Ammo bu raqamlar ortida dehqon mahsulotining bozorga oʻz vaqtida yetib borishi, kichik tadbirkorning onlayn xaridor topishi, ishlab chiqaruvchining barqaror energiya taʼminoti va minglab ish oʻrinlari ochish masalasi turibdi.

Fargʻona vodiysida gilos pishganida yoki Samarqandda shaftoli terimi bosh­langanida dehqon uchun bitta asosiy savol tugʻiladi: mahsulot dunyo bozori, jumladan, Rossiyaga vaqtida yetib boradimi, yoʻlda sifati buzilmaydimi, puli xavfsiz keladimi? Toshkentdagi tikuvchi yoki Buxorodagi hunarmand oldida ham shunga oʻxshash savol paydo boʻladi: mahsulotni Moskva, Qozon yoki Yekaterinburgdagi xaridorga qanday yetkazish mumkin?

Shu maʼnoda, Oʻzbekiston — Rossiya iqtisodiy hamkorligi faqat diplomatik bayonotlar mavzusi emas, balki chegaradagi navbat, temir yoʻldagi vagon, bankdagi pul oʻtkazmasi, gaz bosimi, internet doʻkonidagi buyurtma va oddiy oilaning daromadi bilan bogʻliq amaliy masaladir.

Milliy statistika qoʻmitasi maʼlumotlariga koʻra, 2025 yilda Oʻzbekistonning tashqi savdo aylanmasi 81,2 milliard dollarga yetgan. Bu 2024 yildagiga nisbatan 20,7 foiz koʻp. Mazkur savdoda Xitoy 21,2 foiz ulush bilan birinchi, Rossiya 16 foiz ulush bilan ikkinchi yirik hamkor boʻldi. Rossiya bilan savdo haj­mi 13 milliard dollarga yaqinlashdi.

2026 yilning dastlabki toʻrt oyida ham bu tendensiya saqlandi: Oʻzbekiston tashqi savdo aylanmasida Xitoy 6,2 milliard dollar, Rossiya esa 4,5 milliard dollar bilan eng yirik sheriklar qatoridan joy oldi. Demak, Rossiya bozori Oʻzbekiston uchun nafaqat anʼanaviy, balki hamon juda katta va amaliy ahamiyatga ega bozor boʻlib qolmoqda.

Bu, xalqona tushuntirganda, har yili ikki mamlakat oʻrtasida minglab shartnoma, yuz minglab toʻlov, millionlab tonna tovar va xizmatlar harakatlanadi degani. Ushbu jarayonda fermer, logistika kompaniyasi, bank, ishlab chiqaruvchi, onlayn sotuvchi va isteʼmolchi yagona zanjirga ulanadi.

Ikki davlat 2030-yilgacha oʻzaro savdo hajmini 30 milliard dollarga yetkazishni maqsad qilgan. Bunga erishish uchun koʻproq tovar sotishning oʻzi yetarli emas. Savdo tarkibi ham oʻzgarishi, xomashyo oʻrnini tayyor mahsulot, oddiy eksport oʻrnini qoʻshma ishlab chiqarish va uzoq muddatli sherikchilik egallashi kerak.

Oʻzbekiston dengizga chiqish imkoniga ega emasligi bois, eksportining katta qismi temir yoʻl, avtomobil yoʻli va aviatsiyaga bogʻliq. Yoʻl ishonchli boʻlmasa, eksportchi shartnoma tuzishdan qoʻrqadi, dehqon mahsulotini ichki bozorda arzon sotishga majbur boʻladi, zavod esa xom­ashyoni kech oladi.

2025-yilda Oʻzbekiston va Rossiya oʻrtasida temir yoʻl orqali yuk tashish koʻrsatkichi 19,3 foiz oshib, 8,6 million tonnaga yetdi. Aviaqatnovlar ham iqtisodiy aloqalarning muhim qismiga aylanmoqda: ikki mamlakat shaharlari oʻrtasida haftasiga yuzlab reyslar qatnamoqda. Bu faqat yoʻlovchi oqimi emas, balki xizmatlar, kichik hajmli yuklar, ishbilarmonlik safarlari va turizm uchun ham imkoniyatdir.

Meva-sabzavot eksportida ham vaqt alohida ahamiyatga ega. Gilos yoki shaftoli uchun bir kunlik kechikish ham narx, sifat va xaridor ishonchiga taʼsir qiladi. Shuning uchun muzlatkichli konteynerlar, tezkor temir yoʻl yoʻnalishlari, “Agroekspress” kabi loyihalar va fitosanitar tekshiruvlarni soddalashtirish eksport uchun hal qiluvchi omildir.

Tadbirkorga kerakli asosiy omil — adolatli yoʻlak: tarif oldindan maʼlum boʻlishi, hujjat talablari tushunarli, chegaradagi tekshiruv shaffof va tez oʻtishi kerak. Bunday tizim yoʻlga qoʻyilsa, hamkorlikning foydasi birinchi boʻlib eksportchi va isteʼmolchiga tegadi.

Oxirgi yillarda Oʻzbekiston — Rossiya savdosida yangi tushuncha paydo boʻldi: marketpleyslar va raqamli xizmatlar. Avval tashqi bozorga chiqish uchun yirik ­distribyutor yoki ulgurji xaridor topish kerak edi. Hozir esa kichik ishlab chiqaruvchi ham mahsulotini onlayn platforma orqali Rossiyaning turli shaharlariga taklif qila oladi.

Wildberries, Ozon va boshqa platformalar Oʻzbekiston tadbirkorlari uchun yangi eksport eshigiga aylanmoqda. Bu eshikdan tikuvchilik, uy-roʻzgʻor buyumlari, hunarmandchilik mahsulotlari, oziq-ovqat va kosmetika tovarlari oʻtadi. Qulay logis­tika va sertifikatlash toʻgʻri yoʻlga qoʻyilsa, kichik sex ham tashqi bozorda oʻz xaridorini topishi mumkin.

Biroq raqamli savdoda ham qoidalar aniq boʻlishi shart. Onlayn toʻlov xavfsizmi, elektron shartnoma ikki tomon uchun teng kuchga egami, qaytarilgan tovar uchun javobgarlik kimning zimmasida, shaxsiy maʼlumotlar qanday himoya qilinadi? Bu savollarga tushunarli javob boʻlmasa, kichik tadbirkor yangi bozorga kirishdan choʻchiydi.

Shuning uchun elektron hujjatlarni oʻzaro tan olish, toʻlov tizimlarini uygʻunlashtirish, isteʼmolchi huquqini himoya qilish va soliq hisobotini soddalashtirish savdo aylanmasiga bevosita taʼsir etadi. Bu masalalar yechilsa, onlayn savdo yirik kompaniyalar emas, minglab kichik biznes subyektlari uchun ham real imkoniyatga aylanadi.

Shu maʼnoda, Prezidentimizning 4-5-iyun kunlari Rossiyaga amaliy tashrifi doirasida 29-Peterburg xalqaro iqtisodiy forumidagi nutqida “Yevroosiyo texnologik sanoatlashtirish kamari”ni ­shakllantirish tashabbusini ilgari surgani gʻoyat katta ahamiyatga ega.

Bundan koʻzlangan asosiy maqsad ­sanoat kooperatsiyasining yagona raqamli platformasi bilan birlashtirilgan ishlab chiqarish va texnologik klasterlarning oʻzaro bogʻliq tizimini yaratishdir.

— Raqobat nafaqat bozorlar va tabiiy resurslar uchun kurashda namoyon boʻlmoqda, balki texnologiyalar, logistika va infratuzilma sohalarida ham uning taʼsiri sezilmoqda, — dedi davlatimiz rahbari.

Ikki mamlakat hamkorligining madaniy-gumanitar yoʻnalishini mustahkamlash maqsadida “Samarqanddan Peterburggacha” kreativ-turistik yoʻlagi loyihasini ishga tushirish taklifi sanʼat va kino ­festivallari, muzey koʻrgazmalari, gastronomiya haftaliklari va musiqiy tadbirlarni birgalikda tashkil etishni nazarda tutadi.

Bugun dunyo chuqur qayta qurish jarayonini boshdan kechirmoqda. Transport yoʻnalishlari oʻzgarmoqda, yangi ishlab chiqarish zanjirlari shakllanmoqda. Zamonaviy texnologik platformalar paydo boʻlib, barcha sohada sunʼiy intellekt joriy etilmoqda. Energetika, oziq-ovqat va raqamli xavfsizlik masalalari tubdan qayta koʻrib chiqilmoqda.

Ishlab chiqaruvchi uchun energiya koʻrinmas, lekin eng muhim tayanch. Elektr energiyasi yoki gaz tarmogʻi uzilsa, dastgoh ishlashdan toʻxtaydi, muzlatkich oʻchadi, buyurtma kechikadi, ishchi daromadi xavf ostida qoladi. Oʻzbekiston iqtisodiyoti oʻsgani sari energiyaga talab ham oshib bormoqda.

Rossiya gazi shu nuqtayi nazardan qisqa va oʻrta muddatli barqarorlik omiliga aylandi. 2024-yilgi hisobotlarga koʻra, Rossiyadan Oʻzbekistonga gaz yetkazib berish hajmi 5,64 milliard kub metrni tashkil etdi. Keyingi kelishuvlarda yillik yetkazib berish hajmini 7,7 milliard kub metrgacha oshirish koʻzda tutilgan. Bu qish oylarida aholi va sanoat uchun muhim yordam boʻlishi mumkin. Ammo gaz importi energetika sohasidagi muammoni hal etishdagi yagona chora emas. Uzoq muddatda Oʻzbekiston mahalliy ishlab chiqarish, qayta tiklanuvchi energiya, energiya tejamkor texnologiyalar va import manbalarini birgalikda diversifikatsiyalashi kerak.

Tashrif doirasida Prezidentimiz ­Shavkat Mirziyoyev va Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin ishtirokida mamlakatimizda integratsiyalashgan atom elektr stansiyasining birinchi energiya blokini qurishga start berilgani energetikadagi eng yirik va eng masʼuliyatli loyihalardan biridir.

Mazkur loyihaning amalga oshirilishi Oʻzbekistonning texnologik, industrial va ilmiy taraqqiyotida yangi bosqichni boshlab berib, yangi tarmoq — atom energetikasini rivojlantirish uchun asos yaratadi. Stansiyani qurish va ekspluatatsiyaga tayyorlash ishlari eng zamonaviy xalqaro standartlar, ilgʻor muhandislik yechimlari asosida hamda Xalqaro atom energiyasi agentligining doimiy nazoratida bajarilmoqda. Ushbu ulkan loyihaning amalga oshirilishi Oʻzbekiston — Rossiya keng qamrovli strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.

Loyiha toʻliq quvvatga oʻtgach, yiliga taxminan 17,2 milliard kilovatt-soat elektr energiyasi ishlab chiqarishi va mamlakat isteʼmolining 14 foizgacha qismini qoplashi kutilmoqda. Bu Oʻzbekiston uchun bazaviy elektr generatsiyasini mustahkamlash imkoniyatidir.

Shu bilan birga, atom energetikasi faqat megavatt yoki milliard kilovatt-­soat bilan oʻlchanmaydi. Jamoatchilik uchun ochiq axborot, mustaqil nazorat, xavfsizlik madaniyati, kadrlar tayyorlash, favqulodda holatlarga tayyorgarlik va ekologik monitoring loyihaning ajralmas qismi boʻlishi kerak.

Prezidentimiz forumda yana bir muhim tashabbusni ilgari surdi. Bu kapital bozorini yanada rivojlantirish, barqaror moliyaviy va investitsiyaviy platformani shakllantirish maqsadida eng yaxshi standartlar asosida faoliyat yuritadigan Toshkent xalqaro moliya markazini tashkil etishdir. Markazning maxsus huquqiy maqom va soliq imtiyozlariga ega ekani investorlarga biznes yuritish uchun qulay vosita va ishonchli kafolatlarni taqdim etadi.

Savdo va energetikadan tashqari, iqtisodiy hamkorlikning yana bir muhim yoʻnalishi — investitsiya. 2026-yil
1-aprel holatiga koʻra, Oʻzbekistonda xorijiy investitsiya ishtirokidagi
19 ming 72 ta korxona faoliyat yuritmoqda. Ulardan 3260 tasi Rossiya kapitali ishtirokidagi korxonalardir.

Bu korxonalar pul bilan birga yangi texnologiya, boshqaruv tajribasi, bozor standartlari va ish oʻrinlari ham olib keladi. Mahalliy biznes uchun esa bunday sheriklik yangi mahsulot ishlab chiqarish, eksport qilish va raqobatbardoshlikni oshirish imkoniyati.

Investor uchun eng muhim omil — prog­noz qilinishi mumkin boʻlgan qoidalar. Soliq, valyuta, litsenziya, sud va yer ajratish jarayoni qanchalik aniq boʻlsa, xavf shunchalik kamayadi. Oʻzbekistonda 2025-yili YAIM real hisobda 7,7 foiz oʻsgani, inflyatsiyaning 2024-yil oxiridagi 9,8 foizdan 2026-yil aprelida 7 foizgacha pasaygani va xalqaro zaxiralarning 2026-yil 1-may holatiga koʻra, 70,9 milliard dollar atrofida boʻlgani iqtisodiy barqarorlik uchun muhim ishoradir.

Oʻzbekiston va Rossiya oʻrtasidagi savdoni 30 milliard dollarga yetkazish maqsadiga faqat miqdor sifatida qarash toʻgʻri emas. Savdo hajmi oʻsishi bilan birga sifati ham oʻzgarishi kerak.

Oʻzbekiston uchun bu — meva-sabzavotni qayta ishlangan va qadoqlangan mahsulot sifatida sotish, ip-kalavani tayyor toʻqimachilik mahsuloti koʻrinishida eksport qilish, mehnat va xomashyodan koʻra brend, dizayn, logistika va servisdan koʻproq daromad olish degani. Rossiya uchun esa Oʻzbekiston bozorida oddiy mahsulot yetkazib beruvchi emas, texnologiya va qoʻshma ishlab chiqarish boʻyicha uzoq muddatli sherik boʻlish imkoniyati.

Hamkorlik kengayishi bilan birga xavflar ham mavjud: toʻlovlar, sanksiya­viy cheklovlar, valyuta oʻzgarishi, logis­tikadagi uzilishlar va bozorga ortiqcha bogʻlanib qolish ehtimoli. Shu sababli eksport yoʻnalishlarini diversifikatsiya­lash, raqobat muhitini saqlash va ichki ishlab chiqaruvchilar manfaatini himoya qilish muhim.

Iqtisodiy hamkorlikni qaramlik yoki siyosiy shior emas, manfaatlar muvozanati sifatida koʻrish kerak. Asosiy savol bitta: bu aloqa tadbirkorning ishini osonlashtiradimi, isteʼmolchiga tanlash imkoniyatini beradimi, ish oʻrni ochadimi? Agar yoʻllar, raqamli qoidalar, energiya va investitsiya muhiti shu maqsadga xizmat qilsa, 13 milliard dollarlik bugungi savdo kelajakda yanada barqaror va foydali iqtisodiy sheriklikka aylanishi shubhasiz.

Ziyodulla MUHIDDINOV,

Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti