Bu haqida Migratsiya agentligi xabar berdi.
Qayd etilishicha, Migratsiya agentligi, Tashqi ishlar vazirligi hamda O‘zbekistonning Saudiya Arabistonidagi elchixonasi masʼullaridan iborat delegatsiya Saudiyada hamyurtlarni qonuniy va tizimli ishga joylashtirish masalalari yuzasidan qator uchrashuvlar o‘tkazdi.
Saudiya Arabistoni Inson resurslari va ijtimoiy rivojlanish vaziri o‘rinbosari Ahmad Al-Sharqiy bilan bo‘lib o‘tgan muloqotda mehnat bozorining yangi strategiyasi, xorijiy ishchi kuchini jalb qilishning zamonaviy mexanizmlari hamda mehnat vizalarini malaka darajalari bo‘yicha ajratish tizimi muhokama qilindi.
Uchrashuv yakunlariga ko‘ra, Migratsiya agentligi va Saudiya Arabistoni Mehnat vazirligi o‘rtasida qo‘shma ishchi guruh tashkil etilishi belgilandi.
Shuningdek, O‘zbekistonda tibbiyot, qurilish, turizm va muhandislik sohalari bo‘yicha xalqaro standartlar asosida kadrlar tayyorlash, malaka imtihonlarini tashkil etish hamda nomzodlarni Saudiya Arabistonida ishga joylashtirish tizimini yo‘lga qo‘yishga kelishib olindi.
Muloqotlar davomida KDOT rekruting tashkiloti va yirik ish beruvchilar bilan yuqori talabga ega kasblar bo‘yicha maqsadli taʼlim hamda kasbiy tayyorgarlik dasturlarini joriy etish masalalari ham muhokama qilindi.