Ana shunday muborak manzillardan biri Zomindir. Bu nom bugun faqat Jizzax viloyatidagi so‘lim tog‘ bag‘ridagi go‘zal go‘sha emas, balki yosh iste’dodlar taqdirini belgilab beruvchi adabiy maktab sifatida ham alohida ehtirom bilan tilga olinadi.

Respublika yosh ijodkorlarining an’anaviy Zomin seminarining o‘ziga xosligi shundaki, u oddiy tanlov yoki ijodiy kecha emas. Bu yerda she’rlar, hikoyalar, maqolalar, dramalar, badiiy tarjimalar va boshqa janrlardagi asarlar muhokama qilinadi, tahlil etiladi. Eng muhimi, bir saf kitobxonlar tarbiyalanadi, ularning qalblari yuksaladi, o‘ziga tanqidiy qaray oladigan ijodkor shakllanadi. Seminarning maqsadi ham aynan yoshlar qalbidagi iste’dod uchqunlarini alangaga aylantirish, bu iste’dod yo‘qolib ketmasligi yo xiralashib qolmasligi uchun ko‘p mutolaa va mehnat qilish zarurligini anglatishdir.

2026-yildagi seminar ham ana shu ezgu an’ananing mantiqiy davomi bo‘ldi. Zominda 7-9-iyul kunlari “Navoiy kon-metallurgiya kombinati” aksiyadorlik jamiyatiga qarashli oromgohda o‘tkazilgan mazkur anjumanda yurtimizning barcha hududlaridan saralangan 136 yosh ijodkor ishtirok etdi. Ular she’riyat, nasr, badiiy publi­sistika, tarjima, bolalar adabiyoti, adabiy tanqid va dramaturgiya kabi yo‘nalishlarda ijod namunalari bilan ishtirok etib, ustoz­lar sabog‘idan bahramand bo‘lish, tengdoshlari ijodini kuzatish imkoniga ega bo‘ldi.

Zomin tog‘lari sari yo‘l poytaxtdan, Adib­lar xiyobonidagi Alisher Navoiy haykali poyidan boshlandi. Ishtirokchilar eng avval mutafakkir shoir xotirasiga ehtirom ko‘rsatib, poyiga gul qo‘ydi. Bu ramziy tadbir har bir yosh qalamkash uchun adabiyotning muqaddas mas’uliyatini yana bir bor his ettirdi. Keyin esa sohaning mas’ul vakillari boshchiligida Zomin sari yo‘l olindi. Yo‘lda har kimning ko‘nglida turlicha hayajon, turlicha orzu, kimdir o‘z ustozi bilan uchrashishni intizorlik bilan kutar, kimdir ilk bor she’rlarini xalq shoiriga o‘qib berish haqida o‘ylar, yana kimdir kelajakdagi ilk kitobining yo‘li aynan shu yerdan boshlanishiga ishonardi.

Tog‘lar aslida insonni sokinlikka chorlaydi. Ammo bu seminar o‘tkaziladigan pallada Zomin tog‘lari ijodkorlarni yonishga, izlanishga, fikrlashga, qalbining eng teran qatlamlariga nazar tashlashga undaydi. Shu bois, yillar davomida bu maskan o‘zbek adabiyotining o‘ziga xos laboratoriyasiga aylandi. Bu yerda ustoz bilan shogird o‘rtasidagi masofa qisqaradi. Mashhur adib bilan yosh ijodkor bir davrada o‘tirib she’r muhokama qiladi, hikoyaning zaif va kuchli jihatlarini birgalikda tahlil etadi. Ana shu muhitning o‘zi hayotdagi eng katta saboqdir.

Tadbirning rasmiy ochilish marosimida O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi Sirojiddin Sayyid hamda Jizzax viloyati hokimi Ulug‘bek Mustafoyev so‘zga chiqib, mamlakatimizda yosh avlod ma’naviyatini yuksaltirish, yosh ijodkorlar uchun keng sharoit va imkoniyatlar yaratish borasidagi davlat siyosatining ahamiyati hamda yangi davr ijodkorlari oldida turgan mas’uliyatli vazifalarga batafsil to‘xtalib o‘tdi.

O‘zbekiston xalq shoiri Mahmud Toir, O‘zbekiston xalq yozuvchisi va Qoraqalpog‘iston xalq shoiri Kengesboy Karimov, Yozuvchilar uyushmasi raisi o‘rinbosari G‘ayrat Majid hamda qator taniqli ustoz ijodkorlar yosh qalamkashlarga samimiy tilak va ijodiy o‘gitlarini bildirdi.

Chiqishlarda bir umumiy g‘oya yaqqol sezilib turdi: mamlakat kelajagini ma’naviyatsiz tasavvur qilib bo‘lmaydi, ma’naviyat tayanchi esa adabiyotdir. Shuning uchun har bir yosh ijodkor nafaqat yaxshi asar yozishni, balki xalqning dardi va orzusini his eta oladigan katta qalb egasi bo‘lishni o‘rganishi zarur.

Ushbu fikrlar Zomin seminarining butun ruhiyatiga hamohang edi. Chunki bu maskanda bo‘lajak ijodkorning she’r yoki hikoya yozish uslubigina emas, yosh qalblarning ma’naviy qiyofasi ham shakllanadi. Birinchi kun yakunida ochiq osmon ostida ustozlar va yoshlar ishtirokida an’anaviy mushoira kechasi tashkil etilib, unda she’riyat bayrami ko‘tarinki ruhda davom etdi.

Seminarning ikkinchi kuni tadbirning amaliy-ijodiy bosqichiga o‘tildi. Yosh ijodkorlarning iste’dodi va intilishlarini to‘g‘ri baholash, kasbiy yo‘nalish berish maqsadida taniqli yozuvchilar, shoirlar, adabiyotshunos olimlar, jurnalistlar, tarjimonlar va dramaturglardan iborat ustozlar guruhlari shakllantirildi. Hududiy bosqichlardan muvaffaqiyatli o‘tib, respublika bosqichiga saralab olingan iqtidorli yoshlar bilan jami 7 ta asosiy adabiy yo‘nalish bo‘yicha maxsus sho‘balarga bo‘linib, “ustoz-shogird” an’analari asosida erkin muloqot, jonli bahslar va chuqur tahlillar shaklidagi ijodiy mahorat darslari va seminar-treninglar o‘tkazildi. Shu kuni seminar ishtirokchilari uchun O‘zbekiston xalq yozuvchisi Xayriddin Sulton ishtirokida mahorat darsi tashkil etildi.

Hakamlar hay’ati uchun ijodkorning kitobxonligi, fikrlash madaniyati, dunyoqarashi, so‘zga munosabati muhim ahamiyat kasb etadi. Axir iste’dodni aniq mezonlarga solib bo‘lmaydi. Uni faqat haqiqiy ijodkorning qalbi his etadi. Shu bois, hakamlar uchun eng asosiy mezon yosh qalamkash asaridagi samimiyat, ichki ovoz va ertangi katta ijodkorga aylanish imkoniyatini, yo‘llarini, mashaqqatini ko‘ra bilish bo‘ldi.

Zomin seminari yillar davomida necha-­necha mashhur shoir va yozuvchilarni kamolga yetkazgan. Bu yerda bir vaqtlar Abdulla ­Oripov, Erkin Vohidov, Azim Suyun, Muhammad Yusuf, Anvar Obidjon, Abduvali Qutbiddin, Luqmon Bo‘rixon kabi ustozlar saboq bergan bo‘lsa, keyingi yillarda Usmon Azim, Xurshid Do‘stmuhammad, Mamatqul Hazratqulov, Nazar Eshonqul, O‘ktam Mirzayor, Kenesboy Karimov kabi ko‘plab taniqli ijodkorlar yangi avlodga mahorat sirlarini o‘rgatib kelmoqda. Demak, bu seminar avlodlar o‘rtasidagi mustahkam ijodiy ko‘prik vazifasini ham bajaradi. Zominga kelgan har bir yosh ijodkor, eng avvalo, o‘zini sinaydi, qalami qay darajada pishganini, fikri qay darajada mustaqilligini, kitoblarni — jahon adabiyotini, milliy adabiyotimizni qanchalik mutolaa qilayotganini anglaydi. Bu yerda ustozlar tayyor yo‘l ko‘rsatmaydi, ular yo‘nalish beradi, izlanishga undaydi, qalb eshigini ochadi, qolganini esa ijodkorning o‘zi topadi.

Zomin seminarining eng katta yutug‘i shundaki, u yosh ijodkorni tayyor qoliplarga solmaydi. Aksincha, unga o‘z ovozini topishiga ko‘maklashadi. Chunki adabiyotda hech kim ikkinchisining takrori bo‘lib yashay olmaydi. Haqiqiy ijodkorning eng katta boyligi uning betakror ovozi, hayotga o‘z nigohi, odamlarga o‘z munosabati va so‘zga o‘z ishonchidir.

Zominda har bir mashg‘ulot ma’ruza emas, muloqot tarzida kechadi. Bu yerda ustoz gapiradi, shogird tinglaydi degan bir tomonlama tartib yo‘q. She’r o‘qiladi, har bir misra muhokama qilinadi. Hikoyaning kompozitsiyasi, obrazlar tizimi, til xususiyatlari, publitsis­tik maqoladagi fikr mantig‘i, tarjimadagi uslubiy yondashuvlar, maqol va hikmatlar tarjimalarida e’tiborli jihatlar haqida erkin bahslar yuritiladi. Ana shu bahslar yosh ijodkorni fikrlashga, o‘z asariga tanqidiy nazar bilan qarashga o‘rgatadi.

Bu yilgi seminarda ham she’riyat, nasr, badiiy publitsistika, badiiy tarjima va ­baynalmilal adabiyot, bolalar adabiyoti, adabiy tanqid hamda dramaturgiya kabi yetti asosiy yo‘nalish bo‘yicha mahorat darslari tashkil etildi. Har bir yo‘nalishga mamlakatimizning taniqli shoir, yozuvchi, tarjimon va adabiyotshunoslari rahbarlik qildi.

She’riyat sho‘basida O‘zbekiston xalq shoir­lari Mahmud Toir, Xosiyat Bobomurodova, Qoraqalpog‘iston xalq shoiri Rustam Musurmon, taniqli shoirlar Salim Ashur, Shoira Shams, Muhiddin Omon, G‘ulom ­Abdiyev, Sirojiddin Rauf kabi ustozlar ishtirok etgani yoshlar uchun katta baxt bo‘ldi.

Nasr yo‘nalishida Xurshid Do‘stmuhammad, Kenesboy Karimov, Nurilla Choriyev kabi qalam sohiblari yoshlar bilan suhbatlashdi. Pub­litsistika sho‘basida esa zamonaviy jurnalis­tika va badiiy tafakkur ­uyg‘unligi haqida qizg‘in fikr almashildi. Tarjima yo‘nalishida turli xalqlar adabiyotining eng yaxshi namunalarini o‘zbek kitobxoniga qanday ruhda yetkazish masalalari muhokama qilindi. Bolalar adabiyotida esa bola qalbiga yo‘l topishning eng nozik jihatlari haqida fikr yuritildi.

Seminarning yana bir muhim jihati ishtirokchilarning tarkibida edi. Res­publikamizning barcha viloyatlari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, ijod maktablari o‘quvchilari hamda “Yosh vatandosh yozuvchi” loyihasining Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Turkiya, Shvetsiya, Janubiy Koreya kabi mamlakatlarda istiqomat qilayotgan ishtirokchilari bir davrada jam bo‘lgani Zomin seminari qamrovi yil sayin kengayib borayotganini ko‘rsatdi. Bu nafaqat adabiy, balki ma’naviy birlikning ham yorqin ifodasi bo‘ldi.

Ijodni raqam bilan o‘lchab bo‘lmaydi, iste’dodga hujjat talab qilinmaydi. Dip­lomi ham bo‘lmaydi, ijod qalblarda yaralib, qalblarga yetib boradi.

Bu haqiqatni Zomin seminari yana bir bor isbotladi. Ba’zan birgina misra butun bir kitobdan og‘ir keladi, ba’zan esa yuzlab sahifalarda ham birorta haqiqiy fikr uchramaydi. Shuning uchun bu yerda hakamlar hay’ati ishtirokchilarni “birinchi”, “ikkinchi” yoki “uchinchi” o‘rinlarga bo‘lishdan ko‘ra, ularning ertangi imkoniyatini ko‘rishga harakat qilishdi. Hakamlar hay’ati har bir yosh ijodkorning kitobxonligiga alohida e’tibor qaratdi. Zero, kitob insonning lug‘atini boyitadi, tafakkurini kengaytiradi, didini shakllantiradi, eng muhimi, qalbidagi insoniylikni asraydi.

Zomindagi muhokamalarda aynan shu jihat yaqqol sezildi. Ustozlar she’rning vazni yoki qofiyasi haqidagina emas, balki o‘qilgan ­kitoblar, jahon adabiyoti, milliy adabiyot an’analari haqida ham savollar berdi.

Seminarning ikkinchi kuni ishtirokchilar uchun yana bir unutilmas tuhfa tayyorlangan edi. Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi tomonidan o‘tkazib kelinayotgan “So‘z” loyihasi doirasida O‘zbekiston xalq yozuvchisi Xayriddin Sulton asari asosida sahnalashtirilgan “Yaldo kechasi” sahna asari seminar ishtirokchilarida kuchli taassurot qoldirdi.

Bu oddiy spektakl bo‘lmay, so‘zning qudratini namoyish etuvchi falsafiy sahna bo‘ldi. Sahnadagi har bir harakat, har bir sukut, har bir dialog tomoshabinlarni millat qayg‘usiga olib kirdi. Bugungi kun zabardast shoirlari she’rlarini o‘zi o‘qib berdi. Ta’sirchan she’r­lar bilan boyitilgan namoyish, ayniqsa, yosh ijodkorlar uchun katta saboq bo‘ldi. Ular badiiy so‘zning kitob sahifasidagina emas, ­sahnada ham qanday ulkan ta’sir kuchiga ega ekanini yana bir bor his qildi. So‘z oddiy muloqot vositasi emas, u — millat xotirasi, u — xalq vijdoni, inson taqdiri. Agar so‘z yuksalsa, millat ham yuksaladi. Bu tomosha ana shularni yana bir bor barchaga eslatdi.

Ehtimol, kimdir shu kechadan keyin dramaturgiyaga qiziqib qolgandir, kimdir “Yaldo kechasi” kitobini o‘qishni diliga tukkandir, kimdir shu mavzuda hikoya yoki she’r yozishga...

Zominning eng katta mo‘jizasi ham shunda — u insonning qalbini to‘ldiradi. Haqiqiy adabiyot hech qachon shoshilib tug‘ilmaydi, uning uchun vaqt, mutolaa, izlanish kerak. Zomin seminari ana shu haqiqatni har yili yuzlab yoshlarga yana bir bor anglatadi. Bu yerga kelgan har bir ishtirokchi she’r yoki hikoya yozishnigina emas, ijodkor bo‘lib yashash, millat yukini orqalashning mas’uliyatini ham his qilib qaytadi.

Bugun axborot oqimi mislsiz tezlashgan, sun’iy intellekt hayotning ko‘plab sohalariga kirib kelgan, ijtimoiy tarmoqlarda bir lahzada minglab matnlar tarqalayotgan davrda haqiqiy badiiy so‘zning qadri yanada oshib bormoqda. Chunki texnologiya insonga ma’lumot bera oladi, ammo qalbni chertuvchi hech narsa taqdim etolmaydi. U satr tuzishi mumkin, ammo dard yarata olmaydi. Adabiyot esa insonning ichki olamini tarbiyalaydi, shuning uchun Zomin seminari kabi ijod maktablari ahamiyati yildan yilga ortib bormoqda.

Bu yerda ustozlar yoshlarga she’rning qofiya­sinigina emas, insonning vijdonini ham ­o‘rgatadi, so‘zning mas’uliyatini anglatadi, yozuvchi bo‘lishdan oldin inson bo‘lish zarurligini eslatadi.

Seminar kunlari Zomin tabiati ham xuddi mashg‘ulotlarning bir qismiga aylangandek tuyuladi. Tongda tog‘lar bag‘ridan esgan musaffo shabada, archalarning o‘ziga xos ifori, qushlar sayrashi, uzoqlarda moviy tumanga o‘ralgan qoyalar, kechqurun esa tog‘lar ustiga asta-sekin cho‘kayotgan sokinlik...

Tabiat go‘yo ijodkor bilan suhbatlashadi. Shahar shovqinidan uzoqda inson o‘zini ham, qalamini ham qaytadan taniydi. Ehtimol, shuning uchun Zominda yozilgan birgina she’r ba’zan yillar davomida tug‘ilmagan misralarga teng keladi.

Anjuman davomida bo‘lib o‘tgan “Zomin oqshomlari” mushoirasi yosh ijodkorlar uchun katta adabiy bayramga aylandi. She’rlar birin-­ketin yangrar ekan, har bir ovozda o‘ziga xos ruh sezilardi. Bir yosh shoir Vatan haqida o‘qirdi, boshqasi ona haqida, yana biri muhabbat haqida, ammo ularning barchasini birlashtirib turgan bitta tuyg‘u bor edi,

bu — O‘zbekistonga muhab­bat, ona tilga sadoqat, adabiyotga, u tufayli ­dunyoda ezgulik tantana qilishiga ishonch.

Mushoira tugaganidan keyin ham hech kim darhol tarqalib ketmadi. Kimdir ustozdan imzo olardi, kimdir yangi tanishgan do‘sti bilan she’r haqida bahslashardi. Kimdir esa yolg‘iz o‘zi tog‘lar tomon qarab o‘yga cho‘mardi. Ana shu manzaraning o‘zi Zomin seminarining haqiqiy mohiyatini ifodalaydi. Bu yerda raqobatdan ko‘ra hamjihatlik kuchliroq, havasdan ko‘ra mehr ustun, tanqiddan ko‘ra o‘rgatish muhimroq.

Agar so‘z qadrsizlansa, ma’naviyat zaiflashadi. Zomin seminari esa aynan shu muqaddas qadriyat — so‘zning maktabi ekanini yana bir bor namoyon qildi.

Seminarning yopilish marosimida g‘olib va faol ishtirokchilar taqdirlandi. Ammo bu yerda eng katta mukofot diplom yoki esdalik sovg‘a emas edi.

Eng katta mukofot — ustozlarning samimiy e’tirofi. Davralarda ko‘proq quyidagi xitoblar eshitildi: “Izlanishdan to‘xtama”, “Ko‘proq kitob o‘qi”, “Yozishda davom et”, “Qanday bo‘lsa ham yozib, tashlab qo‘y, boshqa nigoh bilan o‘qi”, “Sen dangasalik qilmasang, yaxshi ijodkor bo‘lasan”.

Ana shu bir og‘iz gap ba’zan har qanday mukofotdan qimmatli, har qanday xotiradan qadrliroq bo‘ladi. Chunki haqiqiy ustoz iste’dodni quruq maqtov rag‘bati bilan emas, yaxshi tavsiya, kelajakka bildirilgan ishonch bilan ulg‘aytiradi.

Bugun mamlakatimizda yoshlarga qaratilayotgan yuksak e’tibor tufayli ilm-fan, san’at va adabiyot sohalarida keng imkoniyatlar yaratilmoqda. Respublika yosh ijodkorlarining Zomin seminari ham ana shu ezgu siyosatning amaliy ifodasidir. Mazkur anjuman yoshlarning ­qalamiga ishonch, tafakkuriga yo‘l, orzulariga qanot bag‘ishlaydi.

Tantanali yopilish marosimida so‘zga chiqqanlar Zomin seminarining yoshlarni kashf etishdagi beqiyos ahamiyatini alohida e’tirof etdi.

Marosim davomida tadbir ishtirokchilarini rag‘batlantirish maqsadida yosh ijodkorlarga Yozuvchilar uyushmasi va hamkor tashkilotlar tomonidan zamonaviy noutbuk, smartfon (telefon), maxsus sertifikat va qimmatbaho kitoblar jamlanmasi tantanali ravishda topshirildi.

Zomin tog‘lari bag‘rida o‘tgan uch kun kimlar uchundir yillarga tatiydi, bugun ustozdan maslahat olgan yoshlar ertaga o‘zi ustoz bo‘ladi, bugun hayrat bilan tinglangan ovozlar ertaga milliy adabiyotning kuchli sadosiga aylanadi.

Zominga har yili yuzlab yoshlar keladi va hech kim bu maskandan avvalgi kayfiyatda qayt­maydi. Chunki ustozlar ma’naviy olamining o‘zi yosh qalamkashga katta mas’uliyat yuklaydi. Ehtimol, ana shuning uchun ham Zomin seminari haqida so‘z ketganda, ijodkorlar o‘rtasida eng avval “men borganman”, “menga nasib etmagan”, “qani endi yosh bo‘lib qolib, shu zamonda Zomin seminarida ishtirokchi bo‘lsam” kabi so‘zlar aytiladi.

Zomin anjumani o‘zbek milliy adabiyotining kelajagi, ertangi kun shoirlari, yozuvchilari, tarjimonlari, dramaturglari, tanqidchi va publitsistlari kamol topadigan buyuk darsxonadir. U milliy adabiyotimizning chinakam yaratuvchilariga nasib etsin.

Ma’mura ZOHIDOVA,

O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi Yosh ijodkorlar bilan ishlash bo‘limi mas’uli