Uchrashuvda Koreya Geologiya va mineral resurslar instituti (KIGAM) prezidenti Kvon I Gyun va Koreya Materialshunoslik instituti (KIRAM) direktori o‘rinbosari Bum Sun Kim ham ishtirok etdi.

Sogʻliqni saqlash, farmatsevtika, muhim materiallar, taʼlim va transport sohalarida bank va uning jamgʻarmalari bilan koʻp yillar samarali hamkorlik qilinayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi.

Davlatimiz rahbari hamkorlik boʻyicha 8 milliard dollarlik yangi dastur imzolanishini qoʻllab-quvvatladi. Shuningdek, yuqori tezlikda harakatlanuvchi poyezdlarni yetkazib berish, Biomarkaz tashkil etish, muhim minerallarni qayta ishlash va raqamli texnologiyalarni rivojlantirish boʻyicha loyihalarni jadallashtirish masalalari koʻrib chiqildi.

Orolboʻyi hududida Xotin-qizlar tadbirkorligi markazini ochish hamda Toshkent – Samarqand yoʻnalishida yangi temir yoʻl qurilishi loyihasiga Koreyaning moliya institutlari va kompaniyalarini jalb etish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.

Tomonlar strategik muhim minerallar sohasidagi loyihalarni moliyalashtirish boʻyicha qoʻshma jamgʻarma ishga tushirilganini mamnuniyat bilan qayd etdilar.

Yarimoʻtkazgichlar va yangi materiallarni ishlab chiqish va sinovdan oʻtkazish markazini tashkil etish masalasini oʻrganish taklif etildi.

Ushbu loyihalarda Koreya Geologiya va mineral resurslar instituti hamda Koreya Nodir metallar institutining faol ishtirokini taʼminlash muhimligi taʼkidlandi.