Yangi standart budjet tashkilotlari, davlat maqsadli jamg‘armalari hamda boshqa byudjetdan tashqari jamg‘armalarda daromadlarni tan olish, baholash va moliyaviy hisobotlarda aks ettirish tartibini belgilaydi.

Hujjatga muvofiq, daromadlar ikki toifaga ajratiladi.

Birinchi toifa — majburiy kelishuvsiz operatsiyalar bo‘lib, ularga soliqlar, yig‘imlar, grantlar, xayriyalar va beg‘araz o‘tkazmalar kiradi.

Ikkinchi toifa esa majburiy kelishuv asosidagi operatsiyalar bo‘lib, davlat buyurtmalari, xizmat ko‘rsatish shartnomalari hamda grant yoki mablag‘ evaziga muayyan natijaga erishish nazarda tutilgan kelishuvlarni qamrab oladi.

Standartga ko‘ra, majburiy kelishuvsiz operatsiyalarda daromad pul mablag‘i yoki boshqa resurslar olinganda yoki ularga bo‘lgan huquq yuzaga kelganda tan olinadi. Agar mablag‘ bilan bog‘liq majburiyat mavjud bo‘lsa, daromad ushbu majburiyat bajarilishi jarayonida e’tirof etiladi.

Majburiy kelishuv asosidagi operatsiyalarda esa daromad mablag‘ kelib tushgan vaqtda emas, balki shartnoma bo‘yicha majburiyat bajarilganda yoki uning bajarilish jarayonida tan olinadi. Soliq daromadlari esa soliqka tortiladigan hodisa sodir bo‘lgan paytdan hisobga olinadi.

Mazkur standart daromadlarni to‘g‘ri tasniflash, o‘z vaqtida tan olish, haqqoniy baholash hamda ularni xalqaro buxgalteriya hisobi standartlari talablariga muvofiq moliyaviy hisobotlarda aks ettirishni ta’minlashga xizmat qiladi.