Giyohvandlik vositalarining noqonuniy aylanmasiga qarshi kurashish yo‘nalishida Davlat xavfsizlik xizmatining Surxondaryo viloyati bo‘yicha boshqarmasi hamda viloyat Ichki ishlar boshqarmasi xodimlari hamkorligida tezkor tadbir o‘tkazildi.

Xususan, Afg‘onistondan 25 kg 444 gr “opiy” va 11 kg 86 gr “gashish” moddalari mamlakatimizga kontrabanda qilinganligi aniqlanib, ushbu zahri qotilning buyurtmachilarini qo‘lga olish bo‘yicha choralar ko‘rildi.

Natijada, nazorat ostida Samarqand shahriga yetkazilgan giyohvandlik vositalarini qabul qilib olgan vaqtlarida 1989 va 1997-yillarda tug‘ilgan 2 nafar mahalliy fuqaro hamda 1993 va 1995-yillarda tug‘ilgan 2 nafar xorijlik fuqaro ushlandi.

Davlat xavfsizlik xizmatining Surxondaryo viloyati bo‘yicha boshqarmasi va Chegara qo‘shinlari hamda Ichki ishlar va Bojxona organlari hamkorligida o‘tkazilgan boshqa tezkor tadbirda esa 1955 va 2001-yillarda tug‘ilgan 2 nafar Afg‘oniston fuqarosi Termiz xalqaro savdo markazida 1 kg 76 gr “opiy” moddasini shartli xaridorga 5 ming AQSh dollariga sotgan vaqtlarida qo‘lga olindi.

Aniqlanishicha, ular giyohvandlik vositalarini yashirin tarzda olib kelishda o‘z ichki organlaridan “jonli konteyner” sifatida foydalanishgan.

Hozirda har ikki holat bo‘yicha qonunbuzarlarga nisbatan Jinoyat Kodeksining 246-moddasi 2-qismi va 273-moddasi 5-qismi bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, “qamoq” ehtiyot chorasi qo‘llanildi. Tergov harakatlari olib borilmoqda.