Kecha va bugun
1991-yil, kuzning ilk kunlari.
Mustaqillik biz uchun mutlaqo yangi va hali to‘liq anglab ulgurilmagan, kutilmagan voqea edi. Men endi 17 yoshga to‘lgan talabaman. Barchamizni bir xil savollar o‘ylantirardi:
Endi nima bo‘ladi?
Mamlakat o‘zini himoya qila oladimi?
Xalqni non va zarur mahsulotlar bilan ta’minlay olamizmi?
Turmushimiz qanday kechadi?
Tirikchilik nima bo‘ladi?
Tashqi iqtisodiy aloqalar endi shakllanayotgan edi. O‘shanda biz Singapur, Yaponiya, Malayziya, Janubiy Koreya, Turkiya kabi davlatlarga havas bilan qarardik. Savol qiynardi: Ular qisqa muddatda qanday taraqqiy etdi? Nega ularda marketlar to‘la, yo‘llar ravon, maktab va universitetlar zamonaviy qiyofada? Chunki biz safarlarda bu manzaralarni ko‘rardik. O‘zimizda esa do‘kon peshtaxtalarining aksariyati bo‘m-bo‘sh edi. Katta zavod va fabrikalar, kolxoz va sovxozlar inqirozga yuz tutgandi. O‘shanda o‘zimga ko‘p savol berganman: yillar o‘tib, O‘zbekiston qanday mamlakat bo‘ladi? Bugun ortda qolgan yillarga nazar tashlasak, mamlakatimiz murakkab, biroq muhim va salmoqli taraqqiyot yo‘lini bosib o‘tganiga guvoh bo‘lamiz.
Mustaqillikning dastlabki yillari, avvalo, xavfsizlikni ta’minlash va barqarorlikni saqlash bilan bog‘liq edi. Bu davr oson kechmadi. Biz o‘sha davrdagi hadik va qo‘rquv bois, ko‘plab muammolarga o‘ralashib qoldik. Bu esa qat’iy qaror qabul qilishga imkon bermadi. Siyosatda turg‘unlik tushunchasi bor, lekin erkin inson tabiati botqoqni xushlamaydi. Unga parvoz kerak, kenglik kerak!
Evrilishlar qanday boshlandi?
Mamlakat bir vaqtning o‘zida ko‘plab ichki va tashqi muammolarni hal qilishi, yangi davlat institutlarini shakllantirishi va iqtisodiy munosabatlarni yo‘lga qo‘yishi kerak edi. Bugun esa vaziyat butunlay boshqacha. Xo‘sh, bunga qanday yo‘l bilan erishildi? 2016-yil yangi O‘zbekistonning boshlanish davri bo‘ldi. Shu yili 4-dekabr kuni Prezidentlik saylovi bo‘lib o‘tdi. Unda 88,61 foiz ovoz bilan Shavkat Mirziyoyev o‘ta ishonchli g‘alabani qo‘lga kiritdi. Shu kundan davlatimiz yangi tarixida mutlaqo yangi davr boshlandi.
Bugungi dunyo bamisoli bepoyon okean. Shiddatli bo‘ron va to‘fonlarga to‘la, tahdidlar ko‘p. Biroq u yerda hayot qaynayapti. Hamma harakatda. O‘zbekiston mana shu to‘fonga qo‘rqmay kirib keldi. Mamlakat iqtisodiyoti sezilarli darajada o‘sib, salohiyati esa tobora osha boshladi. Inson qadrini ulug‘lash, tadbirkorlikni rivojlantirish islohotlarning bosh tamoyili qilib belgilandi.
O‘zbekistonda yirik ishlab chiqarish korxonalarini tashkil etish, xalqaro bozorlarga chiqish va xorijiy kompaniyalar hamda investorlar bilan raqobatlasha oladigan yangi tadbirkorlar qatlami shakllanishi boshlandi. Bundan o‘n yil avval O‘zbekistonda har bir tadbirkor biznesini rivojlantirishdan ko‘ra, uni saqlab qolish, yo‘qotmaslik haqida ko‘proq o‘ylardi. Maqsadsiz va son-sanoqsiz tekshiruvlar, ortiqcha aralashuvlar va turli bosimlar tashabbusni bo‘g‘ardi. Biznesni kengaytirish imkoniyat emas, balki xavfdek tuyulardi. Shu bois, odamlar ko‘zga tashlanmaslikka intilardi. PANADAGI BIZNЕS, PANADAGI IQTISODIYOT, PANADAGI ODAMLAR — o‘sha davrning og‘riqli manzarasi edi. Yaqinda, 18 avgust kuni Prezidentimizning Xorazmda tadbirkorlar bilan navbatdagi ochiq muloqotida “Akfa” kompaniyasi asoschisi Jahongir Ortiqxo‘jayev ham o‘sha yillarni eslab, o‘z kompaniyasiga bo‘lgan bosimlarni, “maska shou”larni, o‘z biznesini rivojlantirishdan ko‘ra, qanday qilib uni saqlab qolish haqida tunlari bedor bo‘lganini yodga oldi. Darhaqiqat, o‘sha davrda odamlar rivojlanish haqida emas, faqat omon qolish haqida o‘ylardi. Soliqchilarning asossiz bosimi va nohaq talablari esa tadbirkorlar uchun doimiy tahdidga aylangan edi. Har bir kichik do‘kon, dorixona yoki yirik biznesning soliq idorasida o‘z “krisha”si bo‘lishi shart edi. Bu “krisha”lar har oy 100 dollardan bir necha ming dollargacha o‘lpon yig‘ardi. Dorixona biznesi bilan shug‘ullangan o‘z ukam Olimxon misolida bunga guvoh bo‘lganman. “Nega doim soliqchilarga pora berasan?” deb so‘raganimda, u: “Aka, agar bermasam, ertaga tekshiruv kelib, dorixonamni yopib ketadi”, deya atrofga olazarak qarab, qo‘rquv bilan gapirardi.
Ustoz yozuvchi Shukrullo ta’kidlaganidek: “Qo‘rqqan odam har kuni o‘ladi”. Qo‘rquv shu qadar kuchli ediki, halol tadbirkor ham o‘zini go‘yo jinoyatchidek his qilardi. Bugun vaziyat boshqacha. Tadbirkor muammosini yashirmaydi. Uni ochiq aytadi. Yechim talab qiladi. Buning o‘zi ishonch muhiti shakllanayotganidan dalolat beradi. Xususan, obro‘li tadbirkor Zafar Hoshimovning davlatimiz rahbari bilan ochiq muloqotda tijorat ijarasi masalasini ko‘targani ham shu o‘zgarishning bir ko‘rinishi bo‘ldi. U biznes va mulk egasi manfaatlari o‘rtasida muvozanat zarurligini ta’kidladi. Demak, bugun muammo yashirilmayapti. Muhokama va yechim uchun ochiq maydon bor. Shunday an’anaviy uchrashuvlar va tashabbuslar natijasida Prezidentimiz ta’biri bilan aytganda, tuman, shahar, viloyat va respublika darajasidagi “chempion tadbirkor”lar soni ortib bormoqda. “Chempion tadbirkor” deganda aylanma mablag‘i bir trillion so‘mdan ziyod ishbilarmonlar nazarda tutiladi. Bugun bunday tadbirkorlar yuzdan ortiq. Tasavvur qiling-a, yuzdan ortiq! Xo‘sh, avvallari shunday tadbirkorlar bormidi? Aslo yo‘q!
Tadbirkorlik sohasidagi tub o‘zgarishlar va izchil transformatsiyalar Prezidentimiz tomonidan 2016-yili boshlangan islohotlar bilan bevosita bog‘liq. Davlatimiz rahbari faoliyatining ilk kunlaridanoq ilgari surgan “Xalq davlat idoralariga emas, davlat idoralari xalqimizga xizmat qilishi kerak” tamoyili nafaqat amaldorlarning xalq huzuriga tushishida, balki, eng avvalo, insonlarning tafakkurida aks etdi.
Tasavvur qiling: endi chinovnik-to‘ralar huzuriga ikki bukilib kirmaydi tadbirkor. Endi teskarisi. Misli ko‘rilmagan format joriy etildi — Xalq qabulxonalari fenomeni. Ya’ni har bir fuqaro o‘z muammosini Prezidentga yetkaza oladi.
Natija ko‘p kuttirmadi. Bu o‘sish iqtisodiy ko‘rsatkichlarda ham ko‘rina boshladi. O‘n yilda mamlakat YAIMi 48 milliard dollardan 147 milliard dollarga o‘sdi. O‘zbekistonga 150 milliard dollardan ortiq xorijiy investitsiya kirib keldi. Eng muhimi, Prezidentimiz konvertatsiya masalasini ham hal qildi. Bo‘lar ekan-ku! Biz esa shuncha yillar qo‘rqib keldik. Ammo islohotning haqiqiy qiymati raqamlarda emas.
Joriy yilning o‘zida 1,7 milliard dollarlik 56 ta yirik zamonaviy sanoat va servis obyekti ish boshladi, 8800 ta yuqori daromadli ish o‘rni ochildi. Shuningdek, budjetdan ajratilgan 46 trillion so‘m hisobidan 385 ta maktab, 13 ta bog‘cha, 81 ta shifoxona, 7000 kilometr yo‘l, 3200 kilometr ichimlik suv va kanalizatsiya tarmoqlari qurildi, ta’mirlandi va rekonstruksiya qilindi.
Kuni kecha Prezidentimiz tomonidan 4 milliard dollarlik 160 dan ziyod korxona va obyektlar ishga tushirildi. Qachon bunday bo‘lgan? Hech qachon!
Uning natijasi minglab yangi ish o‘rinlarida ko‘rinadi. Yangi korxonalarda ko‘rinadi. Eksportga chiqarilayotgan mahsulotlarda ko‘rinadi. O‘z mehnati bilan daromad topayotgan insonlarda ko‘rinadi. Farg‘onadagi kichik tikuvchilik sexi o‘nlab odamni ish bilan ta’minlamoqda. Buxorodagi hunarmand mahsulotini xorijga chiqarmoqda. Namangan va Andijondagi zamonaviy korxonalar tashqi bozorga kirib bormoqda.
Eng muhimi, insonning iqtisodiy qarashi o‘zgardi. Boqimandalikdan tashabbuskorlikka o‘tish kuchaymoqda. Tayyor ish kutish o‘rniga o‘z ishini boshlash istagi ortib, g‘oyani biznesga aylantirishga intilish kuchaydi. Panadagi biznes, panadagi iqtisodiyot, panadagi odamlar o‘rnini ochiq, faol va tashabbuskor tadbirkorlar egallamoqda.
Davlatimiz rahbari Oliy Majlisga Murojaatnomasida Uinston Cherchillning ushbu iqtibosini keltirgan edi: “Ba’zilar tadbirkor deganda sog‘in sigirni, faqat sanoqli odamlargina tadbirkor deganda og‘ir aravani tortayotgan mehnatkash otni tushunadi”. Ushbu fikr bugun Prezidentimiz tomonidan tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash borasida yuritilayotgan siyosatning mazmun-mohiyatini ham yaqqol ifodalaydi. Chunki tadbirkorni faqat soliq to‘lovchi yoki davlatdan olish mumkin bo‘lgan manba sifatida emas, balki iqtisodiyotni harakatga keltiruvchi, yangi ish o‘rinlari ochuvchi, investitsiya jalb qiluvchi asosiy kuch sifatida ko‘rish iqtisodiy tafakkurning muhim belgisidir.
Dunyoga ochilayotgan O‘zbekiston
2016-yildan boshlab O‘zbekiston dunyoga to‘liq ochildi deb baralla ayta olamiz. Bugun 164 mamlakat bilan diplomatik aloqalar o‘rnatildi. Qo‘shnilar bilan munosabatlar mustahkamlandi. Yangi transport va iqtisodiy yo‘laklar ochildi. Tashqi bozorlarga chiqish imkoniyatlari kengaydi. Kecha tashqi dunyoga ehtiyotkorlik bilan qaragan mamlakat bugun dunyo bilan ochiq muloqot qilmoqda. O‘zim orzu qilgan kunlarni ko‘rib, beixtiyor ichimdan bir hayqiriq keladi: “Chegaralarni ochsak, hech kim bostirib kirmas ekan-ku!”. Chunki bor-yo‘g‘i 11 yil oldin xorijga chiqish har kimga ham emas edi. OVIR degan tashkilot insonni bamisoli “krepostnoy”lik davriga qaytardi. Bu tashkilot xorijga chiqish-kirish darvozasining yasovulidek, qo‘lidagi ruxsat kaliti bilan kimga yo‘l ochish, kimning yo‘lini to‘sishni o‘zi hal qilardi. Pasportga xorijga chiqish ruxsatnomasi, ya’ni stiker bostirish uchun kerak bo‘lsa, oylab kutar edingiz. Navbatingiz kelib, o‘sha vallamatning oldiga kirganingizda esa, xuddi u tergovchiyu siz ashaddiy jinoyatchidek so‘roq boshlanardi: “Qayerga bormoqchisan? Nima maqsadda? Chet elda qarindoshlaring bormi? Dindormisan?”. Kurakda turmaydigan, shaxs daxlsizligini pisand qilmaydigan bunday munosabatga chidashga majbur edingiz. Aks holda…
Bir yaqin do‘stim Abdumajidning aytishicha, xorijda tahsil olmoqchi bo‘lgan singlisi ruxsatnoma olish uchun suhbatga kirgani voqeasi esimga tushib ketdi. Forma kiygan xodim yosh qizga bunday savol bergan:
— Chet elda qanday yashaysan? Fohishalik qilib kun ko‘rasanmi?
Farosatsizlarcha berilgan bunday savoldan bechora qiz ho‘ngrab yig‘lagancha xonadan chiqib ketgan. “Ruxsatnoma nima bo‘ldi?” deb so‘rasam, do‘stim masalani pora bilan hal qilganini aytdi. Nafaqat chet elga chiqish yo‘llari, balki mamlakat ichidagi yo‘llarimiz ham sun’iy to‘siqlar va shlagbaumlar bilan to‘lib-toshgan emasmidi?
Farg‘ona vodiysiga qatnaganlar o‘sha davrlarni yaxshi eslaydi. Dovon postlarida o‘z fuqarolarimiz ham shaxsini tasdiqlovchi hujjatlarini ko‘rsatishga majbur edi. Go‘yo yurtimizda yil — o‘n ikki oy favqulodda vaziyat e’lon qilinganday edi. Kechagidek yodimda: Farg‘onaga taniqli jurnalist va yozuvchilar Xurshid Do‘stmuhammad, Ahmadjon Meliboyev bilan tadbirga yo‘l olgandik. Dovon postida to‘xtatishdi. Aksiga olib, pasportim Toshkentda qolgan ekan. Ish joyimdan berilgan hujjat va haydovchilik guvohnomasi ham o‘tmadi. Meni mashinadan tushirib, xuddi jinoyatchidek post ichiga olib kirishdi. Hamrohlarimdan xijolat bo‘lib, ulardan ketaverishini iltimos qilsam, ular “Birga keldik, birga ketamiz”, deya men bilan qoldi. Ukam pasportimni taksi orqali yubordi va ikki yarim soat kutib, qo‘limga tekkandan so‘nggina yo‘lga chiqdik. O‘z yurtida o‘z fuqarosining 300-400 kilometr naridagi viloyatga borishi uchun bunday xo‘rlikka duch kelishi adolatdanmidi?
Taniqli adibimiz Nurali Qobil o‘sha davrni “qo‘rquv saltanati” deb atagan edi. Bu iboraning haqiqati chegaralardagi sun’iy to‘siqlar, minalardan halok bo‘lgan va nogiron bo‘lib qolgan yuzlab insonlar, bir ko‘cha naridagi aka-uka va qarindoshlarni yillar davomida begonaga aylantirgan chegaralar misolida ko‘rinadi. O‘z fuqarosiga ishonmagan, uning haq-huquqini poymol qilgan davlat qo‘rquv saltanati bo‘lmay, nima? Bunday siyosat mamlakatimizning xalqaro imijiga ham zarba berdi. Paxta dalalaridagi majburiy mehnat, ayniqsa, bolalar mehnati xalqaro tanqid va boykotlarga sabab bo‘ldi. Bugun ortga nazar tashlasak, o‘sha kunlar go‘yoki qo‘rqinchli tushdek ko‘rinadi.
Shavkat Mirziyoyev fenomeni
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev islohotlarining eng muhim sahifalaridan biri jahonga qayta ochilgan yangi O‘zbekistondir. Mamlakatimizning barcha davlatlar bilan pragmatik, do‘stona va iqtisodiy hamkorlikka asoslangan tashqi siyosat yuritayotganini hatto mamlakatimizdan tashqaridagi tanqidchilar ham tan olmoqda. Davlatimiz rahbari hokimiyatga kelgan ilk kunlaridanoq yaxshi qo‘shnichilik aloqalarini tiklashga kirishdi. Bir-biridan arazlagan aka-ukalardek tarqoq bo‘lib borayotgan Markaziy Osiyo davlatlarini yana bir stol atrofida birlashtirdi. 2018-yildan buyon muntazam o‘tkazib kelinayotgan Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining Maslahat uchrashuvlari mintaqaviy hamkorlikning asosiy siyosiy maydoniga aylandi. 2025-yil noyabrda Toshkentda o‘tgan sammitda Ozarbayjon ham ushbu formatning to‘laqonli a’zosi bo‘ldi. Markaziy Osiyoda yaxshi qo‘shnichilik ruhi qayta tiklandi. Umumiy tarix va bir ildizga borib taqaladigan xalqlar o‘rtasidagi sovuq munosabatlar o‘rnini amaliy hamkorlik egalladi.
Davlatimiz rahbari dunyo arenasida unutila boshlagan O‘zbekistonni qayta tanitdi. Prezidentlikning dastlabki oylaridan boshlangan oliy darajadagi xorijiy tashriflar, anjumanlar va sammitlar geografiyasi kengaydi. 2025 yilning o‘zida AQSHga ikki marta tashrif amalga oshirildi. Bir paytlar biz bilan ishlash tugul, muloqot qilishni istamagan davlatlar bugun O‘zbekiston bilan hamkorlik qilmoqda. Donald Trampdan Si Szinpingacha, Vladimir Putindan Rejep Tayyip Erdog‘angacha bo‘lgan davlat rahbarlari Prezidentimizni hurmat bilan qabul qilmoqda. Oliy darajadagi tashriflar negizida, eng avvalo, O‘zbekistonning strategik manfaatlari turadi. Qariyb 40 million nufusga ega, dengizga chiqish uchun kamida ikki davlat hududidan o‘tishga majbur bo‘lgan mamlakatimiz uchun yangi bozorlar va transport-logistika yo‘nalishlari nihoyatda muhim. Davlatimiz rahbarining siyosiy irodasi va ochiq diplomatiyasi tufayli o‘n yillar davomida yopiq bo‘lgan eshiklar ochilib, yangi O‘zbekiston dunyo bilan jadal yaqinlashmoqda. Kuni kecha yurtimizda davlat tashrifi bilan bo‘lgan Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev ham o‘z nutqida buni alohida ta’kidlab o‘tdi:
— Shavkat Miromonovich O‘zbekistonga rahbarlik qilishni boshlaganida vaziyat butunlay boshqacha edi. Buni O‘zbekiston fuqarolari ham, biz ham juda yaxshi bilamiz. Bugun biz butunlay boshqacha O‘zbekistonni ko‘rib turibmiz. Jahon hamjamiyatining juda hurmatga sazovor a’zosiga aylangan O‘zbekistonda sanoatni rivojlantirish, qishloq xo‘jaligi, energetika, transport infratuzilmasi bilan bog‘liq masalalar juda tezkor va samarali hal etilmoqda. Shavkat Mirziyoyev va uning jamoasi tomonidan O‘zbekiston uchun qilingan ishlar va bu islohotlar bo‘lmaganida, birorta ham hamkorlik loyihasini amalga oshirishning imkoni bo‘lmasdi.
Darhaqiqat, yangi O‘zbekistonning ochiq va ko‘p vektorli tashqi siyosati nafaqat mintaqaviy jipslikni ta’minlamoqda, balki global maydonda mamlakatimizning geoiqtisodiy mavqeini tubdan mustahkamlamoqda. Kaspiy dengizi orqali Yevropa bozorlariga chiqish, muqobil transport koridorlarini rivojlantirish hamda Markaziy Osiyo, Yevropa va Amerika davlatlari bilan savdo-sarmoyaviy sheriklikni kengaytirish iqtisodiy barqarorlikning muhim omiliga aylandi. Pragmatik diplomatiya natijasida geografik cheklovlar bosqichma-bosqich yengilib, O‘zbekiston xalqaro iqtisodiy integratsiyaning va mintaqaviy tranzit chorrahalarining ajralmas qismiga aylanib bormoqda.
Bir so‘z bilan aytganda, dunyoda ayrim davlatlar o‘z chegaralarini tobora balandroq devorlar bilan o‘rashga intilayotgan bir paytda O‘zbekiston ochiqlik va hamkorlikka xizmat qiladigan ko‘prik barpo etmoqda. Bu ko‘prik mamlakatimizni mintaqa davlatlari, yirik iqtisodiy markazlar va butun dunyo bilan bog‘layapti. Shavkat Mirziyoyevning siyosiy faoliyati esa nafaqat Markaziy Osiyo, balki butun Osiyo qit’asida zamonaviy liderlik — ochiqlik, muloqot va o‘zaro manfaatga asoslangan yangi yondashuv qanday bo‘lishini amalda namoyon etdi.
Zamonaviy ta’lim tizimi — Buyuk ipak yo‘lining yangi karvoni
Agar Buyuk ipak yo‘li qadimda savdo va karvonlar orqali mamlakatlarni bog‘lagan bo‘lsa, Movarounnahr zaminida u yana bir buyuk vazifani bajargan. Bu karvon yo‘li ilm, g‘oya va ma’rifatni bir avloddan ikkinchisiga yetkazdi. Samarqand, Buxoro, Xiva va Termiz nafaqat savdo, balki ilm-fan va tafakkur markazlariga aylandi. Bu zaminda Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Moturidiy, Burhoniddin Marg‘inoniy, Abu Lays Samarqandiy, Mahmud Zamaxshariy, Bahouddin Naqshband kabi benazir allomalar yetishib chiqib, azaliy ilm va ma’rifat merosini kelajak avlodga qoldirdi.
Bugungi ta’lim islohotlarini ham ana shu tarixiy vorislikning zamonaviy ko‘rinishi sifatida ko‘rish mumkin. Eng muhimi, o‘zgarishlar faqat yangi maktab va universitetlar qurish bilan cheklanmadi, ta’lim olishga nisbatan munosabat tubdan o‘zgardi. Maktabgacha ta’lim qamrovining kengayishi bilan bolaning ta’lim jarayoniga ilk bosqichdan kirib kelishi sezilarli oshdi: 2017-yilda 3-6 yoshli bolalar qamrovi 25,4 foiz bo‘lgan bo‘lsa, 2024- yilga kelib, 72,4 foizga yetdi. Shuningdek, iqtidorli va muayyan yo‘nalishga qiziqishi yuqori bo‘lgan o‘quvchilar uchun ixtisoslashtirilgan maktablar tarmog‘i kengaytirilib, ularda fanlarni chuqur o‘rganish uchun alohida ta’lim muhiti yaratildi. Prezident maktablari esa tabiiy va aniq fanlar, xorijiy tillar hamda zamonaviy texnologiyalarga yo‘naltirilgan, yuqori akademik talablar asosidagi yangi ta’lim modelini amaliyotga olib kirdi.
Eng quvonarli islohotlardan biri oliy ta’limga o‘qishga kirishdagi “1-avgust xavotiri”ga barham berildi. Ilgari universitetga hujjat topshirishning o‘zi alohida mashaqqat edi: abituriyent bir nechta idora ostonasida sarson bo‘lar, hujjat, ma’lumotnoma va navbat bilan bog‘liq ovoragarchiliklarga duch kelardi. Qabul jarayonidagi byurokratiya esa adolatsizlik va korrupsiya uchun sharoit yaratardi. Test imtihonlaridagi “bunker” tizimi, abituriyentning olgan bali qanday shakllanganini tushunish imkoniyatining cheklangani, aksariyat holatlarda tanish-bilishchilik va pul orqali masalani hal qilishga urinishlar ta’limga ishonchni yo‘qotdi. Bunday muammolar faqat abituriyent bilan cheklanmasdi. Universitetning o‘zida ham yakuniy imtihonlar, tanish-bilish yoki boshqa manfaatlarga bog‘lanib qolishi korrupsiya uchun xavfli muhit yaratardi. Hatto talabalar orasida “falonchi domlaning o‘z narxi bor” degan achchiq kesatiqning paydo bo‘lgani ham muammoning qanchalik chuqur ildiz otganidan dalolat edi.
Shu nuqtayi nazardan, ta’limdagi raqamlashtirishni oddiy texnik yangilik deb baholab bo‘lmaydi. Qabul jarayoni va baholash tizimining elektronlashtirilishi ta’limda inson omilini kamaytirish va shaffoflikni oshirishga xizmat qildi. Ilgari bitta odamning qaroriga bog‘liq bo‘lgan jarayonlarning elektron tizimga o‘tishi korrupsion imkoniyatlarni bartaraf etishga xizmat qildi.
Ta’limdagi bugungi raqamlashtirishning qiymati kompyuter yoki elektron baza paydo bo‘lganida emas. Asosiy o‘zgarish ta’lim jarayonida insonning subyektiv aralashuvi, yopiqlik va nazoratsizlikni kamaytirish imkoniyati paydo bo‘lganida. Bahoning elektron qayd etilishi, talabaning o‘zlashtirishini tizim orqali kuzatish, qabul va hujjat topshirish jarayonlarining raqamlashishi ta’limda “kimning tanishisan?” emas, balki “nimani bilasan?” degan mezonni kuchaytirishga xizmat qilishi kerak. Ta’limdagi islohotlar mohiyatini anglash uchun yaqin o‘tmish manzarasini eslashning o‘zi kifoya. Bir vaqtlar maktab ta’limi paxta mavsumiga moslashtirilar, o‘quvchilar mavsumiy qishloq xo‘jaligi ishlariga majburiy jalb etilar, natijada darslar muntazam o‘tilmay qolardi. Oliy ta’limda ham vaziyat bundan farq qilmasdi. Talabalar o‘quv yili boshlanganiga hali bir necha kun bo‘lmasdanoq paxta dalalariga yuborilar, kuzgi mavsumni dalalarda o‘tkazib, qish oylarida o‘qishga qaytardi. Ta’lim jarayonining paxta mavsumiga bog‘lanib qolishi mustaqillikning dastlabki yillarida ham to‘liq barham topmadi. Bu oddiy yoki tashkiliy muammo emas edi. Paxtaga chorak asr qaramlik ta’limning asosiy vazifasini izdan chiqarib, o‘quvchining ham, talabaning ham bilim olish huquqini keyingi darajaga tushirib qo‘ydi. Dars soatlari yo‘qotilar, o‘quv dasturlari to‘liq o‘zlashtirilmas, ustoz va talabaning asosiy vaqti bilim olishga emas, mavsumiy mehnatga sarflanardi. Majburiy mehnatdan voz kechish ta’lim tizimidagi oddiy o‘zgarish emas, uning maqsadi va vazifasidagi tub burilish bo‘ldi.
Bugun ta’lim tizimidagi o‘zgarishlar mohiyatini aynan shu islohotlar zanjirida ko‘rish mumkin. Ta’limdagilar endi mavsumiy mehnat ehtiyojiga emas, insonning bilim olishi va salohiyatini rivojlantirishga xizmat qilishi kerak degan tamoyil ustuvor bo‘lmoqda. Maktabgacha ta’lim qamrovining kengayishi, oliy ta’limga kirish imkoniyatlarining oshishi, qabul va baholash jarayonlarining raqamlashishi, yangi va ixtisoslashgan universitetlarning tashkil etilishi ham ana shu tub burilish bosqichlaridir. Ayni ma’noda, oliy ta’lim qamrovidagi raqamlar ham sohadagi islohotlar samarasini tasdiqlaydi. 2017/2018 o‘quv yilida bakalavriat uchun umumiy qabul kvotasi 66 ming 316 nafar bo‘lgan, 2025/2026 o‘quv yili boshida esa oliy ta’lim muassasalarida 1 million 535 ming talaba tahsil oldi. 2025 yil yakunlariga ko‘ra, mamlakatda 215 ta oliy ta’lim muassasasi faoliyat yuritib, oliy ta’limga qamrov 44 foizdan oshdi. Oliy ta’lim qamrovining kengayishi bilan bir qatorda yangi iqtisodiyot va yangi kasblar uchun zamonaviy kadrlar tayyorlaydigan ta’lim muassasalariga ehtiyoj paydo bo‘ldi.
Yangi — 2026/2027 o‘quv yili arafasida ijtimoiy sohada ham ko‘plab zamonaviy obyektlar foydalanishga topshirilmokda. Ular orasida 36 ta bolalar bog‘chasi, 43 ta maktab, 7 ta oliy ta’lim muassasasi va 3 ta shifoxona bop.
Xususan, Yangi O‘zbekiston universitetining tashkil etilishidan maqsad mamlakatda faqat yana bir oliy ta’lim muassasasini ko‘paytirish emas, balki yuqori salohiyatli yoshlarimiz uchun o‘z yurtida xalqaro standartlarga mos ta’lim olish, zamonaviy texnologiyalar va ilg‘or ilm-fan yutuqlarini o‘zlashtirish imkonini yaratish edi. Bu jarayonning yana bir muhim yo‘nalishi mamlakatda yangi kasb va sohalar uchun ixtisoslashgan kadrlar tayyorlash tizimini shakllantirish bo‘ldi. Ayni ma’noda, 2018 yil 24 may kuni Prezidentimiz tashabbusi bilan tashkil etilgan O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti media sohasi uchun kadrlar tayyorlashni zamonaviy talablar asosida qayta tashkil etishga qaratildi. Globallashuv davrida axborot muhiti keskin o‘zgarib, internet jurnalistikasi, blogosfera va ijtimoiy tarmoqlar jadal rivojlanayotgan bir paytda jurnalist endi faqat matn yozadigan mutaxassis emas, raqamli texnologiya, ma’lumotlar tahlili, multimedia, sun’iy intellekt va axborotni tekshirish usullarini biladigan professional bo‘lishi talab etilmoqda.
Bugun ayni shu ehtiyoj ko‘lami raqamlarda ham aks etmoqda. O‘zbekiston aholisining 94,2 foizi internetdan foydalanmoqda. Ijtimoiy tarmoqlar foydalanuvchilari soni 14,1 millionga yetgan va bir yilda 41,7 foiz oshgan. Demak, axborot maydonining o‘zi o‘zgargan. Ilgari auditoriya asosan televideniye, radio va matbuot orqali axborot olgan bo‘lsa, bugun yangiliklarni asosan ijtimoiy tarmoqlar tarqatmoqda. Shuning uchun O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetida raqamli jurnalistika, ma’lumotlar jurnalistikasi, multimedia, mediasavodxonlik, axborotni verifikatsiya qilish, sun’iy intellektdan foydalanish, media etikasi va yechimga yo‘naltirilgan jurnalistika kabi yo‘nalishlarni kuchaytirish zarurati paydo bo‘ldi. YUNЕSKO ekspertlari bilan hamkorlikda jurnalistika ta’limiga qo‘yiladigan malakaviy talablar va o‘quv dasturlarining qayta shakllantirilayotgani ham sohadagi yutuqlardan dalolat. Demak, yangi tashkil qilingan ta’lim maskanlari negizida islohotlarning yana bir muhim jihati namoyon bo‘ladi: davlat ta’lim muassasalarini shunchaki ko‘paytirish emas, balki mamlakatning ertangi ehtiyojiga mos kadrlar tayyorlaydigan yangi ta’lim modellarini yaratishga o‘tmoqda.
Ammo ta’limning haqiqiy qiymati diplomlar soni bilan emas, insonning salohiyati bilan o‘lchanadi. Ta’lim insonni fikrlashga, izlanishga, yaratishga va mas’uliyat olishga o‘rgatishi kerak. Shu o‘rinda bir savol tug‘iladi: bizdan keyin qanday avlod qoladi? Faqat diplom olgan yoshlarmi? Yoki bilimni qadrlaydigan, mustaqil fikrlaydigan, yangilik yaratadigan va Vatan taqdiriga befarq bo‘lmagan avlodmi? Bu savolning javobi bugungi zamonaviy maktablardan, tajribali, fidoyi ustozlarimizning darslaridan boshlanadi. Oiladagi tarbiyada, ijtimoiy muhitda davom etadi. Shuning uchun yoshlarga faqat bilim berish yetarli emas. Ularda izlanishga jasorat, yaratuvchanlikka ishonch, shu aziz Vatanga xizmat qilish mas’uliyatini shakllantirish kerak. Zero, biz buyuk ajdodlar merosining vorislarimiz. Ular bizga ilm va ma’rifat xazinasini qoldirdi. Endi bu xazinani asrashning o‘zi kam. Uni yangi bilim, yangi kashfiyot va yangi g‘oyalar bilan boyitishimiz zarur. O‘zbekiston xalq shoiri Sirojiddin Sayyid ta’kidlaganidek:
O‘zingdan bir iz qoldir,
Ogoh o‘g‘il-qiz qoldir.
Avlodlarga so‘z qoldir:
Kim edigu kim bo‘ldik.
Qadriyatlar va vatanparvarlik sabog‘i
2026-yil O‘zbekiston mustaqilligining 35 yilligi bilan bog‘liq muhim tarixiy sana. Shu munosabat bilan mamlakat bo‘ylab “Mustaqillik to‘yi” tadbirlari, ma’naviy-ma’rifiy loyihalar va ijtimoiy aksiyalar o‘tkazilmoqda. “Yagona Vatan, yagona xalq bo‘lib, yangi hayot va kelajak yaratamiz!” shiori ostida “Vatan fidoyilari” monumenti, “Umummilliy birdamlik bog‘lari”, “Mustaqillik zafarnomasi” kitob-albomi va “Mustaqillikning 35 yilligi” xotira tangasi kabi tashabbuslar amalga oshirilmoqda. Ammo xotiraning o‘zi yetarli emas. U insonni bugungi mas’uliyat va ertangi vazifalarga yetaklagandagina ma’no kasb etadi.
Inson qayerda yashamasin, Vatan bilan bog‘liq ma’naviy makon uning tafakkurida saqlanadi. Vatan insonning faqat yashash joyi emas, balki o‘zligini anglaydigan, xotirasi va orzularini bog‘laydigan ma’naviy ildizdir. Shuning uchun Vatanga muhabbat uning yutuqlaridan faxrlanish bilangina cheklanmaydi. Uning dardini his qilish, muammosini o‘z muammosidek qabul qilish va taraqqiyotiga hissa qo‘shish ham Vatanga daxldorlikdir.
Bugun yoshlar bu tuyg‘uni zamonaviy ijtimoiy tarmoqlar orqali ifoda etmoqda. Shakl o‘zgardi, ammo mazmun o‘zgarmadi: VATANGA DAXLDORLIK HISSI.
Xorijdagi vatandoshlarimiz ham mustaqillikning 35 yilligi munosabati bilan “Mustaqil O‘zbekiston, g‘ururim, iftixorim” shiori ostidagi tadbirlarda ishtirok etayotgani ham bu tuyg‘u masofa bilan cheklanmasligini ko‘rsatdi.
35 yillik mustaqillikning eng muhim sabog‘i shunda: MUSTAQILLIK TARIXDA QOLGAN SANA EMAS, AVLODDAN AVLODGA O‘TADIGAN MAS’ULIYATDIR. Ana shu mas’uliyat avloddan avlodga o‘tar ekan, biz hamisha bir haqiqatni yodda tutishimiz kerak: bu tarixni davom ettirish, yangi mazmun va yangi yutuqlar bilan boyitish yangi avlodning zimmasida.
Hayiqmay to‘fonlardan,
Mardlik faqat senga tan,
Ota yurt, ona Vatan,
Kim edigu kim bo‘ldik.
O‘ttiz besh yillik yo‘lning davomi
O‘ttiz besh yil inson umri uchun katta davr, ammo bir xalq tarixi va milliy davlatchilik taraqqiyoti uchun hali debochadir. Shuning uchun 35 yillik yo‘lga nazar tashlar ekanmiz, faqat “Nimalarga erishdik?” deb emas, balki “Endi bu meros va imkoniyatlar bilan nima qilamiz?” deb so‘rashimiz kerak. Endi yangi avlodning vazifasi shu imkoniyatlarni bilim, mehnat, halollik va tashabbus bilan davom ettirishdir.
Buyuk fransuz mutafakkiri Sharl Lui Monteske: “ERKINLIK QONUN IJOZAT BЕRGAN ISHLARNI BAJARISH HUQUQIDIR”, deb yozgan edi. Bu fikr bugungi taraqqiyot haqiqatlarini anglash uchun ham muhim. Zero, erkinlik faqat istaklarni erkin ifoda etish emas. Erkinlik — fikrlash, izlanish, yaratish, tashabbus ko‘rsatish va o‘z tanlovi uchun mas’uliyatni zimmaga olish imkoniyati.
Mendan: “Yangi O‘zbekistondagi bu evrilishlarning negizida, eng avvalo, nima yotadi?” deb so‘rashsa, hech ikkilanmay: “Bu 2016-yildan boshlab Prezidentimiz tomonidan jamiyatimizga berilgan erkinlik, ochiqlik, muloqot va hurfikrlilik muhitidir”, deb javob bergan bo‘lar edim.
Shu o‘rinda yana bir savol tug‘iladi: kim o‘z mamlakatiga, o‘z xalqiga bunday ishonch va erkinlik bera oladi?
Menimcha, O‘ZIGA, TANLAGAN YO‘LIGA VA XALQINING SALOHIYATIGA ISHONADIGAN KUCHLI SIYOSIY LIDЕR BЕRA OLADI. Zero, xalqqa ishonch bildirish — uning fikrini eshitish, tashabbusini qo‘llab-quvvatlash, imkoniyatlarini kengaytirish va kelajakni birgalikda qurishga tayyor bo‘lish, demakdir. Prezidentimiz esa mana shu shonli missiyani fidokorona ado etmoqda.
Prezidentimizning siyosiy faoliyatida aynan shu yondashuv insonga ishonch, jamiyat bilan muloqot, ochiqlik va yangilanishga intilish muhim tamoyillardan biriga aylandi.
Zero, davlatni faqat binolar, yo‘llar, zavodlar yoki raqamlar emas, inson yuksaltiradi. Inson yuksalishi uchun esa unga imkoniyat, ishonch va erkinlik kerak. Shuning uchun men bugungi O‘zbekistondagi o‘zgarishlarning mazmunini uchta oddiy, ammo juda muhim uzviy ketma-ketlikda ko‘raman:
— qayerda erkinlik bo‘lsa, o‘sha yerda fikr uyg‘onadi;
— qayerda ishonch bo‘lsa, o‘sha yerda tashabbus paydo bo‘ladi;
— qayerda tashabbus bo‘lsa, o‘sha yerda taraqqiyot boshlanadi.
Demak, o‘ttiz besh yillik tarix biz uchun yakuniy manzil emas. Aksincha, bu — yangi bosqichga o‘tish uchun mustahkam poydevor.
Maqolamni kuni kecha Prezidentimiz aytgan quyidagi so‘zlar bilan yakunlamoqchiman:
“Yangi O‘zbekistonning eng katta natijasi bu o‘zgargan inson, o‘z kuchiga ishongan fuqaro, ertangi kunga daxldorligini his qilayotgan jamiyatdir!”.
Darhaqiqat, bugun biz uchun eng katta vazifa ana shu daxldorlik tuyg‘usini har bir inson qalbida yanada mustahkamlashdir. Zero, Vatan kelajagi faqat davlatning emas, barchamizning kelajagimiz. Ertangi kunni kimdir biz uchun qurib bermaydi. Uni bugungi qarorlarimiz, mehnatimiz, bilimimiz va mas’uliyatimiz orqali o‘z qo‘limiz bilan bunyod etamiz!
Barchamizga mustaqillik bayrami muborak bo‘lsin!
Sherzodxon QUDRATXO‘JA,
siyosiy fanlar doktori, professor