Oʻtayotgan har bir kun bizni mamlakatimiz hayotidagi qutlugʻ va muhim voqea — Mustaqillik bayrami sari yaqinlashtiryapti. Davlatimiz rahbari aprelning dastlabki kunida imzolagan “Oʻzbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligini keng nishonlashga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish toʻgʻrisida”gi qarorda nazarda tutilgan maqsad va vazifalar qutlugʻ kun mohiyatini yanada teran his etishimizga xizmat qiladi. “Yagona Vatan, yagona xalq boʻlib, yangi hayot va kelajak yaratamiz!” degan bosh gʻoya esa yurtimizdagi tub islohotlar, maʼnaviy yuksalish va milliy tiklanish jarayonlarini qalban anglashimizga yordam beradi.
Qarordagi
maqsad va vazifalar aholi farovonligini yanada oshirish, iqtisodiy-ijtimoiy
islohotlarni chuqurlashtirish, maʼnaviy-maʼrifiy ishlarni rivojlantirish kabi
yoʻnalishlarni yangi bosqichga olib chiqishga qaratilgan. Milliy
istiqlolimizning davlatchiligimiz tarixi, hozirgi va kelajak hayotimiz uchun
beqiyos ahamiyatini hisobga olib, xalqimiz katta tantana bilan nishonlaydigan
bayramni yangi Oʻzbekistonning bugungi ulkan salohiyati va jahon maydonidagi
nufuziga muvofiq yuksak darajada, munosib nishonlashga doir topshiriqlar
belgilangan.
2
Buyuk
Amir Temurning shonli va shukuhli faoliyati, u asos solgan qudratli
saltanatning olamshumul yutuqlari, davlat boshqaruvidagi tadbirli va qatʼiyatli
siyosati, asrlarga boʻylagan bunyodkorlik ishlari oʻzbek millati qadr-qimmatini
jahon tamadduni sahnida yuksak mavqega olib chiqqan.
Prezidentimiz
9-aprel kuni Toshkent shahridagi Amir Temur xiyoboniga tashrif buyurib, ulugʻ
vatandoshimiz, mashhur davlat arbobi, yengilmas sarkarda, ilm-fan, madaniyat va
sanʼat homiysi haykali poyiga gulchambar qoʻydi.
Xalqimiz
tabarruk zaminimizdan shunday ulugʻ zot yetishib chiqqani bilan doimo
faxrlanib, gʻururlanib yashaydi. Ayniqsa, bugungi yangi Oʻzbekiston sharoitida
Amir Temur va temuriylar tarixi hamda merosini chuqur oʻrganish har qachongidan
ham katta ahamiyat kasb etmoqda. Bu shonli sulola davrida yaratilgan temuriylar
Renessansi mamlakatimizda yangi Uygʻonish davri poydevorini yaratishda xalqimiz
uchun ishonch, ilhom va kuch-qudrat manbai boʻlib xizmat qilmoqda.
Davlatimiz
rahbari shu kuni yangidan rekonstruksiya qilingan Temuriylar tarixi davlat
muzeyiga ham tashrif buyurdi. Ulugʻ zot tavalludining 690-yilligini keng
nishonlash maqsadida joriy yil 5-fevral kuni Prezidentimizning tegishli qarori
qabul qilingan edi. Unga koʻra, har yili aprel oyi “Amir Temur oyligi” deb
eʼlon qilinib, taʼlim muassasalari, ilmiy markazlar va mahallalarda temurshunos
olimlar, yozuvchi va sanʼatkorlar ishtirokida uchrashuvlar, davra suhbatlari va
maʼrifiy tadbirlar oʻtkaziladi.
Prezidentimiz
muzeyning yangilangan ekspozitsiyasi va tashrif buyuruvchilar uchun yaratilgan
sharoitlar bilan tanishar ekan, ajdodlar merosini oʻrganish, asrab-avaylash va
targʻib etish naqadar muhim ekaniga urgʻu berdi.
—
Dunyo havas qilgulik tariximiz, merosimiz bor. Sohibqiron tarixini jamlagan
muzey zamonga munosib yangi qiyofaga kelgani yaxshi boʻldi. Endi buni
aholimizga, yoshlarga, xorijlik mehmonlarga yetkazish eng katta vazifamiz.
Yangi Oʻzbekistonni yuksaltirish uchun kerakli bilimlarni qayerdan olish mumkin
desangiz, bularning barchasi — ajdodlarimiz qoldirgan merosda, ilmda. Shu bois,
yoshlarimizni, nuroniylarni, umuman, aholimizni mahallabay tarzda muzeylarga
olib kelib, buyuk tariximiz haqidagi bilimlarini oshirishimiz lozim, — dedi
davlatimiz rahbari.
Sana
munosabati bilan poytaxtimizda “Amir Temur va temuriylar tamaddunining jahon
tarixi va madaniyatidagi oʻrni va ahamiyati” mavzusida xalqaro ilmiy
konferensiya boʻlib oʻtdi. Prezidentimiz nufuzli anjuman ishtirokchilariga
tabrik yoʻlladi.
3
Oʻzbekiston
Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Qozogʻiston Prezidenti Qosim-Jomart Toqayev
taklifiga binoan 21-22-aprel kunlari amaliy tashrif bilan Ostona shahrida
boʻlib, Mintaqaviy ekologik sammit va Orolni qutqarish xalqaro jamgʻarmasi
taʼsischi davlatlari rahbarlari kengashining yigʻilishida ishtirok etdi.
Dastlab
davlatimiz rahbari Mintaqaviy ekologik sammitning ochilish marosimida nutq
soʻzladi. Markaziy Osiyodagi iqlim va ekologiya muammolarini hal qilish
boʻyicha qator tashabbuslarni ilgari surdi. Atmosfera havosi sifati
yomonlashayotgan sharoitda “Markaziy Osiyoning toza havosi” davlatlararo
konsorsiumini taʼsis etish taklifi bildirildi.
Prezidentimiz
Toshkentdagi Yashil universitet huzurida faoliyat yuritayotgan Choʻllanishga
qarshi kurashish, qurgʻoqchilikning oldini olish hamda qum va chang boʻronlari
haqida barvaqt ogohlantirish markaziga mintaqaviy maqom berish muhimligini
taʼkidladi. Texnologik oʻtish jarayonlarini tezlashtirish uchun imtiyozli
bojxona tartiblari va ekomahsulotlar uchun sertifikatlarni oʻzaro tan olishni
nazarda tutuvchi “Markaziy Osiyo yashil savdo yoʻlagi”ni shakllantirish
tashabbusi ilgari surildi.
Yoshlar
orasida iqlim kun tartibi va ekologik madaniyatni ilgari surish uchun
2027-yilda Oʻzbekistonda Butunjahon yoshlar iqlim forumini oʻtkazishga
tayyorlik bildirildi.
Soʻng
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Orolni qutqarish xalqaro jamgʻarmasi (OQXJ)
taʼsischi davlatlari rahbarlari kengashining navbatdagi yigʻilishida ishtirok
etdi va nutq soʻzladi. Mamlakatimiz yetakchisi Orolni qutqarish xalqaro
jamgʻarmasi noyob mintaqaviy tuzilma sifatida faoliyat yuritib kelayotgani,
Markaziy Osiyoda suv taqchilligining kuchayishiga sabab boʻlayotgan iqlim
oʻzgarishlari va suv isteʼmoli koʻpayib borayotgan sharoitda uning roli va
ahamiyati yanada ortayotganini taʼkidladi.
Tadbir
yakunida yetakchilar Ostona bayonotini, Qozogʻiston raisligining borishi
toʻgʻrisida, 26-martni Xalqaro Orol dengizi, Amudaryo hamda Sirdaryo kuni deb
eʼlon qilish toʻgʻrisida hamda Oʻzbekiston yetakchisini 2027-2029-yillarda
jamgʻarma prezidenti etib saylash toʻgʻrisidagi qarorlarni imzoladilar.
4
Ekologiya,
madaniyat, turizm va sport. Bu aprel oyida kun tartibiga eng koʻp chiqqan
mavzular deyish mumkin. Bir-birini toʻldiruvchi bu toʻrt yoʻnalish har
doimgidek yilning toʻrtinchi oyida ham davlatimiz rahbarining eʼtibori
markazida boʻldi.
Prezidentimiz
1-aprel kuni “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida koʻchat ekish
tadbirida ishtirok etib, 108 gektar maydonda Milliy dendrologiya bogʻini barpo
etishga start berdi. Ishtirokchilar bilan birga bogʻning ilk 5 gektarida
manzarali koʻchatlar ekdi.
Keng
jamoatchilik vakillari bilan muloqot chogʻida mahalla raislari, otaxon va
onaxonlarimiz, xotin-qizlar vakillari hamda barcha faollarni joylarda milliy
urf-odatlar, anʼana va qadriyatlarni yanada keng targʻib qilish, klublar va
jamoalar tashkil etib, har bir koʻcha, xonadon, yoʻl boʻylariga nihol va
gullar, qir-adirlarga daraxt va butalar ekishda bosh boʻlishga chaqirdi.
Shu
kuni Prezidentimiz mamlakatimizda tashrif bilan boʻlib turgan BMT Turizm bosh
kotibi Shayxa Nosir an-Novaysni qabul qildi. Oʻzbekiston va BMTning ushbu
ixtisoslashgan muassasasi oʻrtasidagi koʻp qirrali va uzoq muddatli hamkorlikni
yanada kengaytirish masalalari koʻrib chiqildi.
Prezidentimiz
raisligida 7-aprel kuni jismoniy tarbiya va sport sohasini yangi bosqichga olib
chiqish, aholini ommaviy sportga keng jalb etish, seleksiya va tayyorgarlik
tizimini takomillashtirish masalalari yuzasidan videoselektor yigʻilishi boʻlib
oʻtdi.
Davlatimiz
rahbari 15-aprel — Madaniyat va sanʼat xodimlari kuni munosabati bilan soha
vakillariga tabrik yoʻlladi. Shu kuni Koʻksaroy qarorgohida mamlakatimiz
yetakchisi ishtirokida milliy estrada sanʼati yorqin namoyandasi, Oʻzbekiston
xalq artisti Farrux Zokirov tavalludining 80 yilligi munosabati bilan tantanali
tadbir boʻlib oʻtdi. Mamlakatimiz yetakchisi Farrux Zokirovni ushbu qutlugʻ
sana bilan samimiy qutladi.
Tantanada
Farrux Zokirovning koʻp yillik samarali mehnati, milliy madaniyatimiz va
sanʼatimizni rivojlantirish yoʻlidagi fidokorona xizmatlarini munosib
taqdirlash maqsadida davlatimiz rahbarining sanʼatkorni “Buyuk xizmatlari
uchun” ordeni bilan mukofotlash haqidagi farmoni va “Oʻzbekiston Respublikasi
xalq artisti Farrux Zokirov ijodini keng targʻib qilish hamda yosh avlodga
munosib yetkazish toʻgʻrisida”gi qarori imzolangani eʼlon qilindi.
16-aprel
kuni davlatimiz rahbari madaniyat va turizm sohasidagi ishlar va yangi
loyihalar taqdimoti bilan tanishdi. Samarqand shahrida 9 gektar maydonda yangi
Ipak yoʻli muzeyini barpo etish rejasi koʻrib chiqildi. Taqdimotda aholini
madaniyat muassasalariga keng jalb qilish, ularning mazmun-mohiyati va ish
uslubini zamon talablari asosida yangilash masalalariga ham alohida eʼtibor
qaratildi.
Prezidentimiz
Xalqaro shaxmat federatsiyasining Nomzodlar turniri gʻolibi Javohir Sindorov
bilan telefon orqali muloqot qildi. Yosh grossmeysterimizni Oʻzbekiston
shaxmati tarixida birinchi marta mazkur nufuzli musobaqada zafar qozonib, tom
maʼnodagi tarixiy gʻalabaga erishgani bilan samimiy tabrikladi. Endi shaxmatchimiz
oldida jahon toji uchun hal qiluvchi va sharafli bellashuv turganini qayd
etib, boʻlajak oʻyinlarda yanada ulkan omad, kuch-gʻayrat va yangi zafarlar
tiladi.
17-aprel
kuni Toshkentga yetib kelgan Javohir Sindorov sharafiga tantanali marosim
boʻlib oʻtdi. Davlatimiz rahbari marosimda soʻzga chiqib, yosh shaxmatchini
mazkur tarixiy zafar bilan yana bir bor samimiy qutladi. Bu butun xalqimiz,
yangi Oʻzbekistonning gʻalabasi ekanini taʼkidladi. Mamlakatimizda shaxmatni
keng ommalashtirish, ayniqsa, yoshlar oʻrtasida ushbu sport turini targʻib
etish, navqiron avlod qalbida milliy gʻurur, Vatanga muhabbat va sadoqat
tuygʻularini kamol toptirish borasidagi katta xizmatlari, shuningdek, Kiprda
oʻtkazilgan FIDE Nomzodlar turnirida rekord natijalar koʻrsatib, muddatidan
oldin gʻoliblikni qoʻlga kiritgani uchun Javohir Sindorovni Prezidentimizning
“Mehnat shuhrati” ordeni bilan mukofotlash toʻgʻrisidagi farmoni oʻqib
eshittirildi.
Davlatimiz
rahbari yoshlar oʻrtasidagi jahon chempionati doirasida mamlakatimizda boʻlib
turgan Butunjahon taekvondo federatsiyasi prezidenti Cho Chung Vonni qabul
qildi. Muloqot chogʻida hamkorlikning yangi istiqbollari muhokama qilindi.
27-aprelda
koʻhna Xiva shahrida musiqa va sanʼat bayrami — “Lazgi” III xalqaro raqs
festivalining ochilish marosimi boʻlib oʻtdi. Prezidentimiz sanʼat anjumani
ishtirokchilariga tabrik yoʻllab, ularni chin qalbdan muborakbod etdi.
Oyning
soʻnggi sanalari — 29-aprelda gidroenergetika sohasini yanada rivojlantirish
chora-tadbirlari, 30-aprel kuni esa tabiatni muhofaza qilish, ekologik
barqarorlikni taʼminlash, chiqindilarni boshqarish tizimini takomillashtirish
hamda muhofaza etiladigan tabiiy hududlarni rivojlantirish boʻyicha takliflar
taqdimoti boʻlib oʻtdi.
5
Prezidentimiz
2-aprel kuni Buxoro, 8-aprelda esa Toshkent viloyatidagi islohotlar
natijadorligi, hududlarning iqtisodiy salohiyatidan samarali foydalanish va
kelgusidagi ustuvor vazifalar yuzasidan yigʻilish oʻtkazdi. Shuningdek, 9-aprel
kuni boʻlib oʻtgan yigʻilish kun tartibidan Fargʻona viloyatining Soʻx tumanini
ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish chora-tadbirlari masalasi oʻrin oldi.
16-aprel kuni Toshkent shahri iqtisodiyotida yuqori oʻsish surʼatini
taʼminlash, mavjud zaxiralarni toʻliq ishga solish hamda tadbirkorlik faoliyati
uchun yanada qulay sharoitlar yaratish masalalari koʻrib chiqildi.
Davlatimiz
rahbari 10-aprel kuni Buxoro shahriga tashrif buyurib, dastlab viloyatning
yangi maʼmuriy markazidagi bunyodkorlik ishlari bilan tanishdi. Soʻng
Buxoroning tarixiy qismiga tashrif buyurdi, shahar aholisi va mehmonlari bilan
muloqot qildi. Davlatimiz rahbariga viloyatning iqtisodiy, investitsiyaviy va
turizm salohiyatini oshirishga qaratilgan boshqa qurilish loyihalari haqida ham
axborot berildi.
Mamlakatimiz
yetakchisi taklifiga binoan Qozogʻiston Prezidenti Qosim-Jomart Toqayev amaliy
tashrif bilan Oʻzbekistonga keldi. Oliy martabali mehmonni Buxoro xalqaro
aeroportida davlatimiz rahbari kutib oldi. Prezidentlar birgalikda Bahouddin
Naqshband maqbarasini ziyorat qildi.
Buxoro
shahrida boʻlib oʻtgan yetakchilar uchrashuvida mamlakatlarimiz oʻrtasida
doʻstlik, strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini yanada
rivojlantirish hamda mustahkamlashning dolzarb masalalari koʻrib chiqildi.
Prezidentimiz
23-aprel kuni Toshkent shahri Mirzo Ulugʻbek tumani hokimligiga tashrif
buyurdi. Dastlab hokimlik binosi yonidagi Salar kanali ustida qurilgan
koʻprikni, hududdagi koʻkalamzorlashtirish ishlarini koʻzdan kechirdi va shu
yerda koʻchat ekdi.
Hokimlikda
vaziyatlar markazi tashkil etilib, sunʼiy intellekt asosida tahlil qilish,
muammolarni tezkor aniqlash va hal etish boʻyicha “Aqlli tuman” platformasi
ishlab chiqilgan. Prezidentimiz vaziyatlar markazi faoliyati bilan tanishib,
ushbu yangi tizimni poytaxtning qolgan tumanlarida ham joriy etishga topshiriq
berdi.
Davlatimiz
rahbari tumandagi Oʻzbekiston ovozi koʻchasida tashkil etilgan gastronomik
turizm koʻchasi faoliyati bilan ham tanishdi. Zamonaviy uslubda taʼmirlangan
xonadonlar, obod koʻchalar va aholi uchun yaratilgan sharoitlarni koʻzdan
kechirdi. Shuningdek, Mirzo Ulugʻbek tumanida yangi bunyod etilgan “Pavilion”
savdo majmuasi faoliyati va imkoniyatlari bilan tanishib, majmua qurilish
materiallari bozorida yangi madaniyat, yangi sifat va yangi xizmat
standartlarini shakllantiradigan maskan boʻlishi kerakligini taʼkidladi.
Prezidentimizning
aprel oyida navbatdagi tashrif manzili goʻzal Fargʻona boʻldi. Bu yerda barpo
etilayotgan yangi turar joylar, tadbirkorlik, chorvachilik, qishloq xoʻjaligi,
sanoat tarmoqlariga investorlarni jalb etish yoʻlida amalga oshirilayotgan
loyihalar koʻlamini yurtimizda kechayotgan islohotlarning hududdagi koʻzgusi
deyish mumkin.
Mamlakatimiz
yetakchisi fargʻonaliklarning barcha islohotlarning oldingi safida boʻlishiga
ishonch bildirdi. Buni vodiy ahli koʻtarinki kayfiyatda qabul qildi. Ikki
kunlik tashrif Qoʻqon shahridagi “Yangi Oʻzbekiston” massivida bajarilayotgan
bunyodkorlik ishlari bilan tanishuvdan boshlandi. Qadimiy maskanda qad
rostlayotgan yangi massiv nafaqat uy-joy majmuasi, balki hududning iqtisodiy va
ijtimoiy qiyofasini oʻzgartiruvchi zamonaviy markaz sifatida shakllanmoqda.
Fargʻona
vodiysida Qoʻqon, Namangan, Andijon va Margʻilon shaharlarini bogʻlovchi yangi
elektropoyezd qatnovi yoʻlga qoʻyildi. Prezidentimiz jamoatchilik vakillari
bilan birga ushbu yoʻnalishdagi ilk poyezdda Qoʻqondan Margʻilon shahriga
keldi. Margʻilon shahrida “Burhoniddin Margʻinoniy” ilmiy-maʼrifiy va turizm
majmuasining tantanali ochilish marosimi boʻlib oʻtdi.
—
Biz ushbu majmuani aynan Margʻilon shahrida barpo etganimiz zamirida juda
chuqur tarixiy va hayotiy haqiqat mujassam. Bu tabarruk shahar koʻplab ilm va
maʼrifat egalarini voyaga yetkazgan. Tarixiy manbalarda aytilishicha, mazkur
qutlugʻ maskan “Maʼrifat ahlining vatani” degan yuksak sharafga sazovor
boʻlgan. Biz ana shunday qudratli maʼnaviy merosimizga tayanib, Margʻilon,
butun Fargʻona tarixining shon-sharaf kitobiga yangi sahifalar bitmoqdamiz. Bu
bilan har qancha faxrlansak, gʻururlansak arziydi, — dedi davlatimiz rahbari.
28-aprel
— tashrifning ikkinchi kuni Prezidentimiz ishtirokida Fargʻona viloyatini
ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish masalalari yuzasidan yigʻilish oʻtkazildi.
6
Umuman,
Prezidentimiz aprel oyida yigirmadan ortiq taqdimot va hisobotlar bilan
tanishdi. Xususan, oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar tizimini yanada
takomillashtirish, toʻlovga qobiliyatsizlik institutini takomillashtirish va
moliyaviy ahvoli ogʻir tadbirkorlik subyektlarini sogʻlomlashtirish boʻyicha
yangi yondashuvlar, soliq maʼmurchiligini takomillashtirish va soliq organlari
faoliyatini isloh qilishga doir taqdimotlar oʻtkazildi.
Bundan
tashqari, iqtisodiyotda davlat ishtirokini qisqartirish va xususiylashtirish
jarayonlarini jadallashtirish, jamoat xavfsizligini taʼminlash tizimini yanada
takomillashtirish, elektron tijoratni rivojlantirish va bond omborlar
faoliyatini yoʻlga qoʻyishga qaratilgan takliflar taqdimot qilindi.
“Yangi
Oʻzbekiston yoshlari — 2030” strategiyasi loyihasi, tashqi mehnat
migratsiyasini tartibli tashkil etish, fuqarolarni xorijdagi yuqori daromadli
ish oʻrinlariga tayyorlash va ularni har tomonlama himoya qilishga qaratilgan
chora-tadbirlar, yer resurslaridan yanada samarali foydalanishga qaratilgan
takliflar ham taqdimotlar mavzusini qamrab oldi.
Videoselektor
yigʻilishlarida esa uy-joy qurilishi va urbanizatsiya sohasida bajarilayotgan
ishlar, mavjud muammolar va kelgusidagi ustuvor vazifalar belgilab olingan
boʻlsa, mutasaddilar neft-gaz tarmogʻida barqaror ishlab chiqarish
koʻrsatkichlarini taʼminlash va moliyaviy-iqtisodiy samaradorlikni oshirish
boʻyicha koʻrilayotgan chora-tadbirlar, shuningdek, harbiy xizmatchilarni
ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash, rezerv va zaxiradagi ofitserlar tayyorlash
tizimini takomillashtirish, 9-may — Xotira va qadrlash kuniga tayyorgarlik
koʻrish yuzasidan davlatimiz rahbariga axborot berdi.
Prezidentimizning
7-aprel kuni Rossiya Federatsiyasi Federal Majlisi Federatsiya Kengashi Raisi
Valentina Matviyenko bilan telefon orqali muloqoti boʻlib oʻtdi. 15-aprel kuni
Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Administratsiyasi rahbarining birinchi oʻrinbosari
Sergey Kiriyenko boshchiligidagi delegatsiyani, 20-aprel kuni “INNOPROM.
Markaziy Osiyo” xalqaro sanoat koʻrgazmasida mamlakat delegatsiyasiga
boshchilik qilayotgan Rossiya Federatsiyasi Hukumati Raisining birinchi
oʻrinbosari Denis Manturovni qabul qildi.
Bundan
tashqari, aprel oyida mamlakatimiz uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish sohasi
hamda geologiya sohasi xodimlari kasb bayramini nishonladi. Davlatimiz rahbari
ularga tabrik yoʻlladi. Shuningdek, Samarqandda boʻlib oʻtgan “Jamoat
salomatligi va xavfsizligini taʼminlash maqsadida transmilliy narkotahdidlarga
qarshi kurashish” mavzusidagi xalqaro forum ishtirokchilarini qutladi.
7
Davlatimiz
rahbari raisligida 24-aprel kuni oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishi mamlakat
iqtisodiyotidagi hozirgi holat va ustuvor yoʻnalishlarni aniq belgilab bergani
bilan yanada ahamiyatli boʻldi. Unda joriy yil birinchi chorak yakunlari tahlil
qilindi, hududlar va tarmoqlar kesimidagi koʻrsatkichlar oʻzaro bogʻliq holda
koʻrib chiqildi, yil yakunigacha amalga oshirilishi lozim boʻlgan vazifalar
belgilab olindi.
Jumladan,
kelasi oy 2 milliard 400 million dollarlik davlat aktivlarining 30 foizi ilk
bor xalqaro fond bozorlariga chiqarilishi qayd etildi. Bu Milliy investitsiya
jamgʻarmasi tashkil etilib, 13 ta strategik korxona boshqaruvi nufuzli
“Franklin Templeton” kompaniyasiga berilgani bilan bogʻliq.
Mamlakatimiz
yetakchisi barcha darajadagi rahbarlar bugungi murakkab vaziyatda natija uchun
shaxsan masʼul ekanini taʼkidladi. Iqtisodiy oʻsishni taʼminlash,
inflyatsiyani jilovlash, ish oʻrinlari yaratish, eksportni koʻpaytirish,
investitsiya sifati va tadbirkorlar muammolarini hal qilish har bir rahbar
faoliyatining asosiy mezoni boʻlishi belgilandi.
8
Chexiya
Respublikasi Bosh vaziri Andrey Babish 29-30-aprel kunlari rasmiy tashrif bilan
mamlakatimizda boʻldi. Koʻksaroy qarorgohida tantanali kutib olish marosimidan
soʻng Oʻzbekiston Prezidenti va Chexiya Respublikasi Bosh vazirining tor
doirada va ikki mamlakat delegatsiyalari ishtirokida muzokaralari oʻtkazildi.
Oʻzbekiston
bilan Chexiya oʻrtasidagi amaliy hamkorlikning joriy holati va uni yanada
rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi. Uchrashuv avvalida mamlakatimiz
yetakchisi ushbu tashrif Oʻzbekiston — Chexiya munosabatlari tarixida sifat
jihatidan yangi bosqichni boshlab berishini alohida taʼkidladi. Barcha sohada
hamkorlik jadal rivojlanib borayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi.
Oʻzaro
savdo hajmini oshirishga alohida eʼtibor qaratildi. Tovar ayirboshlashni, shu
jumladan, mahsulot turlarini kengaytirish orqali 1 milliard dollarga yetkazish
vazifasi qoʻyildi.
Muzokaralar
yakunida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Chexiya
Respublikasi Bosh vaziri Andrey Babish Kengaytirilgan hamkorlikni ilgari surish
toʻgʻrisida qoʻshma deklaratsiyani imzoladilar.
Nodir MAHMUDOV,
“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri