qanday qilib Buxoro innovatsiyalar universiteti rektori darajasiga ko‘tarilgani bilan bog‘liq voqealarni o‘rtaga tashlaymizmi — aslo o‘sha ozodlik baxsh etgan yaxshilik va ezgulik quvonchlaridan uzoqlashmaymiz.
Yillar vaqt qanotida uchib o‘taveradi. Keyingi yil o‘ttiz olti, so‘ng esa o‘ttiz yetti, o‘ttiz sakkiz... Ammo bu yilimiz, ya’ni o‘ttiz beshimiz shunchaki o‘tib ketayotgan vaqtga qo‘shilib ketmaydi. Unga to‘kilgan manglay terlar, uning har daqiqasiga jo bo‘lgan fidoyiliklar, niyatlar, umidlar, armonu ishonchlarning barchasi xalqimizning jon siyohiga botirib yozayotgan qalamlaridan to‘kilgan qutlug‘ so‘zlarda, millatimizning shonli tarix kitobida abadiy muhrlanib qoladi.
Qutlibeka RAHIMBOYEVA,
O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi