Bu haqda Dori vositalari xavfsizligi markazi va Narkotiklarni nazorat qilish qoʻmitasi raisi Ismatjon Azizov “Daryo” nashriga bergan intervyusida maʼlum qildi. Masʼul bilan suhbat Samarqandda tashkil etilgan narkotahdidlarga qarshi kurashish boʻyicha forum doirasida boʻlib oʻtdi.
Tekshiruvlar mahalliy ishlab chiqarilgan testlar yordamida amalga oshiriladi. Prezidentning 207-sonli farmoniga koʻra, mahalliy test “poloska”lar yaratilgan:
“Hozir bizda mahalliy, shu paytgacha ishlab chiqarilmagan (testlarni) ishlab chiqardik. Bu oddiygina «poloska”... Tiliga tegizib koʻradi, soʻlakdan aniqlaydi. Shundoq tiqadi, 3 sekundda test belgisida aniqlanadigan “poloska” chiqadi. Biz hozir 16 ta narkotikka nisbatan shunaqa (testlarni) birga ishlab chiqdik», deydi mutaxassis.
Ismatjon Azizovning tushuntirishicha, yangi tizim faqatgina vaziyatni tezkor aniqlash bilan cheklanib qolmay, uzoq muddatli xulosalar berishga ham qodir:
«Bizda hozir oddiysi va sal murakkabrogʻi bor — laboratoriyalarda ishlatiladigan. Hatto soch tolasidan aniqlash mumkin boʻlgan apparat ishlab chiqishni yoʻlga qoʻyyapmiz. Bu ekspress usul bilan aniqlanadi hamda uch oydan olti oygacha isteʼmol qilganligi toʻgʻrisida maʼlumot olish mumkin, ham miqdoriy jihatdan, organizmida qancha borligini koʻrsatadi.
Ushbu apparatlar hozirda Sogʻliqni saqlash vazirligida registratsiyadan oʻtmoqda va aprobatsiyadan soʻng iyun oyidan ommaviy ishlab chiqarish boshlanishi maʼlum qilindi. Testlar sentyabr oyidan boshlab maktab hamda universitetlarda keng qoʻllanila boshlaydi.