Prezidentimiz joriy yil mart oyida Samarqand viloyatiga tashrifi davomida jamoatchilik vakillari bilan Narpay tumaniga aynan ushbu poyezdda borgan va davlatimiz rahbariga uning imkoniyatlari shu tarzda taqdim qilingan edi.

Bugun yurtimizda boʻlayotgan oʻzgarishlar koʻlami keng. Xalqimiz hayotini farovon etishga qaratilgan loyihalar koʻp. Shunga yarasha qulayliklar ham kam emas. Toshkentdan Xivaga tezyurar elektropoyezdning qatnovga qoʻyilishi ham shunday saʼy-harakatlar samarasi.

...Ertalab soat 6:30. Toshkent markaziy temir yoʻl vokzalidamiz. Vokzalni inson hayotining muhim nuqtalaridan biriga, aytaylik, umr chorrahasiga oʻxshatish mumkinmi? Menimcha, mumkin. Chunki inson ham hayotda yoʻlovchi. Umri davomida aynan yoʻlovchi sifatida u yoqdan-bu yoqqa yuguradi, yeladi. Hayotning shirin va achchiq tashvishlarini boshdan kechiradi. Baʼzan ish va sayohat bahonasida yoʻlga otlanadi. Yoʻlda turli odamlar bilan uchrashadi, muloqot qiladi. Shu bois, vokzallar doim gavjum.

Toshkent markaziy temir yoʻl vokzali ham shunday. Doim yoʻlovchilar bilan toʻla. Kimdir u, kimdir bu manzilga shoshadi. Vokzallarimiz gavjumligining sabablaridan yana biri mamlakatimiz temir yoʻl tizimida yoʻlovchilarga yaratilayotgan qulayliklar, ayniqsa, hududlarni bogʻlovchi “Jaloliddin Manguberdi”dek tezyurar poyezdlarning xalq xizmatiga qoʻyilishi boʻlmoqda. Buni Toshkent va Xivani bogʻlovchi mazkur poyezdning ilk qatnovi munosabati bilan tashkil etilgan tadbir ishtirokchilari ham koʻp taʼkidladi.

Temir yoʻl tizimidagi yirik loyihalar taqdimotida koʻp ishtirok etganman. Ularning deyarli barchasi tantanali tus oladi. Nega? Ushbu savolga javob topish uchun yaqin oʻtmishga nazar tashlashning oʻzi kifoya. Axir poyezdga chipta topolmay, vagon yoʻlaklarida yoʻlxalta ustida navbat bilan dam olib yoki tik turib manzilga yetib olganlar kam emas ­oramizda. ­Transport tizimidagi oqsoqliklar tufayli poytaxtni qoʻya turaylik, viloyat yoki tuman markaziga borish uchun bir kun yoʻlda yurilgani ham odamlar esidan chiqqani yoʻq. Shunday sharoitda butun mamlakat transport tizimiga qaratilgan eʼtibor, xususan, yangi temir yoʻllar qurilishi, elektrlashtirilishi natijasida bugun manzilimizga avvalgidan tez va ­qulay ­sharoitda yetib olyapmiz. Tanlov imkoniyatimiz kengayyapti. Qisqasi, mamlakatimiz taraqqiyoti bugungi oʻzgarishlarda, odamlar hayoti va turmushida boʻy koʻrsatmoqda. Shunday ekan, tizimdagi kattayu kichik loyihani har qancha xursandchilik bilan qarshi olsak arziydi.

Agar bundan oʻn-oʻn besh yil avval, deylik, Urganch yoki Xivaga tezyurar poyezd keladi desangiz, sizni kamida xayolparastga chiqarishlari mumkin edi. Ammo bugun haqiqat shuki, ana shu tasavvur roʻyobga ­chiqmoqda. Orzular ushalmoqda. Oʻzgarishlar hammaning koʻz oʻngida sodir boʻlmoqda.

Shu oʻrinda temir yoʻl sohasiga oid baʼzi raqam va dalillarga toʻxtalib oʻtsak. Tizimdagi islohotlar epkinini, ayniqsa, keyingi yillarda seza boshladik. Buni yanada teran anglash uchun davlatimiz rahbarining 2023-yil 10-oktyabrdagi “Oʻzbekiston Respublikasi temir yoʻl transporti sohasini tubdan isloh qilish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori mazmun-mohiyatiga eʼtibor qaratish joiz. Chunki ushbu qaror asosida “Oʻzbekiston temir yoʻllari” aksiyadorlik jamiyati tizimida keng koʻlamli transformatsiya ishlari bajarilmoqda. Yangi temir yoʻl loyihalari amalga oshirildi. “Samarqand — Urgut”, “Baytqoʻrgʻon — Parkent”, “Navoiy — Buxoro” yoʻnalishlarida elektrlashtirilgan uchastka yoʻllari ­bunyod etilib, foydalanishga topshirildi. Ayniqsa, sohada yoʻlovchi tashishni yanada rivojlantirish, aholiga har tomonlama qulay qatnov sharoiti yaratish maqsadida tizimga zamonaviy texnologiyalarni joriy etishga katta eʼtibor qaratilmoqda. Xorijiy davlatlardan zamonaviy elektrovoz va teplovozlar xarid qilinib, yoʻlovchi vagoni parki yildan yilga yangilanmoqda. “Jaloliddin Manguberdi” elektropoyezdi buning yaqqol misoli.

2026-2030-yillarda “Toshkent yoʻlovchi vagonlarini qurish va taʼmirlash zavodi” aksiyadorlik jamiyatida ishlab chiqariladigan 200 ta yangi, zamonaviy yoʻlovchi vagonini sotib olish rejalashtirilgan. Unga koʻra, har yili 40 ta vagon yetkazib berish koʻzda tutilgan.

Yoʻlovchilar chiptani onlayn xarid qilishi mumkin. Qolaversa, qoʻshimcha qulayliklar yaratish maqsadida barcha vokzal hududlariga bosqichma-bosqich infokiosklar oʻrnatilmoqda. Natijada zamon talablaridan kelib chiqib, yoʻlovchilarga raqamlashtirish tizimi orqali xizmat koʻrsatishdan tashqari, navbatlar qisqarib, vaqt tejaladi. Bu tizim yoʻlovchilar gavjum paytlarda — bayramlar, taʼtillar yoki ish vaqtidan keyin juda samarali. Xizmat koʻrsatish sifati ham oshadi.

Soat 7:00. “Jaloliddin Manguberdi” poyezdi buyuk sarkarda yurti — Xorazm sari yoʻl oldi. Biz joylashgan vagonda, umuman, butun poyezdda hammaning kayfiyati aʼlo. Barcha yangi loyiha, yangi poyezd bilan bir-birini tabriklaydi. Kamiga xorazmlik sanʼatkorlar kuy-qoʻshiqlar bilan koʻngillari koʻtaradi.

Transport qanchalik tez harakatlanmasin, yoʻl tanobini suhbat tortadi. Shu bois, yonimdagi yoʻlovchi — uzoq yillar temir yoʻl tizimida mehnat qilgan Hasan Mahmudovni gurungga chorlayman.

— Bugun yurtimiz uchun yaxshi kun, — deydi suhbatdoshim. — Nimaga temiryoʻlchilar uchun demayapman, bilasizmi? Sababi, loyiha tizimniki boʻlishi mumkin, lekin poyezd — xalqniki. Bu ishlar oʻz-oʻzidan boʻlmaydi, albatta. Buning ortida katta mehnat turibdi. Davlatimiz rahbarining xalqni oʻylab yuritayotgan siyosati mahsuli bu.

“Ishni shiddat bilan boshlasang, yengil koʻchadi” degan gapni yoshligimda juda koʻp aytishgan. Shuning uchun hech esimdan chiqmaydi. Temir yoʻl tizimidagi ishlarga ham shunday baho beraman: shiddatli. Bundan esa barchamiz bahramand boʻlyapmiz.

— Hozirgi sharoit bilan siz mehnat qilgan davrlardagi farqni nimalarda koʻrasiz? — deb soʻrayman suhbatdoshimdan.

— Bitta farqini aytaman. Ilgari ishimiz Xorazmda deyilsa, yurak bezillardi. Chunki, birinchidan, masofa uzoq. Ikkinchidan, yoʻllar elektrlashtirilmagan, poyezdlarda sharoit deyarli yoʻq edi. Bir safar choʻlda teplovozimiz buzilib qolgan. Choʻlda saratonning issigʻini tasavvur qilavering. Shunday sharoitda uch soat qolib ketganmiz. Endi bugungi poyezdlarga qarang: odamlar uchun qulay qilib ishlab chiqarilgan. Bularni koʻrib biz — keksalar, albatta, duo qilamiz.

— Xivagacha borasizmi? — deb soʻrayman tagʻin.

— Yoʻq, Samarqandgacha boraman. Biz, bir guruh nuroniylar Imom Buxoriy majmuasini ziyorat qilish uchun yoʻlga chiqdik. Farzandlarim, nevaralarim aytdi: ajdodimiz majmuasi juda muhtasham boʻlibdi. Shunday ziyoratgohlarga zamonaviy poyezdlarda borishga nima yetsin!

Islohotlar shiddatiga mos harakatlar, avvalo, odamlarga qulaylik yaratishi bilan ahamiyatli. Yurtimiz temir yoʻl transporti tarixida muvaffaqiyatli loyihalardan biri sifatida eʼtirof etilayotgan mazkur loyiha yurtimizning tarixiy shaharlarini bir-biri bilan bogʻlaydi. Samarqand, Buxoro kabi qadimiy shaharlarga yoʻlovchi tushirib, yoʻlovchi oladi. Bu nafaqat mahalliy aholi, balki yurtimizga kelayotgan sayyohlar uchun ham ayni muddao. Kim bilan gaplashmang, fikr soʻramang, shu gaplarni aytadi. Yurtimizdagi oʻzgarishlarni mamnuniyat bilan taʼkidlaydi.

Milliy statistika qoʻmitasi maʼlumotlariga koʻra, joriy yilning yanvar-fevral oylarida 156 mamlakatdan 1 million 776 ming 336 chet ellik sayohat maqsadida mamlakatimizga kelgan va bu koʻrsatkich ortib borayotir.

Endi poyezd imkoniyati va qulayliklari haqida. Hozir poyezdlarimiz Toshkentdan Xivagacha boʻlgan masofani 14 soatda bosib oʻtadi. “Jaloliddin Manguberdi” esa mazkur masofa vaqtini ikki barobar qisqartiradi. Yaʼni u 1022 kilometrli masofani 7,5 soatda bosib oʻtadi.

Soatiga 250 kilometr tezlikda harakatlana oladigan zamonaviy poyezd Oʻzbekiston sharoitiga moslashtirilgan. Yaʼni 50 daraja issiq hamda 40 daraja sovuqda ham ishonchli harakatlanadi. Vagonlarga chang kirmaydi, yuqori va past haroratlarga, qum boʻronlariga chidamli tizimlar bilan jihozlangan. Uzoq masofalarga sayohat qilish uchun moʻljallangan. Yoʻlovchi oʻrindiqlarni xohishiga qarab, ikki yoʻnalish boʻyicha burishi mumkin. Vagonlarda kuzatuv kameralari mavjud. Maxsus ekranlarda harakat xaritasi va tezlik koʻrsatib boriladi. Poyezd tarkibi ­uzunligi 175 metr, 7 ta vagondan iborat, oʻrindiqlar soni 389 ta.

Yangi avlod poyezdining yurtimizga olib kelinishi sohadagi islohotlar ifodasi boʻlib, aholiga qulaylik yaratish barobarida turizm imkoniyatlarini oshiradi.

Ushbu poyezdlarni yoʻlga qoʻyish uchun temiryoʻlchilar 450 kilometrli “Buxoro — Urganch — Xiva” uchastkasini toʻliq elektrlashtirdi. Shuningdek, “Navoiy — Buxoro” uchastkasida yuqori tezlikda harakatlanadigan poyezdlarga moslashtirilgan 92,12 kilometrli ikkinchi temir yoʻl qurilishi loyihasi yakuniga yetkazildi. Natijada poyezdlar soatiga 250 kilometrgacha tezlikda harakatlanish imkoniga ega boʻladi.

Poyezd manzil sari ildamlaydi. Derazadan dalalar, togʻlar, bogʻlar, qishlogʻu shaharlar manzarasi bir-bir oʻtadi. Manzara xayollarni uzoqlarga olib ketadi. Shu asnoda maʼlumotlarni ham tahlil qilaman. Xayolimda poyezd tezligini bugun mamlakatimiz temir yoʻl tizimida roʻyobga chiqarilayotgan loyihalar, oʻzgarishlarga qiyoslayman. Binobarin, tizimdagi ishlar shiddatli. “Jaloliddin Manguberdi” poyezdi manzili aniq boʻlganidek, ular ham maqsadli loyihalarga asoslangan.

Xalqimizda “Ot — yigitning yoʻldoshi” degan gap bor. Menimcha, bu bejiz aytilmagan. Sadoqatli tulpori boʻlmaganida, ehtimol, Jaloliddin Manguberdi Chingizxon qoʻliga asir tushmaslik uchun daryoga sakramasligi, jangu jadallarda gʻalaba qozonmasligi mumkin edi. Nazarimizda, ushbu poyezdga “Jaloliddin Manguberdi” nomi berilishida ham oʻziga xos maʼno bor. Birinchisi, poyezdning milliy qahramonimiz ulgʻaygan yurt — Xorazmga qatnashi boʻlsa, ikkinchisi — u qulay va xavfsiz.

Poyezd tezligi Buxoro choʻllarida yanada oshadi: eng yuqori nuqtaga — soatiga 250 kilometrga yetadi. Manzil sari yaqinlash­yapmiz. Nihoyat, muayyan vaqt oʻtib, avval Urganchga, keyin belgilangan vaqt — soat 14:30 da Xivaga yetib bordik.

Chingizxonday qudratli kuchga qarshi tura olgan, mardonavor kurashgan Jaloliddin Manguberdi qahramonligidan faxrlanamiz. Buyuk sarkarda nomi bilan atalgan ushbu poyezd mamlakatimizga yetkazib berilishi rejalashtirilgan oltita “Hyundai Rotem” poyezdlaridan birinchisi. Poyezd tarkibining Oʻzbekiston bayrogʻini eslatuvchi moviy, yashil va qizil rangli chiziqlar bilan boyitilgani kishida faxr uygʻotadi. Poyezd va yoʻlovchilar tantanali kutib olindi. Xiva vokzali bayramona tus oldi. Kuy-qoʻshiqlar yangradi.

“Jaloliddin Manguberdi” poyezdi “Toshkent — Xiva — Toshkent” yoʻnalishida poytaxtimizdan ertalab 07:00 da joʻnab ketadi. Xivaga yetib borish vaqti soat 14:31. Xivadan esa ertalab 07:20 yurib, Toshkentga soat 14:51 da yetib keladi. Qatnov kunlari Toshkentdan seshanba, payshanba, shanba kunlariga, Xivadan chorshanba, juma, yakshanba kunlariga toʻgʻri keladi.

Bu hammasi emas. Ayni paytda temiryoʻlchilarimiz 196,2 kilometrli “Miskin — Nukus” uchastkasida elektrlashtirish ishlarini bajaryapti. U muvaffaqiyatli yakunlangach, kelgusi yildan

“Toshkent — Nukus — Toshkent” yoʻnalishida ham “Hyundai Rotem” kompaniyasi poyezdlari harakatlana boshlaydi. Demak, oldinda tuhfalar bisyor.

Dilshod ULUGʻMURODOV,

“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri