Bu haqida Amerikaning USA Farm Labor kompaniyasi asoschisi va bosh direktori Manuel Fik birinchi Toshkent xalqaro migratsiya forumi doirasida maʼlum qildi.
Uning taʼkidlashicha, kompaniya Oʻzbekiston hukumati bilan hamkorlikda mamlakat fuqarolari uchun AQShdagi qishloq xoʻjaligi sohasida amal qiladigan «H-2A» dasturida ishtirok etish imkoniyatlarini kengaytirish ustida ish olib bormoqda.
Manvel Fikka koʻra, mazkur hamkorlik bir tomondan AQShdagi ish beruvchilar uchun ishchi kuchi yetishmasligi muammosini hal qilishga xizmat qilsa, ikkinchi tomondan oʻzbekistonlik fuqarolarga xorijda mehnat qilib, daromad topish va turmush sharoitini yaxshilash imkonini yaratadi.
Shu bilan birga, u AQShda mehnat huquqlarini himoya qilish boʻyicha kuchli tizim shakllanganini taʼkidladi. Qayd etilishicha, mamlakatda mehnatkashlar xavfsizligini taʼminlash, ekspluatatsiyaning oldini olish va inson savdosiga qarshi kurashishga qaratilgan qonunlar hamda mexanizmlar amal qiladi.
Uning soʻzlariga koʻra, AQShga mavsumiy qishloq xoʻjaligi ishlari uchun 10 oygacha muddatga boradigan oʻzbekistonlik ishchilar munosib mehnat sharoitlari va zarur huquqiy kafolatlar bilan taʼminlanadi.
Kompaniya rahbari ishchilar tomonidan olinadigan daromadlar ularning oilalari uchun muhim moliyaviy yordam boʻlishini, bu esa turmush farovonligini oshirishga xizmat qilishini bildirdi.
Shuningdek, mazkur hamkorlik iqtisodiy samara bilan birga ikki davlat oʻrtasida tajriba, bilim va kasbiy koʻnikmalar almashinuvini ham kuchaytirishi qayd etildi.
Manuel Fisk amerikalik ish beruvchilar Oʻzbekistondan yosh, mehnatkash va ingliz tilini biladigan malakali ishchilarni jalb qilishdan manfaatdor ekanini ham taʼkidladi.